Ishtiroksiz ishtirok: Xitoyning Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi ortida nimalar turibdi?
Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosda bostirib kirganiga bir yil to‘lishi arafasida Xitoy Tashqi ishlar vazirligi «Ukraina mojarosini hal etish» bo‘yicha o‘zining takliflarini e’lon qildi. Bu nima — sulh muzokaralari bo‘yicha real takliflarmi yoki piar yurish va shunga o‘xshash narsami? BBC vaziyatga oydinlik kiritish uchun ekspertlarning fikrini to‘plab chiqdi.
Pekin tomonidan e’lon qilingan hujjat «Ukraina inqirozini siyosiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha Xitoy pozitsiyasi», deb ataladi. Xitoy tomoni fikricha, u bajarilishi urushning yakunini tezlashtiruvchi 12 punktdan iborat.
Hujjat matnida juda ko‘p silliq formulirovkalar va diplomatik mulozamatlar bor. Biroq, yozilganlarning lo‘nda mohiyati hikoya qilinsa quyidagicha ko‘rinish oladi. Demak, Xitoy quyidagilarni taklif qilmoqda:
- O‘t ochishni to‘xtatish va muzokara stoliga o‘tirish. Pekin Moskva va Kiyev o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni tiklash kerak, degan fikrda. Bu holatda har ikki tomon bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishi kerak (tomonlardan har ikkisining bu borada murosasiz pozitsiyalari hisobga olinsa, buni qanday qilib amalga oshirish mumkinligi tushuntirilmagan).
- Sovuq urush mentelitetidan voz kechish, jumladan, harbiy bloklar kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik. «Boshqa davlatlar xavfsizligiga daxl qilib, o‘z xavfsizligini ta’minlashga bo‘lgan urinishlarga, shuningdek blok konfrontatsiyasi siyosatiga yo‘l qo‘yilmaydi», — deyiladi hujjatda.
- Atom elektr stansiyalari xavfsizligini ta’minlash va tinch yadroviy obektlarga qurolli hujum tashkil qilmaslik.
- Yadroviy, kimyoviy yoki bakteriologik quroldan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik.
- Birtomonlama sanksiyalardan voz kechish hamda ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlari barqarorligini ta’minlash.
- Humanitar yo‘laklar tashkil qilish, tinch aholi va harbiy asirlar huquqlariga rioya qilish.
Bir tomondan qaralsa, aytilgan postulatlarda hech bir yangi narsa yo‘q. Ikkinchidan tomondan, Pekinning yadroviy quroldan potensial foydalanish, shuningdek, bu urushning iqtisodiy oqibatlariga qanday e’tibor qaratayotgani qiziq.
«Xitoy Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro cho‘zilib ketganidan tashvishda. Pekinni birinchi navbatda bu urush shu qadar kuchayib, yadroviy qurol ishga tushirilishi mumkinligi tashvishlantirmoqda», — degan BBC’ga xitoyshunos Leonid Kovachich.
Ikki stulga o‘tirishga harakat
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Xitoyni o‘z tashqi siyosati ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqishga majburladi. Pekin ochiqchasiga bu urushda Vashingtonni javobgar deb atadi — urush go‘yoki NATOning Yevropada kengayayotgani bilan bog‘liq. Lekin shu holatda ham Xitoy Rossiyaga yordam berishga shoshilmayapti (garchi AQSh yaqindagina Pekin Moskvaga qurol-yarog‘ yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da).
Pekin o‘zining «Tartibga solish bo‘yicha pozitsiyasi»ni eng yuqori martabali diplomat, Xitoy kommunistik partiyasi funksioneri Van Ining Moskvaga tashrifidan so‘ng e’lon qildi. U Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashgan. Ularning suhbati mazmuni ma’lum emas, boz ustiga, hanuz Xitoy yetakchisi Si Jinpingning Moskvaga tashrif bilan borishi noaniq.
Ko‘plab manbalarga ko‘ra, xitoylik amaldorlar bostirib kirishning dastlabki oylarida Putinning muvaffaqiyatsizliklaridan shokka tushishgan va kollektiv g‘arb bilan munosabatlarini yomonlashtirmaslikka urinishmoqda. Hattoki, kerakli joyda yaxshilash payida.
Masalan, bir tomondan Xitoy g‘arbning Rossiyaga nisbatan joriy etgan sanksiyalariga qo‘shilmadi. Boshqa tomondan, Xitoyning ko‘plab kompaniyalari mohiyatan joriy etilgan cheklovlarga ochiqchasiga amal qilmoqda.
Bularning bari xitoylik diplomatlar, siyosatchilar va biznesmenlarga o‘tkir qirralarni aylanib o‘tib harakat qilish, Rossiyaning Ukrainada olib borayotgani urushining Xitoy iqtisodiyoti uchun salbiy oqibatlarini minimallashtirish imkonini yaratadi.
Mamlakat ichkarisida iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish Si Jinping uchun o‘ta muhim vazifa va muammo. So‘nggi yillarda vaziyat yo koronavirus pandemiyasi, yo ko‘chmas mulk bozoridagi tanazzul bilan og‘irlashgan edi, endi esa davomli urush chiqib turibdi. O‘tgan yili Xitoy iqtisodiyoti bor-yo‘g‘i 3 foizga o‘sdi — bunaqa past ko‘rsatkich so‘nggi yarim asrda ilk marta qayd etildi.
