O‘zbek-qirg‘iz fondi kredit ajratish uchun mukofot so‘rayotgani aytildi
Qirg‘izistonlik deputat oddiy odamlar bu jamg‘armadan kredit ololmasligini aytdi.
Boshqa davlatlar bilan tuzilgan investitsiya fondlari faqat ma’lum bir mukofot evaziga kredit ajratmoqda. Bu haqda Qirg‘izistonning xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi yig‘ilishida deputat Ulan Bakasov gapirdi. U Abu-Dabi bilan holding kompaniyasini tashkil etish haqidagi kelishuvni ratifikatsiya qilish chog‘ida shu so‘zlarni aytdi.
«Rossiya-Qirg‘iziston taraqqiyot fondi (RQTF), O‘zbek-qirg‘iz fondi va boshqalar arizachidan mukofot talab qilmoqda. Oddiy odam ulardan kredit ololmaydi. Arizani tasdiqlash uchun jamg‘arma rahbarlariga haq to‘lash kerak. Bundan tashqari, ular faqat sherik davlatdan mahsulot xarid qilishni talab etmoqda. Misol uchun, RQTF faqat Rossiya materiallarini, O‘zbek-qirg‘iz fondi faqat o‘zbek materiallarini sotib olishni talab qilyapti. Bizning so‘rovimizga javob berishmadi», dedi Ulan Bakasov.
Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Doniyor Amangeldiyev xalq deputati aytgan ma’lumotlarni tekshirishga va’da bergan. «Bizning jamg‘armalar kengashida o‘z vakillarimiz bor. Ma’lumotlaringizni tekshirib ko‘ramiz», deb javob berdi u.
O‘zbek-qirg‘iz taraqqiyot fondi 2021 yilda tashkil etilgan. Ustav kapitali 50 million dollar bo‘lib, O‘zbekiston tomonidan kiritilgan. Jamg‘arma quyidagi sohalarda investitsiya kiritishni maqsad qilgan: agrosanoat kompleksi; tikuvchilik va to‘qimachilik sanoati; ishlab chiqarish sanoati; kon-metallurgiya sanoati; transport; uy-joy qurilishi; savdo; tadbirkorlikni rivojlantirish; energetika kompleksi; infratuzilmani rivojlantirish; turizmni rivojlantirish.
Mavzuga oid
22:01 / 12.11.2024
Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga tayyorgarlik ko‘rgan yetti kishi qo‘lga olindi
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024