Jahon | 20:06 / 21.02.2023
36579
10 daqiqa o‘qiladi

«Surovikin qo‘mondonligida o‘q-dori muammo emasdi». Prigojin Shoyguga qarshi ittifoq to‘plamoqda

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari va Rossiya mudofaa vazirligi rahbariyati o‘rtasidagi mojaro yangi bosqichga chiqdi. O‘z otryadlaridagi o‘q-dori taqchilligi muammosini tor doiralarda hal qila olmagan Yevgeniy Prigojin mudofaa vaziri Sergey Shoyguga qarshi ochiq kampaniya boshladi, u imkon qadar ko‘proq ittifoqchilarni atrofiga to‘plashga harakat qilmoqda: Checheniston rahbaridan tortib 2014 yildan buyon Ukraina sharqida jang qilib kelayotgan odamlargacha.

Foto: REUTERS/SERGEI ILNITSKY/POOL/FILE PHOTO

«Qon qaynamoqda, ammo men o‘q-dorilar bo‘yicha bergan savollar hal etilmayapti», deya shikoyat qiladi Yevgeniy Prigojin 20 fevral kuni uning matbuot xizmati e’lon qilgan audioyozuvda.

Xususiy harbiy kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, ayni vaqtda Rossiya armiyasida «snaryad taqchilligi» yo‘q, sanoat esa front uchun zarur miqdorda o‘q-dorilar ishlab chiqarish tezligiga chiqqan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bu o‘q-dorilar olib borilayotgan omborlar qayerda joylashganini, partiyalar va hatto qutilar raqamlarini ham biladi, ammo uning barcha aloqalari bu snaryadlar uning xususiy harbiy kompaniyasidagi, yarim yildan buyon Donetsk oblastining Baxmut shahrini qamal qilayotgan yollanma jangchilarga taqdim etish uchun yetarli bo‘lmayapti.

Yollanma kuchlar va Bosh shtab hamda Mudofaa vazirligi o‘rtasidagi ziddiyat yuzaga kelganiga ancha vaqt bo‘lgan, ammo Prigojin shu vaqtga qadar muammolar haqida uning qo‘li ostidagilardan kimdir shikoyat qilishini afzal ko‘rib kelayotgandi.

Prigojinning yollanma jangchilari va bosh shtab boshlig‘i ziddiyati dekabr oyida boshlangandi / Foto: TASS/BBC

O‘tgan yil dekabr oyi oxirida uning jangchilari Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov manziliga qaratilgan haqoratomuz rolik chiqarishgandi va unda boshliqni yollanma jangchilar uchun o‘q-dori yetkazib berishga to‘sqinlik qilayotgan «pidor» (Rossiyada gomoseksuallarga nisbatan aytiladigan haqoratli so‘z) va «chyort» deb atashgandi. Yanvar oyi boshida esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy rahbariyatda navbatdagi o‘zgarishlarga qo‘l urib, aynan Gerasimovni Rossiyaning Ukrainadagi butun guruhi qo‘mondoni etib tayinladi, bunga qadar ushbu lavozimda bo‘lgan general Surovikin esa qo‘mondon o‘rinbosari darajasiga tushirildi.

Shundan keyin Prigojinning yollanma jangchilari Bosh shtab rahbarini haqorat qilishni ma’lum vaqtgacha to‘xtatishdi, 16 fevral kuni esa xushmuomalalik bilan qilingan navbatdagi murojaat tarqatildi - unda «Mudofaa vazirligidagi hamkasblar»ga hurmat bilan murojaat etilib, snaryadlar bilan bog‘liq muammoni hal qilish iltimos qilingan.

Bu murojaatga reaksiya bo‘lmaganidan keyin esa o‘zlarini ushbu xususiy harbiy kompaniya jangchilari sifatida namoyon etgan shaxslar poligonda pulemyotdan Gerasimov va Lapinning qog‘oz portretlarini o‘qqa tutgan video tarqaldi. Prigojin esa bu rolikka munosabat bildirib, bu videodagilar uning qo‘l ostidagilarga aloqador emasligini aytishiga to‘g‘ri keldi.

20 fevral kungi murojaatida esa «Vagner» asoschisi u bilan gaplashgan shaxslar snaryad yetishmovchiligi muammosi hal etilishi uchun yuqori martabali shaxslardan (aynan kimlardan ekani aniqlashtirilmagan) uzr so‘rashni taklif etgani haqida aytdi.

«Hamma tepadagi qayergadir bosh irg‘aydi: «O‘zingiz bilasiz-ku, siz u yerdagilar bilan yaxshi munosabatda emassiz, - deb barmog‘ini yuqori ko‘taradi va ko‘zi bilan ishora qiladi Prigojin. - Siz itoat qilib borishingiz kerak, shundan keyin jangchilaringiz o‘q-dorilarga ega bo‘ladi, emish. Kimdan uzr so‘rayman? 140 millionlik rossiyaliklar, ayting, yigitlarim hozirgidan ikki barobar kamroq o‘lishi uchun men kimdan uzr so‘rashga majburman?»

Prigojin 2022 yil kuzida, Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlariga general Surovikin qo‘mondonlik qilgan vaqtda, «sanoat hali to‘la quvvatda ishlamaganida» ham uning otryadlarida snaryadlar muammosi bo‘lmaganini, ammo endi uning yollanma jangchilari «harbiy funksionerlar orqasini ko‘tarishni istamayotgani» tufayli halok bo‘layotganini aytadi.

Sergey Shoyguning qizi yangi yilni eri bilan Dubayda kutib oldi va bu ham Yevgeniy Prigojinga yoqmagan.
Foto: DeMYaNChUK ALeKSANDR

«Rus askari frontda halok bo‘layotgan chog‘da siz oltin idishlarda nonushta qilishingiz va qizingizni Dubayga dam olishga yuborishingiz bilan ishim yo‘q, - deydi «Vagner» rahbari bu orqali mudofaa vaziri Sergey Shoyguning ushbu mojarodagi roliga aniq ishora qilib. - Bu ekstremistik bayonot emas. Bu kimnidir haqorat qilishga urinish emas. Omborlarda turgan o‘q-dorilarni kerakli miqdorda yetkazib bering».

Mudofaa vazirligi Prigojin tomonidan qilingan hamlalarga e’tibor qaratmaslikni afzal ko‘rmoqda. Vazirlikni hatto doim sodiq bo‘lib kelgan, yillar mobaynida vazirlik taklif etgan kun tartibi bo‘yicha ishlab kelgan harbiy muxbirlar ham tanqid qilayotgan sharoitda 19 fevral kuni «Komsomolskaya pravda» nashrida «Baxmutni sobiq mahbuslar va GRU podpolkovniklari» qanday shturm qilayotgani to‘g‘risida reportaj e’lon qilindi.

«Faol oldinga siljish davomida shturmchilar snaryad tanqisligini boshdan kechira boshladi, hujum inersiyasini yo‘qotmaslik uchun bu talab tezda qondirilishi kerak. Bu yerda o‘q-doridan foydalanadiganlar bor», deya muammo haqida so‘z yuritadi taniqli harbiy muxbir Aleksandr Kots.

«Aravada #DaySnaryadyVagneram fleshmobi paydo bo‘lishi - dahshatli - deya tan oladi VGTRK harbiy targ‘ibotchisi Yevgeniy Poddubniy. - Artemovsk (ruslar Baxmutni eski nomi bilan ataydi) yo‘nalishida muvaffaqiyatli harakat qilayotgan tuzilmani o‘q-dorilar bilan ta’minlash mavzusidagi muhokamalar jamoatchilik maydoniga chiqqani ham shuni ko‘rsatadiki, ushbu tuzilmaning katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan qo‘mondonining apparat-byurokratik imkoniyatlari naf bermayapti. Men og‘ir janglar, muvaffaqiyat va mag‘lubiyatlar, xatolar va xulosalar bilan kechgan yil vaziyatni o‘zgartirishini taxmin qilgandim. Ammo bunday bo‘lmadi».

Faqat uning hamkasbi Aleksandr Sladkov hech qanday muammo yo‘qligiga ishonishda davom etmoqda. «Baxmut va Soledardagi vazifalardan tashqari, biz, Mudofaa vazirligi yana ko‘plab muammolarni hal qilyapmiz va xususiy harbiy kompaniyaga ham yordam ko‘rsatmoqdamiz. Chindan ham», deydi u.

Donetsk qurolli kuchlari spikeri Eduard Basurin kuzdayoq pensiyaga yuborilgan, Prigojin esa bunga endi e’tibor qaratmoqda. Foto: MARMISheV DMITRIY

Murojaatlariga hech qanday reaksiya bildirilmagach, Prigojin 1990-yillarga xos mediaurush an’anasi bo‘yicha Shoygu va Bosh shtab bilan mojarosida imkon qadar ko‘proq ittifoqchilarni o‘ziga jalb etishga harakat qilmoqda.

«Hozirning o‘zida ishonch bilan aytishim mumkinki, «Vagner» o‘zining harbiy nuqtayi nazardan samaradorligini isbotladi va xususiy harbiy kompaniyaga zarurat yo‘qligi to‘g‘risidagi gaplar ustidan chiziq tortdi. Hech qanday shubha yo‘qki, bunday professional tuzilmalar kerak va zarur», deb yozdi 19 fevral kuni Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘z telegram-kanalida. U o‘tgan yil kuzida Prigojin bilan birga Rossiya armiyasining Xarkiv oblastidagi muvaffaqiyatsizligi uchun general Lapinni keskin tanqid ostiga olgandi.

«Vagner» rahbari o‘zini nafaqat hozir frontda jang qilayotgan yollanma jangchilar, balki 2014-2015 yillarda Donbassdagi «respublika»lar tomonida jang qilgan barcha qo‘mondonlar yetakchisi sifatida ko‘rsatishga urinmoqda. Xususan, 2014 yildan buyon «DXR» «xalq armiyasi» spikeri bo‘lgan va 2022 yil kuzida iste’foga chiqarilgan Eduard Basurinning ham.

Dam olish kunlari Sladkovning o‘sha postidan keyin Rossiyaning hukumatparast kanallari ham bu iste’foga e’tibor qaratdi, Prigojin esa Basurin bilan shaxsan uchrashib, uni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va unga «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasida «zampolit» lavozimini taklif etdi, parallel ravishda Mudofaa vazirligi amaldorlarini qimmatli va xizmat ko‘rsatgan kadrlardan qutulishga urinishda aybladi.

Prigojin snaryadlar yetishmovchiligidan shikoyat qilayotgan chog‘da, mudofaa vaziri Vuhledarga hujumni barbod qilgan general Muradovni taqdirladi. Foto: RF mudofaa vazirligi

Hozircha Prigojinning Qodirov, harbiy muxbirlar va iste’fodagi spiker Basurin bilan muvaqqat ittifoqi uni o‘zi shikoyat qilayotgan asosiy muammosi hal etilishiga yaqinlashtirmayapti. Sergey Shoygu boshqaruvidagi vazirlik uning o‘ziga qarshi kampaniyasini e’tiborsiz qoldirishda davom etmoqda va telegram-kanallarda tarqalayotgan prigojincha hamlalarga e’tibor bermaslikka qurbi yetadigan qilib ko‘rsatmoqda. 20 fevral kuni mudofaa vaziri Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlarining «Vostok» guruhi qo‘mondoni Rustam Muradovni general-polkovnik unvoni bilan taqdirladi, urush tarafdori bo‘lgan harbiy muxbirlar uni Rossiya armiyasining Vuhledar shturmidagi ulkan muvaffaqiyatsizligi va yo‘qotishlarida asosiy aybdor sifatida ko‘rsatishgandi.

Prigojin esa o‘z xususiy harbiy kompaniyasi bilan birgalikda urushning ikkinchi yiliga kelib, mediamakonda mashhur bo‘lgan, ammo tizimda bo‘lmagan 2014-2015 yillardagi dala qo‘mondonlarini eslatib yubormoqda, o‘sha qo‘mondonlar faqat o‘sha vaqtda talabgir bo‘lgan, ammo keyin yoki halok bo‘lishgan yoki Ukrainadan Rossiyaga yoki annexia qilingan Qrimga siqib chiqarilgandi.

Mavzuga oid