Jahon | 14:59 / 22.02.2023
61472
12 daqiqa o‘qiladi

Rossiyani jang maydonida yengib bo‘lmaydimi? - Putin urush haqida nimalar dedi va uning gaplari haqiqatga qanchalik mos?

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Federal majlisga murojaatnomasining uchdan bir qismi Ukrainadagi urushga ataldi. U «maxsus harbiy amaliyot»ning maqsadi va vazifalari haqida og‘iz ochmadi, biroq urush sabablari va Rossiya harbiy salohiyati haqida uzoq gapirdi.

Foto: Reuters

Vladimir Putin Federal majlisga so‘nggi ikki yil ichida ilk bor murojaat qildi: 2022 yilda murojaat bo‘lmagan edi. Tahlilchilar fikricha, o‘shanda Putin o‘z murojaatini Ukrainadagi jang maydonlarida erishilgan biror arzirli muvaffaqiyat arafasida qilmoqchi bo‘lgan, lekin bunday bo‘lib chiqmadi.

Urush boshlanganining bir yilligi arafasida Putin o‘z murojaatnomasida Rossiya «Ukraina xalqi bilan urushmayotgani»ni ta’kidlayotgan bir paytda «Grad» qurilmalari Xersonda tinch aholi ustiga snaryad yog‘dirayotgandi.

BBC Putinning eng xarakterli fikrlarini olib, u haqiqatga nechog‘lik mosligini tekshirib ko‘rdi.

Vladimir Putin so‘nggi ikki yilda birinchi marta Federal kengashga murojaat qildi. Foto: RIA Novosti

Putin: «Maxsus harbiy amaliyot boshlanmasdan oldin Kiyevning G‘arb bilan Ukrainaga havo hujumidan mudofaa (HHM) tizimlari, harbiy samolyotlar va boshqa og‘ir texnikalarni yetkazib berish bo‘yicha muzokaralari olib borilayotgan edi».

BBC: Aslida bunday emas. 2014 yilda AQSh prezidenti Barak Obama Kiyevni qurol-yarog‘ bilan ta’minlash imkonini beruvchi «Ukraina erkinligini qo‘llab-quvvatlash pakti»ni imzolagan. Biroq, 2015–2017 yillarda bu o‘ldirish kuchiga ega bo‘lmagan qurol-yarog‘lar edi: dronlar, radiolokatsion stansiyalar, dala hospitallari. 2017 yil dekabrida o‘ldirish kuchiga ega bo‘lgan qurollarni yetkazishni Tramp administratsiyasi ma’qullagan, biroq shunda ham Rossiyaning potensial bosqinini to‘xtatib turishi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘lar haqida gap ketgan. 2018–2021 yillarda Ukraina qurolli kuchlari tanklarga qarshi Javelin komplekslari, granatomyotlar, o‘q-dorilar, Stinger ko‘chma zenit raketa qurilmalari olgan. Yetkazilgan bu qurollarning barchasi SIPRI ma’lumotlar bazasida qayd etilgan.

Rossiya bosqini boshlanmasdan avval ko‘plab harbiy ekspertlar Ukrainaga xorijiy harbiy yordam faqat partizan urushi sharoitida zarur bo‘lishini ta’kidlashgan. Bunday prognozlar bosqin oldidan ham berildi — o‘shanda «Javelin» va «Stinger»lar bilan qurollangan ukrainlarning qo‘lidan keladigani maksimum ish — pistirmalar uyushtirib, rus okkupatsion qo‘shinlarining hayotini og‘irlashtirish bo‘lib ko‘ringandi. Hattoki o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» vakillari Ukrainaning Donetsk oblastini ozod qilish rejasi haqida gapirganda aynan mana shu ko‘chma komplekslarni tilga olgan.

Ukraina QK, ehtimol, «DXR» va «LXR» qurollangan bo‘linmalari bilan g‘arb samolyotlari va HHM tizimlarisiz urusha olishi mumkin edi. Biroq Rossiya armiyasiga qarshi bunday qurollar bilan hujum qilish ma’noga ega emasdi — bunday operatsiya avvaldan barbod bo‘lishga mahkum edi.

Foto: RIA Novosti

Kanada va Yevropadan yetkazib berilgan yordamlar ham AQShnikidan ko‘p ham farq qilmasdi: Kanada zirhli nimchalar, kaska va tunda ko‘rish moslamalari bergan, Buyuk Britaniya esa zirhlangan avtomobillar, aloqa vositalari va GPS navigatorlar, Fransiya vertolyotlar va granatomyotlar yetkazgan, Germaniya esa uzoq vaqtgacha Kiyevga o‘ldirish kuchiga ega qurol-yarog‘larni yetkazishni rad etib keldi.

