Qo‘shilmaslik harakati sammiti: O‘zbekiston dunyoga nima taklif qilyapti? – Siyosatshunos bilan suhbat
Kundalik yangiliklar va uning siyosat qismiga oid xabarlarini muntazam kuzatib boradigan o‘quvchi, tomoshabin yaxshi biladi, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-2 mart kunlari Ozarboyjonda bo‘lib qaytdi.
Tashrif davomida davlat rahbari jumladan, xalqaro tuzilmalardan biri – Qo‘shilmaslik harakati sammitida ham qatnashdi va nutq so‘zladi.
Kun.uz muxbiri O‘zbekiston prezidentining Bokuga safari, sammitdagi ishtiroki va so‘zlagan nutqi, shuningdek, bu harakatning bugungi kundagi ahamiyati haqida tahliliy intervyu o‘tkazdi.
Intervyu mehmoni Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Bahrom Sotiboldiyev bo‘ldi.
— Shavkat Mirziyoyevning Bokuga safari va Qo‘shilmaslik harakati sammitidagi ishtiroki. Albatta, biz bu harakat nima ekani, uning o‘tgan asrning 60-yillarida dunyo ikki qutbga bo‘lingan, “sovuq urush” davom etayotgan hamda dunyo yodro urushi ostonasiga kelib qolgan bir paytda tashkil topganini bilamiz.
Xo‘sh, harakatning bugungi kundagi maqsadi, dunyodagi o‘rni qanday va bugungi konteksda O‘zbekiston tomonidan uning eslanib qolinishi nimani bildiradi?
Ya’ni O‘zbekiston bu harakatda ishtiroki bilan o‘zining pozitsiyalarini qandaydir xalqaro huquq bilan mustahkamlamoqchimi, maqsad nima?
— Ta’kidlab o‘tganingizdek, dunyoda ikkita kuch markazi shakllanib, tarafkashlik bo‘yicha bosimlar oshib borayotgan, xalqaro munosabatlarda zo‘rlik tamoyili ustuvor bo‘lib turgan vaqtda dunyoning qolgan mamlakatlari mana shu harakatni tashkil qilishdan asosiy maqsadi arosatda qolgan mamlakatlarning o‘z pozitsiyasini yaratish va qarama-qarshilikka aralashib qolmaslik bo‘lgan. Harakatning asosiy prinsipi BMTning bosh nizomi talablariga to‘laligicha javob beradi. Ya’ni o‘zga mamlakatlar hududiga tahdid qilmaslik, munosabatlarda teng muzokaralar olib borish, suverenitetiga tajovuz qilmaslik, harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik. Va ayni tamoyillarga amal qilish nuqtai nazaridan bu harakat tashkil topdi.
O‘sha davrda harakat tuzilishi bilan birgalikda ikki kuch markaziga, biz tortishuvda biror tarafning yonini olmaymiz, o‘z qarashimiz bor, har qanday muammoni muloqotlar va BMT nizomi talablari orqali hal qilish kerak, degan signal berildi.
Hozirgi vaqtda tashkilotning ahamiyati oshib borishiga sabab dunyo maydonida katta davlatlarning o‘zaro qarama-qarshiligi qurolli to‘qnashuvlar darajasiga chiqib ketyapti. Ma’lum bir ma’noda turli mintaqalarda yangi harbiy-siyosiy bloklarni shakllantirish jarayoni ham boshlanib ketdi. Qo‘shilmaslik harakatiga dunyoning 120 ta davlati a’zo. Bundan tashqari, turli xalqaro tashkilotlar xam bu harakat bilan munosabatlar o‘rnatgan. Shu o‘rinda aytish kerakki, hozir dunyo siyosatini tebratib turgan yetakchi mamlakatlar ham kuzatuvchi maqomiga ega va tashkilot ichidagi davlatlar bildirayotgan fikrlarni, takliflarni kuzatib boryapti. Xalqaro jarayonda tashkilot ahamiyati oshib boradi, chunki tarafkashlik yo‘qligi, BMT nizomiga amal qilishi, xalqaro xavfsizlik doirasidagi yondashuvi, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy o‘sish beqaror bo‘lib turgan bir paytda geosiyosiy taranglik oshib borayotgani tashkilot ahamiyatini orttiradi.
Biz mustaqillikning dastlabki yillarida bu xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lganmiz. Tashkilotdagi faoliyatimiz bizning milliy manfaatlarimizga to‘la javob beradi. Bu tashkilot hozirgi yuzaga kelayotgan murakkab jarayonda dunyo hamjamiyatiga O‘zbekistonning berayotgan bahosini yetkazish uchun bir platforma. Ikkinchidan, O‘zbekiston unga 120 ta davlatda yig‘ilib qolgan muammolar va tashabbuslarni e’lon qilish uchun minbar sifatida qarayapti.
Biz faqat bir tarafda bo‘lishimiz mumkin. Ya’niki O‘zbekistonning milliy manfaatlari — eng ustuvor. Tashqi siyosatning ham ustuvor yo‘nalishi shu. Biz tortishayotgan davlatlarning pozitsiyasini qo‘llash nuqtai nazaridan yondashmayapmiz. Bizning xalqaro maydonda olib borayotgan harakatlarimizning asosiy negizida BMT nizomida belgilangan talab va qoidalar, prinsiplar turadi. Shuning uchun bu tashkilotdagi harakatimiz ham, tashabbuslarimiz ham O‘zbekiston va insoniyat manfaatlariga xizmat qiladi.
