O‘zbekiston | 12:13 / 04.02.2023
22797
4 daqiqa o‘qiladi

Bolalarga jinsiy zo‘ravonlik qilganlar afv etilmasligi, muddatidan avval shartli ozodlikka chiqarilmasligi kerak – Bolalar ombudsmani

Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova pedofillarga beriladigan jazoni kuchaytirish orqali bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlariga barham berilishini ta’kidladi.

Aliya Yunusova / Foto: Kun.uz

“Yangihayot tumanidagi 12 yashar qizning ayanchli o‘limi barchani chuqur qayg‘uga soldi. Internet olamidagi muhokamalar, xalqning g‘azabi va albatta yoshgina qizaloqning nobud bo‘lgani mamlakatimizda bolalar xavfsizligi to‘liq ta’minlanmaganligini ko‘rsatadi.

Bu holatda qizcha begona shaxs tomonidan zo‘ravonlikka uchragan. Shaxsan menga yuborilayotgan murojaatlar orasida oila a’zolari, buvasi, o‘gay akasi yoki o‘gay otasi tomonidan muntazam jinsiy zo‘ravonliklarga uchrayotgan bolalar ham topiladi. Hatto 4–9, 10–14 yoshli bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonliklar amalga oshirilyapti. Albatta bu juda achinarli holat. Bunday murojaatlarni o‘qish juda og‘ir. Axir bolalar himoyaga muhtoj-ku. Bu holatlarni o‘zimiz nazoratga olib, Bosh prokuraturaga rasmiy xat bilan murojaat qilyapmiz”, deb yozadi Aliya Yunusova.

Qayd etishilishicha, O‘zbekiston 1995 yil 31 avgustda «1966 yil 16 dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga doir fakultativ bayonnoma”ga qo‘shilgan. Ushbu hujjatga asosan mamlakatimizda o‘lim jazosi bekor qilingan va bu davlatimizning xalqaro majburiyati hisoblanadi.

Aliya Yunusova bolalarga nisbatan qo‘llanadigan jinsiy zo‘ravonliklarga beriladigan jazo turini kuchaytirish orqali yuqoridagi holatlarga barham berish mumkinligini, shu bois Bola huquqlari bo‘yicha vakil bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxslarga eng og‘ir jazo turi qo‘llanishi hamda ularga hech qanday amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilish, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanmasligi kerak degan pozitsiyada turganini alohida ta’kidlagan.

“Bolalar ombudsmani murojaatlar tahlili va o‘tkazgan o‘rganishlari davomida takliflar tayyorlab, tegishli tashkilotlarga yuborilgan. Bundan tashqari, bolalarga yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, aniqlagan kamchiliklar bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Lekin shu bilan birgalikda, bolalar shaxsan o‘zlari Bolalar ombudsmaniga murojaat yuborishlari uchun qisqa ishonch telefonlari faoliyatini zudlik bilan yo‘lga qo‘yish lozim.

Bog‘cha, maktab va boshqa muassasalarda bolalarning ruhiy holatini o‘rganadigan mutaxassislar soni va malakasini oshirish kerak. Sudya, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va advokatlarning bola huquqlari kafolatlari bo‘yicha ixtisoslashuvini kuchaytirishimiz zarur.

Bolalarning ham zo‘ravonlikka uchraganda, oila a’zolari tomonidan tahqirlanganda yoki boshqa holatlarda imo-ishora bilan xabar berish bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish kerak.

Aslida bu kabi voqealar bizga bolalar himoyasini yanada mustahkamlashga undashi va mas’uliyatimizni yanada oshirishi, ushbular orqali, bolalarni, ularning huquqlari himoyalangan va xavfsizligi ta’minlangan jamiyatda yashashini ta’minlashimiz kerak”, deyiladi Bolalar ombudsmani tomonidan e’lon qilingan rasmiy munosabatda.

Mavzuga oid