Putin: «G‘arbning uzoq masofani nishonga oluvchi tizimlari Ukrainaga qanchalik ko‘p yetkazilar ekan, biz tahdidni o‘z hududimizdan shunchalik uzoqlashtirishga majbur bo‘lamiz»

BBC: Bu tezisni Rossiya tepasidagi turli darajadagi rahbarlar keng miqyosli urush boshlanganidan buyon bot-bot takrorlab kelishadi. Yaqindagina bu fikrni tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham aytgan edi. Aslida, esa jangovar harakatlar boshlanganidan buyon Rossiyaning Belgorod, Bryansk va Kursk oblastlari muntazam ravishda otishmalar ostida qoldi. Rossiya armiyasi Putin hozir o‘z hududi deb hisoblovchi Zaporijjya oblasti markazi bo‘lgan shu nomdagi shaharni egallay olmadi, Xersondan qochib chiqdi, front chizig‘ini Donetsk ostonasidan siljita olmadi. Bundan tashqari, o‘tgan yil davomida Kaluga, Saratov va Rostov oblastlari, 2014 yilda annexia qilingan Qrim ham o‘q yomg‘irlari ostida qoldi.

O‘z «maxsus amaliyoti»ning maqsadlaridan biri sifatida Putin NATOni Rossiya chegaralaridan uzoqlashtirish hisoblanishini aytgandi. Aslida esa Putin bu chegaralarni yaqinlashtirdi. Finlandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lishi hal bo‘lgan masala, endi Ukrainaning kelajakda alyansga a’zo bo‘lishi haqida gapirishmoqda.

Putin: «Rossiyani jang maydonida yengib bo‘lmaydi»

BBC: Rossiya imperiyasi, SSSR va RFning so‘nggi 200 yillik tarixida muvaffaqiyatsiz va barbod bo‘lgan harbiy kampaniyalar yetarlicha topiladi: Qrim urushi, rus-yapon urushi, Birinchi jahon urushi, Afg‘oniston, Chechenistondagi birinchi urush.

Boz ustiga, Ukrainadagi bir yillik urush davrida Rossiya armiyasining Kiyev, Sumi va Chernihiv oblastlari, Xerson, Liman, Xarkiv, Izyum, Balakliya shaharlari va Zmeyiniy orolidan chekinishini ko‘rdik. Bu chekinishlar ruslar tomonidan qovushmagan tarzda asoslanishi yangi memni vujudga keltirdi — «Rossiya armiyasi chekinmaydi, u qayta guruhlanib oladi».

Rossiya rahbariyati o‘zlarini jang maydonida yengib bo‘lmasligi haqidagi tezisni qayta-qayta takrorlar ekan, aftidan, mamlakatda yadroviy qurol borligiga ishora qilishmoqda. Ularning mantig‘iga ko‘ra, bundan dushman armiyasi Rossiyani okkupatsiya qilolmasligi yoki Moskvani ololmasligi kelib chiqishi kerak. Biroq na Ukraina, na uning ittifoqchilari o‘z oldilariga bunday maqsad qo‘ygan. «Yadroviy barqudrat davlatlar urushda yengilmaydi», tezisining o‘zi ham Amerikaning Vetnamdagi tajribasi bilan osongina rad etiladi.

Putin: «Biz armiya va flotimizning aynan sifat salohiyatini yuksaltiruvchi ilg‘or texnologiyalarni faol joriy etamiz. Bunday ishlanmalar va qurol-yarog‘ namunalari bizda allaqachon har bir yo‘nalishda mavjud. Ularning ko‘pchiligi o‘z xarakteristikalari bilan xorijiy analoglaridan ustun»

BBC: Rossiya armiyasini modernizatsiya qilish va qayta qurollantirish punkti prezident murojaatnomalarida majburiy narsaga aylangan va Vladimir Putinning har bir chiqishida takrorlanadi.

2021 yilgi chiqishida qayta qurollanish dasturi detallari yanada ko‘proq edi. Putin o‘shanda «2024 yilga borib qurolli qo‘shinlarning zamonaviy qurollari va texnikalari 76 foizga yetishi»ni va’da qilgan edi. Biroq o‘tgan bir yillik urush davrida chinakam zamonaviy qurol-yarog‘lar ulushi frontda qisqarib bormoqda, amalda Rossiya old chiziqqa eski sovet tanklarini tashlamoqda, Ukraina infratuzilmasiga eskirgan sovet raketalari bilan hujum qilmoqda.

Masalan, o‘tgan yil yozida RF mudofaa vazirligi «Rossiya havo kosmik kuchlari havodan turib Kremenchukdagi yo‘l mashinalari zavodi angarlaridagi AQSh va Yevropa davlatlaridan keltirilgan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilariga yuqori aniqlikdagi zamonaviy raketalar bilan hujum qilingani»ni e’lon qildi. Aslida, Ukraina harbiy havo kuchlariga ko‘ra, Rossiya samolyotlaridan uchirilgan X-22 qanotli raketasi sovet harbiy sanoat kompleksining juda eskirgan, ammo muvaffaqiyatli ishlanmasidir.