Xitoy Rossiya bosqinini qoralamagani uchun uning asosiy savdo hamkorlari bilan munosabatlariga sovuqlik tushdi. Asosiy savdo hamkorlari esa, raqamlarning shohidlik berishicha, aslo Rossiya emas, ular AQSh va Yevropa Ittifoqi. Bunga qo‘shimcha ravishda, Putinning Yevropaga qarshi gaz urushidan so‘ng, g‘arb iste’molchilarida Xitoy mahsulotlarini xarid qilish uchun pullari kamaya boshladi.
Xitoy iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari Pekinning xalqaro arenadagi o‘rniga ham, mamlakat ichida siyosiy yetakchilar va kompartiyaning nufuziga ham birinchi darajada ta’sir qiluvchi omil hioblanadi.
Ishtiroksiz ishtirok
Yevropa Ittifoqi ham, AQSh ham, hattoki Ukraina ham Xitoyning bu hujjatiga real tartibga soluvchi reja yoki tomonlarni muzokaralarga chorlash taklifi emas, shunchaki pozitsiyani ochiqlash sifatida qarashlarini aytib bo‘lishdi.
«Xitoy katta ishonchga sazovor emas, chunki Ukrainaga noqonuniy bostirib kirishni qoralay olmadi», degan NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg.
Ukraina o‘z pozitsiyasini yanada qat’iyroq ifoda etdi: «Faqat bir tomon — shak-shubhasiz tajovuzkor uchun manfaatli bo‘lgan yechim taklif qilish mumkin emas», degan BBC’ga Ukraina prezidenti maslahatchisi Mixaylo Podolyak.
«Bu urush aslo hududlar uchun bo‘lmayapti, to‘liq Ukraina davlatchiligi mavjudligiga qaratilgan. Insonlarning suverenitetga nisbatan mutlaq huquqiga qarshi urush bo‘lmoqda. Xalqaro huquqning ustuvor bo‘lishi yoki barbod bo‘lish masalasi hal bo‘ladi. Shuning uchun «zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish»ni nazarda tutgan har qanday «tinchlik rejasi» o‘z-o‘zidan «yangi ajratish chizig‘i» va Ukrainaning bir qismi Rossiya okkupatsiyasi ostida qolishini taqozo etadi. Bu esa aslo tinchlik emas, faqat va faqat urushni qasddan muzlatib qo‘yishni anglatadi», deya qo‘shimcha qilgan Podolyak.
Ekspertlar fikricha, aslida Xitoy qandaydir muzokaralarni tashkillashtirmoqchi ham emas. Aksincha, u Rossiyaning Ukrainadagi urushidan imkon qadar uzoqroq turishga harakat qilmoqda.
«Xitoy bu mojaroga chuqur kirib bormoqchi emas, boz ustiga, Rossiya va Ukrainani umumiy muzokara stoliga o‘tqazadigan pozitsiyani ham egallamoqchi emas, — deydi hududshunos Temur Umarov. — Pekin o‘zi uchun eng maqbul pozitsiyani allaqachon tanlab bo‘lgan — kuzatuvchilik. Bu hujjatlar esa Xitoy shunchaki bir davlat emas, jahon ahamiyatiga molik o‘yinchi ekanini ko‘rsatib qo‘yuvchi bir ramz. Buni isbotlash uchun u nimalardir qilmoqda, xolos».
Pekin uchun eng yoqimsiz holat — har qanday muzokaralarda xalqaro huquq ustuvorligi va suverenitetni hurmat qilish kerakligi eslatilib turilishi.
«Bu masala — Pekin uchun doim qopqon bo‘lib kelgan. Bir tomondan, agar Xitoy hududiy yaxlitlik va suverenitetni hurmat qilish kerakligini ta’kidlamasa, u Tayvan masalasida o‘z oyog‘iga bolta urgan bo‘ladi. [Pekin bu hududni o‘zining ajralib qolgan provinsiyasi deb hisoblaydi — BBC]. Har safar g‘arb siyosatchilaridan kimdir Tayvanga borsa yoki shu masalada og‘iz ochsa, Xitoy uning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish kerakligi haqida og‘iz ko‘pirtira boshlaydi. Boshqa tomondan, Rossiya va Ukraina mojarosi kontekstida bu masalada nima deyishi kerak? Xitoy bu savollardan qochishga harakat qiladi. Eslatib o‘taman, Xitoy hali shu vaqtgacha Qrimni Rossiya hududi deb tan olmagan», deydi xitoyshunos Leonid Kovachich.
Natijada Xitoy hammaga, jumladan Rossiyaga ham o‘zining harbiy bloklarga qo‘shilmaslik, uchinchi tomonlarga qarshi ittifoqlar va konfrontatsiyadan voz kechish kabi tashqi siyosati prinsiplarini eslatib qo‘yishga majbur bo‘lmoqda.
Bu esa Moskva va Pekin bir yilcha avval imzolagan «chegarasiz do‘stlik haqida»gi bayonotlar konsepsiyasidan uzoqroq turuvchi pozitsiya.
Ekspertlar fikricha, kelajakda Xitoy Ukraina va Moskva o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik rolini o‘z gardaniga olishga harakat qilishi mumkin. Lekin hozir bu muzokaralar uchun shart-sharoit ham, Pekinning bu bilan shug‘ullanish yo‘lidagi real xohishi ham ko‘zga tashlanmayapti.
Mavzuga oid
21:53
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
16:21
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
11:00