Urushdan keyingi Rossiya: Navalniy o‘z siyosiy platformasining 15 prinsipini e’lon qildi
Putinga muxolifatdagi, biroq qamoqdagi siyosatchi Ukraina 1991 yilgi chegaralariga qaytishi (ya’ni, Qrim ham qaytarib berilishi), Putin diktaturasi qulatilishi, Rossiya esa parlament respublikasiga aylantirilishini ta’kidlagan.
Ayni paytda koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan Rossiyaning bosh muxolif siyosatchisi mamlakati Ukrainaga keng miqyosda bosqin uyushtirganining bir yilligi oldidan o‘z siyosiy platformasining 15 ta asosiy prinsiplarini e’lon qildi. Prinsiplar ayni paytdagi urush va urushdan keyingi Rossiyaning tuzilishi bilan bog‘liq.
«Men o‘zim uchun va hali juda ko‘p sonli bo‘lgan normal odamlar uchun siyosiy platformani maksimal ravishda qisqacha shakllantirdim», — deb yozgan Navalniy Twitter’dagi akkauntida. Uning so‘zlariga qaraganda, bu «o‘z mamlakati uchun farovonlik tilayotgan Rossiya fuqarosining 15 punkti»dir.
Nima edi va hozir nima?
1. Prezident Putin kurakda turmaydigan bahonalar bilan Ukrainaga qarshi adolatsiz va tajovuzkor urushni boshladi. U imkon qadar bu urushga «xalq urushi» statusini bermoqchi, butun rossiyaliklarni o‘z jinoiy sherigiga aylantirmoqchi, biroq uning urinishlari bekor ketadi. Bu urushda ko‘ngillilar yo‘q hisobi, chunki Putin armiyasi mahbuslar va majburlab safarbar qilinganlarga tayanadi.
2. Urushning haqiqiy sabablari — Rossiya ichidagi siyosiy va iqtisodiy muammolar, Putinning qanday qilib bo‘lsa ham hokimiyat tepasida qolishga urinishi, o‘zidan tarixiy meros qoldirishga mukkasidan ketgani. U «g‘oziy podshoh» va «yerlarni qaytarib oluvchi» sifatida tarixga kirmoqchi.
3. O‘n minglab aybsiz ukrainlar o‘ldirildi, millionlab insonlar azob va uqubatlarga duchor qilindi. Harbiy jinoyatlar sodir etildi. Ukraina shaharlari va infratuzilmasi vayron qilindi.
4. Rossiya harbiy mag‘lubiyatga uchramoqda. Aynan mana shuni anglab yetish – hukumatning «Kiyevni uch kunda olamiz» degan ohangini mag‘lubiyatga uchralgan taqdirda yadroviy qurolni qo‘llaymiz, deya chiyillashlariga o‘zgartirdi. O‘n minglab rossiyalik askarlarning umri behuda xazon qilindi. Uzil-kesil harbiy mag‘lubiyatni yana yuz minglab safarbar qilinganlar hayoti evaziga biroz kechiktirib turish mumkindir, lekin u muqarrar. «Tajovuzkor urush + korrupsiya + generallarning layoqatsizligi + kuchsiz iqtisodiyot + himoyalanayotgan ukrainlarning qahramonligi va ko‘tarinki ruhiyati» kombinatsiyasi natijasi faqat Rossiyaning mag‘lubiyati bo‘la oladi.
Kremlning muzokaralarga kirishish va o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi yolg‘ondakam va ikkiyuzlamachilik bilan qilayotgan chaqiriqlari harbiy harakatlar istiqbollarining real baholanishidan o‘zga narsa emas.
Nima qilish kerak?
5. Ukrainaning chegaralari qanday? Xuddi Rossiyaniki singari — xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan va 1991 yilda aniqlashtirilgan chegaralar. O‘shanda biz — Rossiya ham uni tan olganmiz. Bu chegaralarni Rossiya hozir ham tan olishi kerak. Bu yerda muhokamaga o‘rin yo‘q. Dunyodagi barcha chegaralar tasodifiy va doim kimnidir qanoatlantirmaydi. Biroq, XXI asrda chegaralarni o‘zgartirish uchun urushib bo‘lmaydi. Aks holda dunyo izidan chiqib ketadi.
6. Ukrainani o‘z holiga qo‘yib, uning xalqi istagandek rivojlanishiga qo‘yib berish kerak. Tajovuzni bas qilib, Ukraina hududidan Rossiya qo‘shinlarini olib chiqish kerak. Urushni davom ettirish — aynan kuchsizlikning ifodasi, urushni to‘xtatish esa — kuchli yurish.
