Kiyevga kira olmagan kolonna. RF armiyasi Ukraina poytaxti uchun jangni qanday va nega boy bergandi?
Rossiyalik harbiylar keng ko‘lamli bosqinning ilk kunidayoq Kiyevga kirishni rejalashtirgandi. Buning uchun 2022 yil 24 fevralida ular nafaqat Kiyev yaqinidagi Gostomel aerodromiga desant tushiradi, balki shimolda Belarus orqali kirib, Chernobil orqali qarshilikka duch kelmaslik umidida Ukraina poytaxti tomon maksimal tezlikda harakatlanadi.
Dastlabki reja amalga oshmagach, Rossiya armiyasi zaxiradan yana bir necha ming kishilik qo‘shinni harakatga keltiradi – va mart oyi o‘rtalarida Kiyev yo‘nalishida yana bir yurish qilishga harakat qilinadi.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi BBC Ukraina xizmatiga rossiyaliklar nimani reja qilgani, ular qanday yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlangani va yakunda Ukraina armiyasi bu hujumlarni qanday qaytargani hamda Kiyev atrofida Rossiyaning zarbdor guruhi qisman yo‘q qilingani haqidagi batafsil tahliliy sharhni taqdim etgan.
19 ta batalon taktik guruhlari
Bosh shtab ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevral tongida Chernobil orqali Kiyevga yurish Rossiya armiyasining to‘qqizta batalon taktik guruhlari orqali boshlangan. Yana 10 ta BTG Gomel oblastida, Belarus-Ukraina chegarasi yaqinida zaxirada qoldirilgan.
Rossiya armiyasida bitta batalon taktik guruhda 600-800 nafar jangchi, 10 yoki undan ko‘proq tank, 40 tagacha BMP (jangovar piyoda mashinasi) va boshqa turdagi transportlar bo‘ladi.
Ammo, ko‘plab harbiy sharhlovchilar baholariga ko‘ra, keng ko‘lamli bosqin avvalida Rossiya batalon taktik guruhlari kuchaytirilgan va ularning safida ming nafargacha jangchi bo‘lgan.
Ukraina bosh shtabi rossiyaliklarning Chernobil tomondan Dniproning o‘ng sohiliga qilingan yurishiga «Polesskiy» deb nom bergan.
RF armiyasi Dniproning so‘l sohilidan ham Kiyev tomon harakatlangan – Chernihivdan Brovariga (Kiyev atrofidagi yana bir shaharcha).
Kiyev oblastida to‘plangan kuchlar (jami 19 ta batalon takti guruhlari, ya’ni 20 mingga yaqin harbiy) va Gostomel desant amaliyotida ishtirok etgan kuchlar soniga qarab, Rossiya qo‘mondonligi aynan Polesskiy yo‘nalishiga katta umid bog‘laganini ko‘rish mumkin.
Tezkor yurish
Hujum juda tez rivojlanishi ko‘zda tutilgandi.
New York Times nashri jurnalistlari Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasidan olingan, Rossiya bo‘linmalari kolonnalari tayanch punktlari orqali Kiyevga ilgarilashi rejalashtirilgan jadvalni namoyish etgan.
Bu punktlarning birinchisi «Palmira» («Boshlanish chizig‘i» - Gomel oblastidagi qaysidir poligon) bo‘lishi belgilangan - bu Pripyat daryosi orqali o‘tgan ponton-ko‘prik kechuvi (Belarus hududida).
Keyin «Belaya Soroka» (Belarusning Ukraina bilan chegaradagi qishlog‘i), undan keyin Cherevach (Chernobil oblastidagi tashlandiq qishloq, bu yerda Uj daryosi orqali o‘tgan ko‘prik bor).
Va nihoyat - Ivankiv (Vishgorodsk rayonida, Teterev daryosi bo‘yida), Babinsi (Bucha rayonida, Zdvij daryosi bo‘yida) va Stoyanka (Irpin daryosi yoqasida, Kiyev shahrining Jitomir trassasi bo‘ylab o‘tgan ma’muriy chegaralariga bir necha kilometr masofada).
Bu yo‘nalishda ilgarilashi ko‘zda tutilgan bo‘linmalar orasida desantchilar ko‘pchilikni tashkil etardi: Pskovdagi 104-desant-shturm polki, 76-sonli «Pskovskaya» desant-shturm diviziyasi, shuningdek dislokatsiyasi xuddi Pskovda bo‘lgan 234- va 237-desant-shturm polklari.
Shu bilan birga, agar jadvalga ishonilsa, birinchi to‘lqinda desantchilarga rosgvardiyachilar (OMON) va «Belgorod» SOBR (Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi) bo‘linmalari hamrohlik qilishi ko‘zda tutilgan.
Rossiya harbiylariga «Palmira»dan Stoyankagacha bo‘lgan 200 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tish va «oldingi chiziqda o‘rnashish» uchun taxminan 13 soat belgilangan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi sharhiga ko‘ra, bunda «Rossiya qo‘shinlari Ukraina qurolli kuchlari tomonidan qarshilik ko‘rsatilishi hisobga olinmagan holda jangovar joylashuvsiz marsh kolonnalarida tezlik bilan oldinga siljishi nazarda tutilgan».
