Ikki kunda Turkiyaning zilzila sodir bo‘lgan hududlaridan 17 nafar o‘zbekistonlik Toshkentga evakuatsiya qilindi
O‘zbekistonliklarning barchasi zilzila oqibatida pulsiz va hujjatsiz qolgan bo‘lib, ularga O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi tomonidan hujjatlar rasmiylashtirilgan va aviachiptalar xarid qilingan.
Turkiyaning zilzila sodir bo‘lgan hududlarida murakkab vaziyatga tushib qolgan 17 kishi O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi. Jumladan, 15 fevral kuni 12 kishidan iborat 4 oila vakillari vatanga qaytarilgan. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar bergan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston fuqarolarining 2 nafari Qahramonmarash, 6 nafari Hatoy, 2 nafari Adiyaman, yana 2 nafari G‘oziantep viloyatlaridan Istanbulga evakuatsiya qilingan. So‘ngra zilzila oqibatida pulsiz va hujjatsiz qolgan ushbu fuqarolarga hujjatlar rasmiylashtirilgan hamda aviachiptalar sotib olib berilgan.
Shu kuni yana zilziladan jabrlangan 4 nafar vatandosh O‘zbekistonga qaytarilgan. Bosh konsulxonaning ta’kidlashicha, evakuatsiya qilinganlarning biri Qahramonmarash universiteti talabasi bo‘lgan.
Anadolu axborot agentligi Turkiyadagi universitetlarda yozgacha ta’til e’lon qilingani, talabalar bu vaqtda masofadan ta’lim olishi haqida xabar bergandi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning topshirig‘iga ko‘ra universitetlar yotoqxonalari zilziladan jabrlanganlarga vaqtincha boshpana vazifasini o‘taydi.
14 fevral kuni G‘oziantep shahrida pul va hujjatlarsiz qolib ketgan yana bir o‘zbekistonlik ayolning Istanbulga yetib kelishi va O‘zbekistonga uchib ketishiga yordam ko‘rsatilgan. Unga ham aviachiptalar O‘zbekistonning Turkiyadagi Bosh konsulxonasi tabiiy ofat oqibatini bartaraf etish uchun ochilgan maxsus hisobraqamidan xarid qilingan.
12 fevralda Turkiyaning zilzila sodir bo‘lgan hududlaridan 6 nafar o‘zbekistonlik vatanga evakuatsiya qilingandi.
Avvalroq Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi Turkiyaning Hatoy viloyatidan 11 nafar o‘zbekistonlik va 6 nafar qirg‘izistonlik maxsus samolyotda Toshkentga evakuatsiya qilingani haqida xabar bergandi.
Eslatib o‘tamiz, shu paytgacha Turkiyadagi zilzila oqibatida O‘zbekistonning 3 nafar fuqarosi halok bo‘lgan. Vayronalar orasida 3 nafar vatandosh qutqarib olingan bo‘lsa, bedarak yo‘qolgan o‘ndan ziyod o‘zbekistonlik qidirilmoqda.
Mavzuga oid
17:29 / 18.11.2024
Bloomberg: Erdo‘g‘an Rossiya-Ukraina urushini muzlatib qo‘yish rejasini tayyorladi
21:47 / 17.11.2024
Yaponiya qirg‘oqlarida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
21:10 / 17.11.2024
Turkiya Isroil prezidentining samolyotini o‘z havo hududiga kiritmadi - OAV
11:53 / 13.11.2024