“Shaxsiy brendini yaratsa, xalqning o‘zi boqadi” - sog‘liqni saqlash vaziri shifokorlar oyligi haqida
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov korrupsiyaga qarshi kurashish haqida gapirdi. Jurnalist buning uchun oyliklarni oshirish kerakligini aytdi. Bunga javoban vazir shifokorlarga kutilmagan maslahat berdi: “Agar bemorni mehr bilan davolasangiz, rozi bo‘lib, o‘zi sizga barakasini berib ketadi”.
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Farg‘ona viloyatida tibbiyot sohasi va OAV vakillari bilan uchrashuvda korrupsiya masalasida gapirib o‘tdi.
Internetda tarqalgan videodan ko‘rinishicha, jurnalistlardan biri korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tashabbus bildirgani uchun vazirga minnatdorchilik bildirgan holda, o‘z fikrini aytgan: “Korrupsiyani yo‘qotish uchun avvalo xodimga yaxshi sharoit qilib qo‘yish kerak, yaxshi oylik bilan ta’minlash kerak”.
Vazir jurnalistning bu gapida jon borligini ta’kidlash barobarida, tibbiyot sohasidagi oyliklar masalasiga to‘xtalgan.
“To‘g‘ri, gapingizda jon bor. Biz rivojlanayotgan davlatmiz. Shifokorlarimizning oyligini hammasini birdaniga 2 ming, 3 ming, 5 ming dollar qila olmaymiz. Maktablarimiz bor... Muammo ko‘p. Lekin bu sekin-asta bo‘lyapti”, – degan Inoyatov.
SSV rahbari sog‘liqni saqlash tizimidagi rahbar xodimlarning maoshi haqida gapirib, shu yerda o‘tirgan rahbar-shifokorlardan biridan “qo‘liga oladigan” oyligi qanchaligini so‘ragan.
“5,5 mln? Bemor ham ko‘rasizmi? Shu bemorni agar mehr bilan davolab, to‘g‘ri yondashsangiz, (men ham operatsiya qilaman), rozi bo‘lib o‘zi sizga barakasini berib ketadi. So‘ramasangiz ham. To‘g‘rimi? So‘ramasangiz ham o‘zi berib, xursand bo‘lib ketadi.
Ochiq-oydin aytyapman. Men uchun buni vazir sifatida aytish qanchalik to‘g‘ri, lekin men ochiq aytyapman”, – degan u.
Amrillo Inoyatov rahbar-shifokorning 5,5 mln so‘m oyligi va unga qo‘shimcha bemorlar beradigan haqni qo‘shganda yetarlicha summa chiqishiga ishonch bildirgan.
“Yetmaydimi? Mana savol. Yetmaydimi degan savolni o‘zimizga o‘zimiz berishimiz kerak.
Gar qanoat birla bo‘lsang barqaror,
Dunyoda hech bo‘lmagaysan xor-u zor, deydi.Odam sabrli bo‘lib, qanoat bilan, o‘zining ustida ishlab, o‘zining brendini yaratsa, zo‘r mutaxassis qilib o‘zining shaxsiy brendini yaratsa, xalq shunday boqadiki... Eh-he, jonajon xalqimizning o‘zi oyog‘ingizni yerga tekizdirmasdan olib yuradi”, – degan sog‘liqni saqlash vaziri.
U tibbiyot xodimlari “bir yil, ikki yil, besh yildan keyin 5-10 ming dollar oladigan kun kelishi” mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
“Buning uchun har bir tashkilotning o‘zining rahbarida gap ko‘p. Nima uchun bunday deyapman. Mana, rektor oldimizda o‘tiribdi, bu kishi yaxshiroq biladi. Men 5-6 yil oldin xuddi shunaqa rektor bo‘lib ishlagan paytimda xodimlarim... bugun 10 milliondan 20, 25, 30 million so‘mgacha oylik olyapti. Shunaqa pul topish yo‘llarini qilib berganman. Rasmiy pul topamiz va shundan ishiga qarab, taqsimotini qilamiz. Marhamat, bu vakolat hamma rahbarga berilgan. Bu rahbarning shaxsi bilan bog‘liq-da”, – degan Inoyatov.
Vazir so‘zining yakunida yana bir bor rahbarlar “toza” bo‘lishi kerakligiga urg‘u bergan.
“Juda ham to‘g‘ri savol berdingiz. Uning uchun rahbar to‘g‘ri ishlashi kerak-da! Rahbar toza bo‘lishi kerak. O‘zidan boshlashi kerak. O‘zi namuna bo‘lishi kerak. Hamma parametr bo‘yicha”, – degan SSV rahbari jurnalistga qarata.
Mavzuga oid
17:20 / 17.12.2024
Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
12:00 / 11.12.2024
Netanyahu korrupsiya bo‘yicha ish yuzasidan sudda ko‘rsatma berishni boshladi
21:00 / 09.12.2024
200 dollarlik fotosurat, “ish bitirgan” kurka bolalari va qo‘shmachining “tanka”si – noodatiy poralar
15:56 / 08.10.2024