O‘zbekiston | 09:36 / 04.02.2023
8131
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona, Andijon va Samarqandda narkotik moddalar musodara qilindi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Farg‘ona, Andijon va Samarqand viloyatlarida narkotik moddalar musodara qilindi.

Videodan kadr

DXX xabariga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi fuqaro o‘z jinoiy sherigi bo‘lgan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida istiqomat qiluvchi shaxs bilan, muqaddam tojikistonlik narkokur’yerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelinib, Namangan viloyati Pop tumani hududiga yashirib ketilgan 1 kg 841 gr “gashish” moddasini qabul qilib olib, yo‘lovchi avtomashinada Oltiariqda harakatlanayotgan vaqtida DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi. 

Mazkur fuqarolar muqaddam sodir etgan o‘g‘irlik jinoyatlari uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tagan bo‘lsa-da, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan. 

DXX xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqaro Qirg‘izistondan olib kelingan 964 gr “gashish” moddasini 8 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.

Bu yo‘nalishda DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat IIB bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazishdi. 

Buloqboshi tumanida yashovchi ikki fuqaro Xo‘jaobod tumanida 630 gr “gashish” moddasini 5800 AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Ushbu holatda ajal og‘usi Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali Xo‘jaobod tumani hududiga o‘tkazilgan.

Samarqand shahrida kuzatilgan holatda esa Toyloq tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan fuqaro 352 gr “opiy” moddasini 5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo va Samarqand viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Ushbu narkotik modda Tojikistondan olib kelingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid