«Ular jinni chiroqdan chiqarib yuborishdi» - Putin Federal majlisga murojaatida nimalar dedi?
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun, 21 fevral kuni mamlakat parlamenti bo‘lmish Federal majlisga murojaat qildi. Uning murojaati 2 soatga yaqin davom etdi. Xo‘sh, Ukrainaga qarshi urush olib borayotgan Putin parlamentga va bu orqali rossiyaliklarga murojaatida nimalar dedi?
Urush boshlanishi haqidagi eski bahonalar
Putin nutqini urush boshlanishining o‘zi to‘g‘ri deb biladigan sabablarini keltirish bilan boshladi.
«Har birimizning gardanimizda katta mas’uliyat turgan va tarixiy voqealar sodir bo‘layotgan ushbu murakkab davrda sizga murojaat qilyapman. 2014 yil Ukrainada sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishidan keyin mamlakatni qo‘lga olgan neonatsistlardan kelayotgan xavfni bartaraf etish, o‘z tarixiy yerlarimizdagi odamlarimizni himoya qilish uchun «maxsus harbiy amaliyot» boshlagandik. Bu borada oldimizda turgan maqsadlarni qadam-baqadam hal qilamiz. Donbass 2014 yildan buyon barchasiga chidab keldi va Rossiya yordamga borishini kutdi», deb so‘z boshladi Putin Ukraina sharqidagi hududlar tarixan Rossiyaga tegishli ekanini ta’kidlar ekan.
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Donbassdagilar uzoq yil o‘z tilida gaplasha olmagan va Ukraina tomonidan doimiy o‘qqa tutilgan. «Biz murakkab mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun qo‘limizdan kelganini qildik, toqat bilan muzokara o‘tkazdik, lekin orqavoratdan boshqacha narsalar tayyorlandi», dedi u.
Putinning aytishicha, Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari va jangovar samolyotlar berish bo‘yicha urush boshlanishidan avvalroq muzokaralar boshlangan. «Ukraina yadro qurolini olishga intilganini ham unutganimiz yo‘q. Bu haqda ochiqchasiga aytishgandi. AQSh va NATO chegaralarimiz yaqinida o‘z harbiy bazalarini tezlashtirib qura boshladi. Harbiy manyovrlar vaqtida go‘yoki bo‘lajak harbiy amaliyotlar teatrini namoyish etishdi. Bir so‘z bilan aytganda, Ukrainani katta urushga itarishdi», dedi Rossiya prezidenti.
U AQSh harbiy sohadagi kelishuvlardan chiqqaniga ham urg‘u berdi: «Ular qurollanish bo‘yicha fundamental kelishuvdan chiqqanini butun dunyo ko‘rdi. Masalan, o‘rta va yaqin masofadagi raketalar bo‘yicha kelishuvdan bir tomonlama chiqib ketishdi. Ular hech narsani shunchaki qilishmaydi», dedi Putin. AQSh bu kelishuvdan sobiq prezident Tramp vaqtida chiqib ketgandi.
2021 yil oktyabr oyi avvalida AQSh nashrlari mamlakat razvedkasidagi manbalariga tayangan holda Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shinlarini to‘playotgani haqida yozishdi. Keyinroq Rossiya TIV saytida mamlakatning go‘yoki Ukraina bilan urushning oldini oluvchi «Tinchlik kelishuvi» e’lon qilindi. Unda Rossiya qator shartlarni keltirgan va bu narsa Ukraina hamda G‘arb tomonidan ultimatum deb qabul qilingandi.
Putin parlamentga murojaatida bu mavzuga yana bir bor to‘xtaldi: «2021 yil dekabr oyida AQSh va NATOga xavfsizlik kafolati bo‘yicha loyiha yubordik. Va biz uchun prinsipial bo‘lgan mavzularda rad javobini oldik. Shu tariqa, urushni ular boshlashdi, biz esa o‘z imkoniyatimizdan foydalangan holda uni tugatamiz».
Putinning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yil fevralida Donbassda qonli harakatlar boshlash reja qilingan va shu sabab Rossiya «maxsus harbiy amaliyot» boshlagan: «Vaziyat keskinlasha bordi, bizga kelgan ma’lumotlardan keyin fevralda Donbassda navbatdagi qonli harakat boshlashga tayyorgarlik ko‘rilayotganiga hech qanday shubhamiz qolmadi. Lugansk, Donetsk va Donbassga hujum qilganlar keyingi nishon Qrim va Sevastopol bo‘lishini bilgan. Va biz ham buni bilardik. Biz o‘z uyimizni himoya qilyapmiz, G‘arb esa chegarasiz hokimiyat xohlaydi. Ular Ukrainani qurollantirishga 150 milliard dollar sarflashdi».
«Jinni chiroqdan chiqarib yuborishdi»
Putin Myunxendagi xavfsizlik bo‘yicha konferensiya haqida ham gapirib, G‘arb oxirgi yillarda qilgan ishlarini unuttirish uchun bu anjumanda Rossiya manziliga bitmas-tuganmas tuhmatlar yog‘dirilganini ta’kidladi: «Myunxen konferensiyasida Rossiya manziliga shunchalik ko‘p tuhmatlar qilindiki, go‘yoki bu gaplar hamma kollektiv G‘arb oxirgi 10 yilda nimalar qilganini unutishi uchun aytilgandek. Axir ular «jinni chiroqdan chiqarib yuborishdi». O‘tgan asrda G‘arb fashistlarga — Germaniya hukumatiga yo‘l ochdi, endi esa Ukrainadan Rossiyaga qarshi qayrashdi».
«Bugun Ukraina deb ataladigan yerlar»
Putin murojaati davomida Ukraina haqida gapirar ekan, uni «Bugun Ukraina deya atalayotgan tarixiy yerlarimiz» deb atadi: «Rossiyaga qarshi bunday ishlar bugun boshlanib qolgani yo‘q va ular bir maqsadda qilingan – bugun Ukraina deb atalayotgan tarixiy hududlarimizni bizning davlatimizdan yulib olish uchun. Bu ishlar takrorlanib kelmoqda. Masalan, G‘arb 2014 yil qonli davlat to‘ntarishini qo‘llab-quvvatladi».
«Hatto «taqir iblis»dan ham foydalanishmoqda»
Putin urushda G‘arb istalgan guruhlardan foydalanayotgani haqida gapirar ekan «hatto taqir shaytondan ham» deb aytdi: «Ular Rossiyaga qarshi har qanday odamlardan foydalanishmoqda, terrorchilardan, Xudo kechirsin-u, hatto «taqir shayton»dan ham foydalanishmoqda».
Putin ishlatgan «chert lisiy» so‘zi rus tilida «la’nati iblis» yoki «taqir iblis» ma’nosida ishlatiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa Putin aytgan «chert lisiy» «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinga ham mos tushishi haqida hazil postlar paydo bo‘ldi.
«Biz Ukraina xalqi bilan urushmayapmiz»
Putinning aytishicha, Rossiya ukrain xalqi bilan urushmayapti, Ukraina hukumati esa G‘arbdagi xo‘jayinlari tomonidan egallab olingan. «Kiyev tuzumi G‘arbdagi egalari uchun begona yer. Bu tuzum milliy manfaatlar uchun emas, uchinchi tomonning manfaatlari uchun ishlamoqda. Shuni aytishim kerakki, Ukrainaga qancha uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollar berilsa, biz xavfni shuncha uzoqqa itarishga majbur bo‘lamiz.
Ular Rossiyani strategik mag‘lubiyatga olib borishmoqda. Bu nima degani? Bizni yo‘qotib yuborishmi? Ko‘rib turganingizdek, gap bizning mavjudligimiz haqida ketmoqda va biz shunga yarasha harakat qilamiz. G‘arb bizni jang maydonida yengib bo‘lmasligini tushungan holda bizga qarshi axborot urushi olib bormoqda», dedi u.
«Millat sotqinlari»
Putinning aytishicha, bunday holatlarda doim sotqinlar bo‘lgan va ulardan foydalanishgan: «Tabiiyki, G‘arb bizning jamiyatimizni to‘zg‘itishga harakat qiladi, bu yo‘lda esa sotqinlardan foydalanishga harakat qiladi. Pul evaziga vatanini sotadiganlar doim topiladi. Sotqinlik qilib, vataniga qarshi terrorchilik va boshqa jinoyat sodir etadiganlar esa qonunga muvofiq jazolanadi».
Putin nutqi davomida ko‘p marta «chin dildan ta’zim qilishi»ni aytdi. Xususan, harbiylarga, Rossiya egallab olgan yerlarda jang qilayotganlarga, harbiy ishlab chiqaruvchilarga, qishloq xo‘jaligi xodimlariga va nihoyat «dunyoga haqiqatni yoyayotgan» harbiy muxbirlarga.