Sekinlashish
Ammo Rossiya desantchilari va rosgvardiyachilar yarim kun ichida rejalashtirilgan marshrut bo‘ylab belgilangan nutqaga yetib kela olmadi.
Ular Chernobil hududidan qisqa vaqt ichida o‘tgan bo‘lsa-da, buyog‘iga Ukraina qurolli kuchlari qarshiligiga duch kelishdi.
O‘sha vaqtda Ukrainaning asosiy kuchlari Donbassga jamlangan, Kiyev himoyasida esa 72-brigada va yana bir necha boshqa bo‘linmalar qoldirilgandi.
Rossiyaliklar son jihatdan ancha ustunligi sharoitida yurishni to‘xtatib turishning eng samarali yo‘li ko‘priklarni portlatish edi - ilk kundayoq Ivankiv, Dimer, Demidov, Gostomel va Irpin atrofidagi ko‘priklar portlatib yuborildi.
Bu chora esa rossiyaliklar harakatini sekinlashtirdi, ammo yurishni butunlay to‘xtata olmadi.
«Qarshilikka duch kelgach, raqib jangovar saflar tuzishga majbur bo‘lib, poytaxt yo‘nalishida janglar orqali yura boshladi. Uch kun mobaynida, 27 fevral kuni kechga kelib, RF qurolli kuchlarining Chernobil yo‘nalishida yurish qilgan ilg‘or bo‘linmalari Stoyanka - Gostomel - Demidov aholi yashash manzillari bo‘ylab o‘tadigan chiziqqa yetib keldi va shu hududlarda o‘rnashdi», deyiladi bosh shtab tahlilida.
Gostomelda esa Rossiya desanti 24 fevraldan 25 fevralga o‘tar kechasi deyarli butkul yakson etiladi, ammo keyinroq bu yerga RF armiyasi quruqlik qo‘shinlari yetib keladi va ukrain harbiylari chekinishga majbur bo‘ladi.
Yuqori intensivlikdagi janglar tufayli 27 fevralga kelib rossiyaliklar o‘q-dori, yonilg‘i, oziq-ovqat va boshqa resurslar yetishmovchiligiga duch kela boshlaydi.
Bu ham ularning yurishini sekinlashtiradi va Belarus hududidan qo‘shimcha kuchlar yuborishga majbur qiladi.
Kolonna
Rossiya texnikalarining Kiyev yo‘lidagi ko‘p kilometrga cho‘zilgan mashhur kolonnasi ilk bor 28 fevral kuni Maxar Technologies sun’iy yo‘ldoshi tomonidan tasvirga olingan.
O‘shanda bu kolonna uzunligi 15,5 kilometrga baholangandi.
Belarus hududidan chiqqan kolonna Belaya Soroka qishlog‘i orqali o‘tib ma’lum yo‘nalish bo‘yicha harakatlangandi: Chernobil - Dityatki- Ivankiv - Fenevichi - Novoye Zalese - Zdvijyevka - Gostomel aerodromi.
«28 fevral kuni kechga kelib kolonna yangi texnikalar qo‘shilishi hisobiga qariyb 24 kilometrga uzaydi, 1 mart esa Maxag Technologies sun’iy yo‘ldoshi endi 56 km uzunlikdagi kolonna kadrlarini namoyish etdi», deya qayd etadi Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi.
Taxminlarga ko‘ra, bu Belarusdagi zaxira kuchlariga mansub bo‘lgan va rossiyaliklar 28 fevral kuni jangga tashlashga qaror qilgan to‘rtta batalon taktik guruhlari edi.
Harbiy texnikalar bilan birga (40 tank va 160 BMP yoki desant bo‘linmalari uchun BMD) yonilg‘i ortilgan sisternali avtomashinalar hamda o‘q-dori va oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan yuk mashinalari ham yo‘lga tushgandi.
Keyinroq Belarusdan Rossiya zaxira kuchlarining qolgan batalon taktik guruhlari ham olg‘a harakatlanadi: «1 mart kuni kolonna zaxiradagi keyingi olti BTG hisobiga yanada kengayadi (6 ming harbiy xizmatchi, 60 tank va 240 BMP). Shuningdek, unga «Tochka-U» va «Iskander-M» operativ-taktik komplekslari, havo hujumidan mudofaa vositalari, stvolli va reaktiv artilleriya, ponton qurilmalar ham qo‘shiladi».
Shu tariqa, Ukraina poytaxtini zabt etish uchun Belarus hududidan olib chiqilgan 10 ta taktik batalon guruhlaridan tashkil topgan ulkan kolonna hosil bo‘ladi. Taxminiy baholarga ko‘ra, bu qo‘shin jami 10 minggacha jangchi, 100 ga yaqin tank va 400 BMP va BMD texnikalarini o‘zida jamlagandi.
Dastlab kirib kelgan to‘qqiz BTG bilan birgalikda Rossiyaning Polesskiy yo‘nalishidagi guruhini 19-20 batalon taktik guruh deb baholash mumkin edi.
