Jahon | 13:06 / 16.02.2023
9269
2 daqiqa o‘qiladi

Chilida Pablo Nerudaning o‘limi sabablari haqida hisobot taqdim etildi

Mutaxassislar Chili diktatori Augusto Pinochetning raqibi zaharlangan degan xulosaga kelishdi. Harbiy xunta tomonidan berilgan o‘lim haqidagi guvohnomada Neruda prostata saratonidan vafot etgani aytiladi.

Pablo Neruda / Foto: Getty Images

Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori chililik Pablo Nerudaning sirli o‘limidan 50 yil o‘tib, ekspertlar guruhi diktator Augusto Pinochetning taniqli raqibi zaharlangani haqida hisobot e’lon qildi. O‘n yildan ko‘proq vaqt oldin boshlangan tadqiqotga rahbarlik qilgan sudya Paola Plasa ekspertlar xulosalarini o‘rganishini aytdi.

Chilining sotsialistik prezidenti Salvador Alendening do‘sti Pablo Neruda general Pinochet boshchiligidagi harbiy to‘ntarishdan 12 kun o‘tib, 1979 yil 23 sentabrda 69 yoshida vafot etgan. Harbiy xunta tomonidan berilgan o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomada Neruda saratondan vafot etgani aytiladi, ammo bu xulosa uzoq vaqtdan beri jiddiy shubha ostida. 
 
2013 yilda Nerudaning haydovchisi Manuel Arayya 1971 yilgi Nobel mukofoti sovrindori Meksikaga rejalashtirilgan safari arafasida sirli infeksiyadan vafot etganini, Meksikada esa u Chili muxolifati safida Pinochetga qarshi kurashmoqchi bo‘lganini ma’lum qildi. Nerudaning o‘limi sabablariga oydinlik kiritish uchun Chili adliya idoralari 2013 yilda yozuvchining jasad qoldiqlarini eksgumatsiya qilishga qaror qilgan. 2017 yilda bir guruh xalqaro ekspertlar Neruda saraton kasalligidan o‘lmagan degan xulosaga kelishdi, ammo keyinchalik o‘limning asl sababini aniqlay olmadilar. 

Endi, ekspertlar guruhi Pablo Neruda jasadi qoldiqlarida halokatli Clostridium botulinum bakteriyasini topdi - klostridiylar turining anaerob gramm-musbat bakteriyasi. U botulizm qo‘zg‘atuvchisi bo‘lib, botulinik toksindan kelib chiqadigan og‘ir oziq-ovqat zaharlanishiga va asab tizimi yo‘q qilinishiga olib keladi.

Mavzuga oid