— Tadbirda prezident Mirziyoyevning chiqishi va u bildirgan takliflar. Mana shu takliflarning ham mazmunini qisqacha tahlil qilib bersangiz. Masalan, O‘zbekiston 2030 yilga qadar mo‘ljallangan Senday hadli dasturining asosiy maqsadlariga erishish bo‘yicha Global platforma faoliyatini yanada kuchaytirish tarafdori ekani ta’kidlandi.
— Global iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar bilan birgalikda texnogen ofatlar ko‘lami ham kengayib borayotgan zamonda yashayapmiz. Shu nuqtai nazardan prezidentimiz tabiiy va texnogen ofatlarning oldini olish bo‘yicha ilmiy yondashuvlarni birlashtirgan holda monitoring qilishni va bu orqali salbiy oqibatlarni kamaytirishni taklif qildi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida bo‘ladigan holatlar (suv toshqini, havo ifloslanishi, qurg‘oqchilik) oldindan prognozlashtirilsa, birgalikda dasturlar amalga oshirilsa, salbiy oqibatlar miqyosini ancha tushirish mumkin.
Pandemiyadan keyingi iqtisodiy o‘sish ancha muammo bo‘lib turibdi. Katta davlatlar o‘rtasidagi ziddiyat sababli iqtisodiy zanjirlar uzilishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi yuzaga kelyapti, chunki turli sabablar bilan oziq-ovqatga talabi bor mintaqalar va yetishtiruvchi mintaqalar o‘rtasida transport logistika aloqalari susayib qolyapti. Qayerlardadir pandemiyadan keyin iqtisodiy zanjirlarni tiklash muammosi bor. Mana shu narsalarni hal qilish bo‘yicha yondashuvlar aytildi.
Bildirilgan tashabbuslardan yana biri shu bo‘ldiki, hozirgi taranglik vaziyatida BMT Xavfsizlik kengashi doirasida Qo‘shilmaslik harakatining doimiy o‘rni bo‘lishi kerak. Hozir ko‘p davlatlar tomonidan BMTni isloh qilish va Xavfsizlik kengashi tarkibidagi doimiy a’zolar sonini oshirish kerak, degan fikrlar bo‘lyapti. Shu isloh qilishda Xavfsizlik kengashida Qo‘shilmaslik harakatining 120 ta davlat nomidan doimiy o‘rni bo‘lishi kerak, degan taklifni berdi prezidentimiz. Bu orqali biz a’zo davlatlar fikrini Xavfsizlik kengashining asosiy o‘yinchilari bo‘lgan davlatlarga yetkazish, prezidentimiz muammolarni sanab o‘tish bilan birgalikda ularning yechimlari bo‘yicha ham o‘z fikrlarini bildirdi.
Xalqaro maydonda katta davlatlar o‘rtasidagi ishonchsizlik darajasi oshib ketgan bir davrda xalqaro ekstremistik va terroristik tashkilotlar faoliyati ham birmuncha jonlangani holatlarini ko‘ryapmiz. Xususan, Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi bir necha o‘n yil davomida davom etayotgan noxush holatlar natijasida bunday tashkilotlar faoliyati ancha kengaygan. Natijada tashkilotlarning umumiy ko‘lami kengayib borayotganini ham ko‘ryapmiz. Shuning uchun prezidentimiz Afg‘oniston masalasiga to‘xtalib, urg‘u berib o‘tdi.
— Tashkilotga a’zolik faraz qilaylik, O‘zbekistonni Rossiya yoki Xitoydan bo‘ladigan ehtimoliy bosimlardan qanchalik himoya qila oladi?
Ya’ni aytmoqchimanki, bir yil avval BMTning xavfsizlik kengashi a’zosi bo‘lgan Rossiya kuppa-kunduz kuni mustaqil bir davlat hududiga bostirib kirgan edi. Xo‘sh, tashkilotga a’zolik bizni shunday xavflardan qanchalik himoyalashi mumkin?
— Yuqorida aytganimdek, xalqaro hamjamiyatga o‘z yondashuvlarimizni e’lon qila olish imkoniyati bor. Ikkinchidan, bu tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlar bilan bizning ikki tomonlama munosabatlarimiz tizimi shakllantirilgan. Biz bir-birimizning pozitsiyalarimizni kelishib, muvofiqlashtirib olishimiz mumkin. Uchinchidan, bir davlat ikkinchi bir davlatga qurolli tazyiq o‘tkazsa, biz bu tashkilot orqali o‘z pozitsiyamizni ko‘rsatib berolamiz va bizni qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlar ham bo‘ladi o‘sha vaziyatda.
Bu tashkilot nima qilib beroladi noxush vaziyatlarda, degan savol qo‘yilyapti. Men aytmoqchimanki, xalqaro huquq doirasiga qaytish kerak. Agar qaytilmasa, bunday ixtiloflar, qurolli to‘qnashuvlar soni ko‘payib boradi. Agressivlik ko‘rsatgan davlatning ham, hujumga uchragan davlatning ham iqtisodiyotiga, xalqaro obro‘siga va kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘z manfaatlarini yuzaga chiqarish uchun qurolli nizolar darajasiga olib borish kerak emas. Xalqaro huquq me’yorlari doirasida harakat qilish lozim.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.
Mavzuga oid
22:20 / 08.11.2024
Qorabog‘ safari: Jafokash Fuzuliy va yangilanayotgan Zangilon
17:01 / 08.11.2024
Turkiy davlatlar tashkilotining yangi bayrog‘i qabul qilindi
17:21 / 06.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida 8 ta hujjat imzolandi
17:05 / 04.11.2024