Jahon | 21:14 / 14.02.2023
30776
3 daqiqa o‘qiladi

Tu-160 bombardimonchi samolyoti loyihasida ishlagan rossiyalik muhandis AQShga qochdi 

Rossiyaning muhim harbiy sirlaridan xabardor bo‘lgan muhandis Qo‘shma Shtatlardan boshpana so‘radi. 

Foto: A

Tu-160 strategik bombardimonchi samolyoti loyihasi ustida ishlagan rossiyalik muhandis Qo‘shma Shtatlardan boshpana so‘radi, deb xabar berdi Yahoo News AQSh bojxona va chegarani himoya qilish xizmati hisobotiga tayanib. 

Hujjatga ko‘ra, 2022 yil dekabr oyi oxirida rossiyalik muhandis oilasi bilan zirhli yo‘ltanlamasda AQSh-Meksika chegarasiga yetib borgan va mamlakatga kirishga ruxsat so‘ragan. U qamoqdagi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlagani va Putinga qarshi namoyishlarda qatnashgani uchun ta’qiblardan qo‘rqishini aytgan. Shuningdek, hisobotga ko‘ra, u «Rossiyaning juda qattiq himoyalanadigan harbiy sirlarini» oshkor qilishni taklif etgan. 

Erkakning aytishicha, u Qozon shahridagi «Tupolev» aviatsiya zavodida muhandis bo‘lib ishlagan, u yerda 2018-2021 yillarda Tu-160 strategik bombardimonchi samolyoti loyihasi bilan shug‘ullangan. 

Jurnalistlarning ta’kidlashicha, hisobotda Rossiya fuqarosining barcha shaxsiy ma’lumotlari, uning harbiy sirlarni xorijiy davlatga berish taklifi oshkor yozilgani o‘ta g‘alati va misli ko‘rilmagan holat. Nashrning o‘zi unga xavf tug‘dirmaslik uchun muhandisning ismi-sharifini oshkor qilmagan. 

Yahoo News ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Milliy xavfsizlik departamenti qariyb bir yarim hafta davomida erkak shaxsi va uning sobiq ish joyini aniqlash bilan shug‘ullangan. 11 yanvar kuni u ishonchli va Qo‘shma Shtatlar manfaati uchun muhim deb topilgan. Shundan so‘ng, keyingi so‘roqlar uchun FQB xodimlariga berilgan. 

Tu-160 tovushdan tez strategik bombardimonchi-raketa tashuvchisi 1970 yillarda «Tupolev» konstruktorlik byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Uning ilk parvozi 1981 yilda bo‘lib o‘tdi, 1987 yilda bombardimonchi SSSR Harbiy-havo kuchlari xizmatiga olindi. 

2018 yilda Qozondagi samolyot zavodi eski chizmalar asosida yangi Tu-160 samolyotini ishlab chiqardi. 2022 yilda ikkita Tu-160M bombardimonchi samolyoti uzoq masofali aviatsiya tarkibiga kirdi. 

Mavzuga oid