7. Ukraina, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya bilan Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplashning maqbul yo‘llarini qidirish kerak. Masalan, (Rossiyada hokimiyat o‘zgargach va urush tugatilgach), neft va gazimizga cheklovlarni bekor qilish, evaziga uglevodorodlar eksportidan tushadigan davromadning bir qismini tovon tariqasida Ukrainaga to‘lab borish.
8. Xalqaro institutlar bilan hamkorlikda harbiy jinoyatlarni tergov qilish.
Nega Putin tajovuzining tugatilishi Rossiya manfaatlariga xizmat qiladi?
9. Barcha ruslar imperiyachi qarashlarga ega? Bo‘lmagan gap. Masalan, Ukrainaga qarshi urushda Belarus ham ishtirok etmoqda. Belaruslar ham imperiyachi tafakkuriga egami? Yo‘q. Shunchaki, ularda ham hokimiyat tepasida diktator o‘tiribdi. Rossiyada va tarixan shunga o‘xshash davlatlarning barchasida imperiyachi qarashga insonlar bo‘lishi tabiiy hol, lekin ular ko‘pchilik bo‘lmaydi. Bu yerda sannab yig‘lash uchun sabab yo‘q. Bunday insonlarni saylovlarda dog‘da qoldirish kerak, rivojlangan davlatlarda o‘nglar va so‘l radikallarni yutishgani kabi.
10. Rossiyaga yangi yerlar kerakmi?
Rossiya — aholisi tobora qisqarib borayotgan, provinsiyasi o‘lib borayotgan ulkan davlat. Imperiyachilik va boshqa yerlarni egallashga bo‘lgan intilish — eng zararli va halokatli yo‘l. Rossiya hokimiyati mamlakatimiz xaritada kattaroq ko‘rinishi uchun yana o‘z qo‘llari bilan kelajagimizni yo‘q qilmoqda. Lekin Rossiya shundoq ham katta. Bizning vazifamiz — xalqni asrab-avaylash va bizda bor narsalarni yanada rivojlantirish.
11. Bu urushdan bizga juda murakkab, bir qarashda qariyb yechib bo‘lmaydigan muammolar to‘pi qoladi. Biz avvalo bu muammolarni chindan ham yechmoqchi ekanimizga o‘zimizni ishontirib, keyin bunga rostgo‘ylik va ochiqlik bilan kirishishimiz kerak. Muvaffaqiyat kaliti — Rossiya va uning xalqi uchun urushni imkon qadar tezroq yakunlash shunchaki yaxshi bo‘lardi emas, juda manfaatli bo‘lishini anglashdir: shu yo‘l bilan sanksiyalardan xalos bo‘lish sari harakatni boshlash, mamlakatni tark etganlarni qaytarish, biznesning ishonchini qayta qozonish, iqtisodiy o‘sishga erishish mumkin.
12. Yana bir bor ta’kidlayman, urushdan so‘ng biz Putin tajovuzi tufayli Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplab berishimiz kerak bo‘ladi. Tsivizilatsiyalashgan dunyo bilan normal iqtisodiy munosabatlarni tiklab, iqtisodiy o‘sishni qaytarish mamlakatimiz rivojlanishiga ta’sir qilmasdan bu ishni amalga oshirish imkonini beradi.
Biz tubdamiz, yuqoriga chiqish uchun tubga oyoqlarimizni tirab sakrashimiz kerak. Bu axloqan to‘g‘ri, oqilona va foydali qaror bo‘ladi.
13. Putin rejimi va uning diktaturasini qulatish. Ideal sharoitda — umumiy erkin saylovlar va Konstitutsion yig‘ilish chaqirgan holda.
14. Halol saylovlar orqali hokimiyat almashinuvi, mustaqil sud, federalizm, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish, to‘liq iqtisodiy erkinlik va ijtimoiy adolatga asoslangan Parlament respublikasini o‘rnatish.
15. O‘z tariximiz va an’analarimizni anglagan holda, biz Yevropaning bir qismi bo‘lish va rivojlanishning yevropacha yo‘lidan borishimiz kerak. Boshqa yo‘l yo‘q, boshqa yo‘l bizga kerak ham emas.
Mavzuga oid
14:45
Zaxarova: Ukraina mustaqil ravishda yadro qurolini yaratishga qodir emas
11:53
Zelenskiy Ukrainaning Germaniyadagi elchisini almashtirishga qaror qildi
08:05
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
22:47 / 25.12.2024