Rossiya guruhlari taqdiri qanday kechadi?
Rossiya qo‘shini faqat Belarus chegarasidan o‘tilgandan keyingi ma’lum hududda bir tor yo‘l bo‘ylab harakatlandi. Ichkariroq kirilgani sari zaxira kuchlari avvalroq Kiyev oblastining turli rayonlarida yurish boshlagan guruhlarni kuchaytirish uchun taqsimlanadi va oldinga yurishda muammolarga duch keladi.
Masalan, 27 fevral kuni rossiyaliklarning Gostomeldan o‘tgan va avval Irpin, keyin Kiyevga kirish uchun harakatlangan BMD va BTRdan iborat kolonnasi Bucha hududida yakson etiladi.
Rossiya qo‘mondonligi yo‘qotishlar o‘rnini zaxira kuchlar bilan to‘ldirish yo‘llarini qidiradi.
«1 mart kuni batalon taktik guruhlardan bittasi Gostomelga yurish qilish uchun, boshqasi - Fastovga (Kiyevdan janubroqda) yorib o‘tishga harakat qilayotgan guruhni kuchaytirish uchun, yana biri - Dimerga, boshqasi - Moshchun qishlog‘iga, boshqa biri - Irpin daryosi kechuvi uchun janglar ketayotgan Rakovka qishlog‘iga yuboriladi», deyilgan Ukraina QK bosh shtabi tahlilida.
«Zaxira kuchlar bilan qo‘shinlar safini to‘ldirgan dushman mart oyi boshida quyidagi yo‘nalishlarda yurishlarni tikladi: Babinsi - Bucha - Kiyev; Borodyanka - Vorzel - Irpin; Vorzel - Belogorodka; Kopilov - Motijin - Yasnogorodka», deya Rossiya qo‘shinlarining mart oyining birinchi yarmida Kiyev tomon harakatining asosiy yo‘nalishlarini ta’riflaydi bosh shtab.
Rossiyaning Ukraina poytaxtiga yurish qilgan batalon taktik guruhlarining taqdirlari turlicha kechadi.
Qo‘shinlarning bir qismi Moshchun qishlog‘i hududidan Irpin daryosini kechib o‘tish uchun janglar chog‘ida botqoqlikda qolib ketadi.
Bu kichik qishloq ma’muriy jihatdan Kiyev shahri tarkibida bo‘lgan Pushchi-Voditsidan atigi uch kilometr masofada joylashgan. Bu qishloq uchun jang Ukraina poytaxti mudofaasidagi muhim epizodlardan biriga aylanadi.
Yakunda Moshchun qariyb butkul yakson etiladi, ammo Ukraina armiyasi pozitsiyani ushlab qolishga va rossiyaliklarni uloqtirib tashlashga muvaffaq bo‘ladi.
Rossiyaning boshqa bir batalon taktik guruhi Irpin daryosini Moshchundan shimolroqdagi Rakovka qishlog‘i hududida kesib o‘tganidan so‘ng artilleriya zarbalari va Ukraina qurolli kuchlarining maxsus topshiriqli kuchlari tomonidan yo‘q qilinadi.
Ukraina artilleriyasi Gostomel atrofidagi yana ikki batalon taktik guruhlarini mart oyi davomida asta-sekinlik bilan holdan toydirib, tor-mor etadi.
Bosh shtabda aytishlaricha, Rossiya qo‘shinlarining bir qismi aviatsiya va artilleriya zarbalari bilan mag‘lub etilgan. Xususan, Zdvijyevka qishlog‘ida RF armiyasining brezent tortilgan 370 ta yuk mashinasi 26 fevraldan 3 martga qadar amalda harakatsiz turib qolgan va yakunda Ukraina artilleriyasi o‘qlari bilan yo‘q qilingan.
«Dushman qo‘shinlari muntazam ravishda barcha yo‘nalishlarda yo‘q qilingan Kiyev sari muvaffaqiyatsiz yurishlar 19 martga qadar davom etadi, shundan keyin RF qurolli kuchlari mudofaaga o‘tadi va okop qaziy boshlaydi. Keyinroq, Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumi natijasida Rossiya bo‘linmalari qoldiqlari Kiyev hududini tark etadi», deya xulosa qilinadi bosh shtabda.
«Bu o‘t ochishni to‘xtatish emas, ammo bu bizning hech bo‘lmaganda shu yo‘nalishlarda asta-sekinlik bilan mojaro deeskalatsiyasiga erishish istagimizdir», deya izoh bergandi o‘shanda Rossiya armiyasi harakatlariga Istanbul muzokaralarida Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Aleksandr Medinskiy.
Rossiya tomoni o‘shanda buni «ezgu niyatdagi qadam» deb atagandi.
31 mart kuni Kiyev oblastida dronlarni boshqargan Kontuzich nikli jangchi tvitterda shunday yozgandi: «Irpin, Bucha, Gostomel. Rossiyaliklar chekindi. Sukunat… Bugun u yerlarni aylandik, nishonlar aniqlanmadi».
Mavzuga oid
21:53
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
16:21
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
13:14