Bu raketaning kemalarga qarshi versiyasi yer ustidagi nishonlarga qarshi ishlatilganda o‘ta samarasiz, chunki mo‘ljalni aniq urib bo‘lmaydi. Xuddi shunday raketa Kremenchukdagi Rossiya mudofaa vazirligi tilga olgan nuqtadan 300 metr naridagi «Amstor» savdo markaziga borib tushdi va kamida 20 kishini o‘ldirdi.

Biroq, Ukrainaning tan olishicha, ushbu harbiy mojaroda Rossiya gipertovushli «Kinjal»lar, tezkor-taktik «Iskander» raketalaridan ham foydalangan, ularni Ukrainaning sovetlardan qolgan HHM tizimlari urib tushira olmaydi. Rossiya frontda zamonaviy T-90M tanklaridan ham foydalanmoqda, biroq ularning soni juda kam.

Rossiyadagi urush tarafdorlari tomonidan RF mudofaa vazirligiga e’tirozlardan biri ham Moskvada o‘tadigan harbiy paradlarda namoyish qilinadigan texnikalar, garchi qo‘shinlar katta ehtiyoj sezayotgan bo‘lsa ham, ularning frontda ko‘rinmagani bo‘lmoqda.

Umuman olganda, Rossiya armiyasi turli sinfdagi dronlar, sifatli aloqa vositalari va boshqa yuqori texnologiyali qurol-yarog‘ tizimlari yetishmasligidan qiynalmoqda.

Sifatli aloqa va razvedka tizimlari yetishmasligi Rossiya artilleriyasi Ukrainanikidan son jihatdan bir necha barobar ustun bo‘la turib, samarasiz harakat qilayotganida ham yuzaga chiqmoqda.

Putin: «Biz hech qachon bir qadam chetga chiqib, vatanidan chekinganlarni jazolash uchun «yalmog‘iz ovi» uyushtirib kelgan va uyushtirayotgan Kiyev rejimi va g‘arb elitasi kabi harakat qilmaymiz. Bu ularning vijdoniga havola, ular shu narsa bilan yashay qolishsin»

BBC: Biroq, Rossiya hokimiyati urushga qarshi chiqayotganlarini jazolash uchun turli vositalardan foydalanmoqda. O‘tgan yil mart oyidan boshlab «armiyani obro‘sizlashtirish» va «harbiy feyklar» to‘g‘risidagi ikki jinoiy modda amalda — ular bo‘yicha aksilharbiy fikrdagilar jazoga tortilmoqda. 2022 yil dekabrida «xorijiy ta’sir ostidalik» to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kirdi, unga ko‘ra xorijdan pul olmagan insonlar ham «chet el agenti» deb topiladi.

Ko‘plab siyosatchilar va jurnalistlar «harbiy feyklar» to‘g‘risidagi modda bilan uzoq muddatlarga qamaldi. Xorijga qochib chiqqanlarga esa sirtdan hukm o‘qildi.

Rossiya amaldorlari vatanni tark etgan fuqarolarni jazoga tortish bo‘yicha g‘oyalarni o‘rtaga tashlashmoqda — masofadan turib ishlashni taqiqlashdan tortib, fuqarolikdan mahrum qilish va mol-mulkini musodara qilishgacha.

Putin: «Bizning vaqtimizga kelib ular Ukrainadan «Anti-Rossiya» yasay boshlashdi. Aslida bu loyiha yangi emas».

BBC: Jahonda Rossiyaga ataylab qarshilik qiladigan kuchlar borligi, Ukraina mana shunday kuchlar qo‘lida o‘yinchoq ekani haqida Putin birinchi marta gapirmayapti. Buni so‘zlar ekan, Rossiya prezidenti Ukraina — suveren davlat ekani, ukrainlar qanday yashashi va rivojlanishi haqida Rossiyadan ruxsat so‘ramaslikka haqli ekani to‘g‘risida lom-mim demaydi.

Ukrainada kimdir «Anti-Rossiya» loyihasini qurmoqchi ekani to‘g‘risidagi fikrni Vladimir Putin bir necha yildan buyon takrorlab keladi. U bu terminni qayerdan olgan va uni kim o‘ylab topgan? Bu konspirologik nazariya ilk marta 2012 yilda «Rosneft»ning ayni paytdagi matbuot kotibi Mixail Leontev muharrirlik qilgan «Odnako» jurnalida siyosiy maslahatchi, fantast yozuvchi Lev Vershinin maqolasida o‘rtaga tashlangan.

Putinning chiqishi Sevastopol ko‘chalaridan birida translatsiya qilinmoqda
Alexey Pavlishak / Reuters / Scanpix / LETA

Mavzuga oid