«YaIM 2,1 foiz kamaydi, vazir buni men aytishimni istadi»
Putin urush haqida va G‘arbga qaratilgan uzundan uzoq ayblovlardan keyin Rossiya iqtisodiy hayoti haqida ham so‘z ochdi. Uning aytishicha, rossiyaliklar «bir yoqadan bosh chiqargan» holda sanksiyalar va urush sharoitida mamlakat iqtisodiyoti qulashiga yo‘l qo‘ymagan. Putin mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2,1 foiz kamayganini ham pozitiv kayfiyatda e’lon qildi: «YaIM 2,1 foizga kamaydi. Moliya vaziri buni men aytishimni istadi. Ha, pasayish bo‘ldi, lekin fevralda bizning iqtisodiyotimiz barbod bo‘lishini aytishgandi. G‘arbda iqtisodimiz 20-25 foizga kamayishi taxmin qilingandi. Inflatsiya biz kutgandek 4 yoki 5 foiz bo‘lishi kutilmoqda va bu vaqtda Yevropa ittifoqining ba’zi davlatlarida bu ko‘rsatkich 12,17 hatto 20 foizga teng bo‘lgan».
«Deofshorizatsiya»
Putinning bu galgi nutqi ham «de-iboralar»siz o‘tmadi: «Biz biznesni «deoshforizatsiya», iqtisodiy jinoyatlarni «dekriminalizatsiya» qilishimiz kerak» dedi u.
Rossiya prezidenti Rossiyada biznes qilib topgan pullarini G‘arbga olib borib sarflayotgan tadbirkorlarni ham tanqid qildi: «Rossiyada ishchi o‘rni yaratish o‘rniga yirik tadbirkorlar pullarni G‘arbga olib borib sarflashdi. Axir ularning bolalari va kelajakdagi rejalari ham o‘sha yerda edi. Endi esa G‘arb elitasi ulardan pullarini tortib oldi».
«Yadro qurollari bizga qaratilgan»
Putin nutqi oxirida yana urush mavzusiga qaytar ekan AQSh, Britaniya va Fransiyaning yadro qurollari Rossiyaga qaratilganini aytdi. AQSh yadro sinovini o‘tkazgan taqdirda Rossiya ham bunday sinov o‘tkazishini aytdi va RF mudofaa vazirligi hamda «Rosatom»ga yadro sinoviga tayyorlanishni buyurdi. Putin mamlakatdagi harbiy aviabazalarga hujumga G‘arb davlatlari bevosita aralashganini ham aytdi.
Putin nutqi oxirida murojaatidagi eng muhim bayonotini bildirib, Rossiya AQSh bilan imzolangan strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha kelishuvda ishtirokini to‘xtatishini e’lon qildi. Putin bu borada gapirayotganda Rossiya kelishuvdagi ishtirokini to‘xtatayotganiga urg‘u berib, mamlakat kelishuvdan chiqib ketmaganini ta’kidladi.
Putin murojaatining oxirgi 5 daqiqasini zaldagilar tik turib eshitishdi. RF prezidenti «vatanparvarlik ruhidagi» so‘zlari bilan ikki soatga yaqin davom etgan nutqini tugatdi. Zalda Rossiya madhiyasi yangragach, murojaat yakunlandi.
Uning murojaati davomida zalda Putinni tinglab o‘tirganlar jami 53 marta qarsak chalishdi. Shulardan 4 martasida tik turib olqishlashdi.
Siyosiy Telegram-kanallarda Putinning murojaati vaqti zalda mamlakatda urushning ramziga aylangan insonlar – Ramzan Qodirov, Yevgeniy Prigojin va Sergey Surovikin yo‘qligiga e’tibor qaratdi. Lekin zalda Qodirovning ishonchli kishisi, deputat Adam Delimxanov ko‘p marta ko‘rsatildi. Shuningdek, operatorlar Rossiya egallab olgan Xerson viloyatining Rossiya tomonidan tayinlagan rahbari Vladimir Saldoni ham ko‘p marta «qidirib topishdi».
Mavzuga oid
14:45
Zaxarova: Ukraina mustaqil ravishda yadro qurolini yaratishga qodir emas
11:53
Zelenskiy Ukrainaning Germaniyadagi elchisini almashtirishga qaror qildi
08:05
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
22:47 / 25.12.2024