Soni ortgan oqlov, erkinlashgan sudyalar va ishi qayta ko‘rilgan qatag‘on qurbonlari – sud tizimi o‘zgardimi?
2007-2015 yillarda sudlar tomonidan atigi 110 nafar shaxs oqlangan bo‘lsa, 2016-2022 yillarda 4 740 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan.
Sud tizimini isloh qilish, sudyalar mustaqiligini ta’minlash, fuqarolarning ushbu organga ishonchini qaytarish prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan buyon ilgari surib kelayotgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 2016 yili o‘tkazilgan prezidentlik saylovidayoq o‘z saylovoldi dasturida sud tizimida tub o‘zgarishlarni amalga oshirishga bel bog‘lagan, saylovoldi chiqishida sudlar tomonidan oqlov hukmi chiqarilmayotganini tanqid qilgandi.
“Eng achinarlisi, keyingi yillarda sudlar tomonidan birorta ham oqlov hukmi chiqarilmagan. Bundan biz, barcha tergov organlari xatosiz va juda sifatli darajada ishlayapti, degan xulosaga kelishimiz mumkinmi? Yo‘q, albatta”, — ta’kidlagandi Shavkat Mirziyoyev.
Shavkat Mirziyov jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga yuborish amaliyoti odil sudlovning mohiyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini aytarkan, sud yoki oqlov, yoki qoralov hukmini uzil-kesil chiqarishi kerakligini bildirgandi.
Prezidentlikka saylanganidan so‘ng 2017 yilning dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimida so‘zlagan ma’ruzasida Shavkat Mirziyoyev 10 oy davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgani, bungacha mazkur holat sudlar faoliyatida o‘ta kam uchraydigan hodisa bo‘lganini alohida qayd etgandi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra 2007-2015 yillarda sudlar tomonidan 688 354 nafar shaxsga nisbatan 498 730 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, atigi 110 nafar shaxs oqlangan bo‘lsa, 2016-2022 yillarda 421 468 nafar shaxsga nisbatan 324 463 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan va shundan 4740 nafar shaxs oqlangan. Ya’ni so‘nggi olti yilda chiqarilgan oqlov hukmlari oldingi davr bilan solishtirganda 43 barobarga ko‘paygan.
Shuningdek 2023 yil yanvar oyida 6 329 nafar shaxsga nisbatan 5 137 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan va shundan 50 nafar shaxs oqlangan.
Xorazm viloyat sudi raisining jinoyat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Bakdurdiyevga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 2022 yil davomida jami 1 912 nafar shaxsga nisbatan 1 486 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan. Shu davrda 141 nafar shaxs qamoqdan ozod etilgan. Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan 952 nafar shaxslar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan. Barcha instansiyalarda 12 nafar shaxsga nisbatan 8 ta jinoyat ishi bo‘yicha oqlov hukmi chiqarilgan.
Birgina misol. 1986 yilda tug‘ilgan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan erkak “Telegram” messenjeridagi O‘zbekistonda ekstremistik va terroristik axborot resurslari deb topilgan bir qator kanal va guruhlarga a’zo bo‘lishda, aqidaparastlik g‘oyalari bilan audio fayllarni mobil telefoni xotirasida tarqatish maqsadida saqlaganlikda ayblanib qo‘lga olinadi. 2022 yilning 4 oktyabridan 2023 yilning 30 yanvariga qadar qamoqda saqlangan, Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244-1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan ayblangan fuqaro jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi bilan oqlangan.
Oqlov hukmiga sud majlisida ayblanuvchining aybi tasdiqlanmagani, harakatida jinoyat tarkibi aniqlanmagani, fuqaro taqiqlangan diniy ma’ruzalarni tarqatish niyati bo‘lmagani, ularni boshqalarga tarqatganiva tarqatish maqsadida saqlagani aniqlanmagani asos qilib keltirilgan.
Yana bir holat. Aybi dalillar bilan isbotlanmagan bo‘lsa-da, jinoiy javobgarlikka tortilganlar qashqadaryolik yigit gumonlanuvchi sifatida qamoqqa olinganida Samarqand shahar ko‘p tarmoqli oilaviy bolalar poliklinikasida shifokor bo‘lib ishlagan.Aniqlanishicha, mazkur ish bo‘yicha sudlangan shaxs 2019 yil mart oyi o‘rtalarida bir fuqaroning farzandini ushbu shifokor orqali Samarqand davlat universitetining jismoniy tarbiya fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, 4000 dollar olgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2021 yil 26 fevraldagi hukmiga ko‘ra, qashqadaryolik shifokor oqlangan. Chunki uning pora berish va firibgarlik jinoyatlariga aloqasi bo‘lmagan. Ayblov faqat og‘zaki ko‘rsatmalarga asoslangan, uning aybi dalillar bilan isbotlanmagan.
Aslida bunday misollarni yana keltirish mumkin. Sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlar natijasida nohaq ayblangan ko‘plab fuqarolar nohaq ayblov qurboni bo‘lib, umrini panjara ortida o‘tkazishdan forig‘ bo‘lishdi.
Ahamiyatlisi, oqlov hukmlari nafaqat zamondoshlarimizga nisbatan, balki sobiq ittifoq davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan ajdodlarimizga nisbatan ham qo‘llanila boshladi. Uzoq yillar tabuda bo‘lgan bu ishlarga Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ruxsat berilgani ham bejiz emas. Davlat rahbari mustabid tuzum davrida yurt ozodligi uchun kurashgan 100 mingdan ortiq vatandoshlar qatag‘onga uchragan, “xalq dushmani” degan tuhmat bilan shafqatsiz otib tashlangan, surgun qilinib, azob-uqubatlarga duchor etilgan,oilalari parokanda bo‘lib, mol-mulklari tortib olingan qatag‘on qurbonlari haqida fikr bildirarkan, “ularning “aybi” – buyuk bo‘lgani”ni aytgandi.
Shundan so‘ng «Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoyishi asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida aniqlangan, ayrim sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatag‘on qurbonlari nomlarini oqlash yuzasidan taklif kiritilgandi.
2021 yilning 25 avgust kuni O‘zbekiston Oliy sudi sovet davrida qatag‘on qilingan 115 nafar o‘zbekistonlikni oqladi. 2022 yil 6 yanvar kuni Oliy sudda qatag‘on qurbonlarining navbatdagi guruhi – 120 kishi, shu yil 19 dekabr kuni 173 kishi oqlandi.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024