O‘zbekiston va Afg‘oniston «Hayraton - Mozori Sharif» temiryo‘lidan foydalanish bo‘yicha yangi kelishuv tuzdi
Termizda Afg‘oniston temiryo‘l boshqarmasi va «Sogdiana trans» o‘rtasida «Hayraton-Mozori Sharif» temiryo‘lida ekspluatatsiya ishlarini davom ettirish to‘g‘risida yangi kelishuv imzolandi. Yangi kelishuvga ko‘ra, «Sogdiana trans» «Hayraton-Mozori Sharif» temiryo‘liga yana 2 yil xizmat ko‘rsatadigan bo‘ldi.
12 fevral kuni Afg‘oniston temiryo‘l boshqarmasi va «Sogdiana trans» ShK o‘rtasida «Hayraton-Mozori Sharif» temiryo‘lida ekspluatatsiya ishlarini davom ettirish to‘g‘risida yangi kelishuv imzolandi. Bu haqda «O‘zbekiston temiryo‘llari» matbuot xizmati xabar qildi. Yangi kelishuvga ko‘ra, «Sogdiana trans» ikki yil davomida o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Bundan tashqari, tomonlar birgalikda «Mozori Sharif» bekatiga yuklarni yetkazib berishni tezlashtirishni kelishib olgan. Shuningdek, Afg‘oniston temiryo‘llari boshqarmasining mahalliy mutaxassislarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan.
10−11 fevral kunlari Afg‘onistonga 714 ta yuk vagoni yetkazilgan. Bugungi kunga qadar yuklarni yetkazib berish davom etmoqda», — deyiladi «O‘zbekiston temiryo‘llari» matbuot xizmati xabarida.
Joriy yil 1 fevralidan O‘zbekistondan Afg‘onistonga temiryo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatilgandi. «O‘zbekiston temiryo‘llari» bunga ikki davlat o‘rtasida tuzilgan shartnoma o‘z vaqtida bajarilmagani sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
8–10 fevral kunlari Termizda Afg‘oniston temiryo‘llari boshqarmasi delegasiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uning natijasida Afg‘oniston temiryo‘l boshqarmasi va «Sogdiana trans» ShK o‘rtasida Hayraton−Mozori Sharif temiryo‘lini ekspluatatsiya qilishni kelgusida davom ettirish bo‘yicha yangi shartnoma imzolashga kelishildi va ikki davlat o‘rtasida yuk tashuvi tiklandi.
Uzunligi 75 km, loyiha qiymati 129 mln dollar bo‘lgan «Hayraton – Mozori Sharif» temiryo‘li «O‘zbekiston temiryo‘llari» tomonidan 2010 yil noyabr oyida qurib bitkazilgan. Uni boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini 2011 yil dekabridan beri «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ shu’ba korxonasi «Sogdiana trans» amalga oshirib kelmoqda.
O‘tgan 12 yil davomida Afg‘oniston temiryo‘llari loyihadan 315 mln dollar qiymatida daromad olgan. Bundan tashqari, ushbu temiryo‘l liniyasi orqali Afg‘onistonga bir necha ming tonnalab gumanitar yordam, oziq-ovqat, neft, bug‘doy, metall va xalq ehtiyoji uchun boshqa zarur tovarlar va sanoat mahsulotlari yetkazib berilgan.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
22:45 / 02.11.2024