O‘zbekiston | 23:53 / 02.03.2023
9469
3 daqiqa o‘qiladi

“Hali ko‘p ishlar qilinishi kerak” - Blinken O‘zbekistondagi islohotlar davom etishiga umid bildirdi

“Markaziy Osiyo mamlakatlari chuqur integratsiyaga kirishsa, beshta kichikroq bozor o‘rniga bitta katta bozorni yaratgan bo‘lar edi”, – dedi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Kun.uz'ga bergan intervyusida. U oxirgi yillarda O‘zbekistonda erishilgan yutuqlarni e’tirof etish barobarida, hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘pligini qayd etdi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Kun.uz'ga bergan intervyusida Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi ishtirokchilarsiz, alohida iqtisodiy ittifoq tuzishi ehtimoli haqidagi savolga javob berdi.

“O‘ylaymanki, bu mamlakatlarning o‘zlari qabul qiladigan suveren qarorlar orqali bo‘ladi. Bizning ishonchimiz komil, Markaziy Osiyo mamlakatlari qancha chuqur integratsiyaga kirishsa, odamlar uchun shuncha foyda. Misol uchun, bu beshta kichikroq bozor o‘rniga bitta katta bozorni yaratgan bo‘lar edi. Natijada bu dunyoning turli joylaridan yana ham ko‘proq investitsiya jalb qilish mumkin bo‘ladi.

Markaziy Osiyo ichidagi o‘zaro aloqalar, savdo va investitsiya oqimini osonlashtirish iqtisodiy o‘sishni ham rag‘batlantiradi, bundan hamma mamlakatlar aholisi naf ko‘radi. Buni qanday amalga oshirish bo‘yicha qarorlarni shu mamlakatlarning o‘zlari qabul qilishadi, chetdan turib boshqalar emas”, – dedi Blinken.

AQShning bosh diplomati ochiqlik, so‘z erkinligi va diniy erkinlik borasida O‘zbekistonning hozirgi hukumati qilgan o‘zgarishlarga baho berdi.

“O‘zbekiston prezident Mirziyoyev ta’riflayotganidek Yangi O‘zbekistonni qurish tomon muhim qadamlarni tashladi. Bu o‘zgarishlar barcha fuqarolar uchun kattaroq iqtisodiy imkoniyatlarni yaratadi. Inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash, qonun ustuvorligi kabi yo‘nalishlarda jiddiy qadamlar tashlanganini ko‘rdik. Lekin prezidentning o‘zi ham ta’kidlaganidek, hali ko‘p ishlar qilinishi kerak. Bunday dunyoqarashning borligi juda muhim. Qolaversa, bu dunyoqarashni amaliyotga tatbiq etish masalasi.

Bugun prezident bilan suhbatimizda ommaviy axborot vositalari erkinligi uchun ko‘proq sharoitlar yaratish, boshqa davlatlardan kelayotgan dezinformatsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik jamiyatini kuchaytirish, diniy erkinlik bo‘yicha erishilgan yutuqlarni yana ham mustahkamlash haqida fikr almashdik. Paxtachilikda majburiy va bolalar mehnatiga barham berilgani ayniqsa tarixiy yutuq bo‘ldi. O‘ylaymanki, O‘zbekistonda kelajakka ziyrak nazar va o‘z belgilagan yo‘li bor. Biz bu yo‘lida O‘zbekistonga yaxshi hamkor bo‘lamiz, degan umiddamiz”, – dedi Entoni Blinken.

Mavzuga oid