O‘zbekiston | 20:14 / 13.02.2023
33085
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistondagi barcha neft-gaz konlariga oid eksklyuziv huquq Rossiyaga berilgani yolg‘on” - vazir

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “O‘zbekneftgaz” raisi Mehriddin Abdullayev jurnalistlar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashib, neft-gaz sohasi bo‘yicha “Ozodlik” radiosi e’lon qilgan surishtiruvga oid savollarga javob berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Uchrashuvda Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston barcha neft va gaz konlariga tegishli eksklyuziv huquq Rossiyaga berilgani haqidagi ma’lumotni rad etdi.

“Bu – umuman asossiz, yolg‘on, noto‘g‘ri talqin qilingan ma’lumot. Ekspluatatsiyadagi konlarning asosiy qismi “O‘zbekneftgaz” kompaniyasida”, – dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 35 yillik eksklyuziv huquq faqatgina Surxondaryoning Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” nomli konga taalluqli.

“O‘zbekistonda hozirgi kunda 250 dan ortiq neft va gaz konlari bo‘lsa, bu – shu konlardan bittasi. Hozirgi kunda investorlar tomonidan to‘liq o‘zlarining hisobidan – budjetdan xarajat yoki davlat kafolati yo‘q – yuz foiz investorlar hisobidan amaliy ishlar olib borilyapti”, – dedi Mirzamahmudov.

Vazirning aytishicha, kondan olingan foydani investor va davlat o‘zaro 50/50 nisbatda taqsimlashga kelishgan. Bitim kuchga kirganidan boshlab 35 yil davomida amal qiladi.

“Nimaga 35 yil degan savol tug‘ilishi mumkin. Bizdagi mahsulotni taqsimlash bitimlaridan 5 tasining muddati 25 yildan 42 yilgacha. Masalan, Qandimdagi kon bo‘yicha “Lukoyl” bilan bitim muddati – 42 yil, sababi buning 8 yili geologik qidiruv ishlarini o‘z ichiga oladi.

“Mustaqillikning 25 yilligi” (avvalgi nomi “Gadjak”) koni bo‘yicha shartnoma 35 yilga tuzilgan, shundan 8 yili – geologik qidiruv ishlari”, – dedi u.

Energetika vazirligi rahbari kelishuv nusxasini ko‘rsatar ekan, taqdim etilgan eksklyuziv huquq faqatgina shartnomada belgilangan loyiha hududiga taalluqli bo‘lishi haqidagi bandni keltirib o‘tdi. 2017 yil apreldagi kelishuvga O‘zbekiston Respublikasi nomidan sobiq bosh vazir o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov imzo qo‘ygan.

“Mustaqillikning 25 yilligi” konini o‘zlashtirish va undan mahsulot qazib olish loyihasi 2017 yilda boshlangan. Bunda O‘zbekiston Respublikasi bir tomondan, investorlar konsorsiumi ikkinchi tomondan shartnoma imzolagan.

Konsorsium uchta kompaniyadan iborat: “Gas Project Development Central Asia AG” (Shveytsariya), “Altmax Holding Ltd” (Kipr) va “Uzneftegazdobicha” AJ (O‘zbekiston, davlat korxonasi).

Uchrashuvda ma’lum qilinishicha, bu kon Surxondaryoning noqulay relefga ega Boysun tog‘larida joylashgan. U 1960 yillarda aniqlangan bo‘lsa-da, murakkabligi bois uzoq vaqt davomida o‘zlashtirishning imkoni bo‘lmay kelgan.

2006 yilda Malayziyaning Petronas va Saudiya Arabistonining Delta Oil kompaniyalari konni o‘rganishga kirishgan. Lekin konning murakkab geologik tuzilishi, gaz tarkibida oltingugurt va uglevodorod oksidi miqdori yuqoriligi sabab 2013 yilda loyihadan chiqqan.

Qo‘shimcha qilinishicha, 2017 yildagi kelishuv asosida boshlangan gaz va gaz kondensati qazib olishga tayyorgarlik jarayoni 8-10 yil davom etishi mumkin.

Mavzuga oid