Jahon | 07:51 / 08.03.2023
40496
4 daqiqa o‘qiladi

Gurjiston qo‘zg‘aldi: mamlakatda so‘nggi yillardagi eng yirik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda

Odamlarning noroziligiga sabab - mamlakat parlamenti tomonidan qabul qilingan va Rossiya Federatsiyasidan ko‘chirib olingan «chet el agentlari to‘g‘risida»gi qonun.

Foto: delfi.ee

Seshanba kuni kechqurun Gurjistonda minglab kishilar «Chet el ta’sirining shaffofligi to‘g‘risida»gi qonunga qarshi ommaviy norozilik namoyishiga chiqishdi. U Rossiya Federatsiyasida qabul qilingan, amalga kiritilgan va allaqachon yuzlab huquqbonlar va jurnalistlarning huquqlarini tamg‘alagan «chet el agentlari to‘g‘risida»gi qonunning aynan o‘zginasi.

Bunday qonunning qabul qilinishi Gurjistonning Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lish yo‘lidagi katta to‘siq bo‘ladi. Shu sababli odamlar amaldagi hukumat va deputatlarni rossiyaparastlikda ayblab, norozilik namoyishlariga chiqishdi. Mamlakat poytaxti Tbilisida ommaviy tartibsizliklar ro‘y berdi, politsiyachilar ustiga Molotov kokteyllari yog‘dirildi, kuchishlatar tuzilmalar esa namoyishchilarga qarab suv purkovchi uskunalar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazlarni ishga solishdi.

Foto: liga.net

Gurjiston parlamenti 7 mart kuni birinchi o‘qishdayoq «chet el agentlari to‘g‘risida»gi qonunning yakuniy va qat’iy versiyasini qabul qildi. Bu qonunga ko‘ra, moliyalashtirilishining 20 foizdan ortiq qismi xorijdan bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar chet el ta’siri ostidagi agentlar sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi kerak. Uni parlamentning 76 deputati qo‘llagan, faqatgina 13 kishi qarshi chiqqan.

Mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Seshanba kuni Tbilisidagi Shota Rustaveli ko‘chasida joylashgan parlament binosi oldiga bir necha ming kishi to‘plandi. «Rossiya qonuniga o‘rin yo‘q!» — deya qichqirishgan ular va RF prezidenti Vladimir Putinni haqorat qilishgan. Ular Gurjiston, Yevropa Ittifoqi va Ukraina bayroqlarini hilpiratishgan. Muxolifat ayni paytdagi hukumatni rossiyaparast deb hisoblaydi. Kuchishlatar tizimlar bunga javoban namoyishchilarni ko‘zdan yosh oqizuvchi gazlar va suv purkagichlar bilan tarqatishga harakat qilishdi. Namoyishchilar esa parlament binosiga yopirilib kirishga urinishdi.

Foto: sputnik-georgia

Bu norozilik namoyishlari 2019 yildan buyon Gurjistonda eng yirigi bo‘ldi. O‘shanda mahalliy aholi mamlakatning bir necha hududi Rossiya tomonidan okkupatsiya qilinganiga qarshi norozilik bildirgan edi. Tartibsizliklar chog‘ida 240 kishi jabrlangan, 300 dan ortiq kishi ushlangandi. Noroziliklardan so‘ng Gurjiston parlamenti raisi Irakliy Kobaxidze iste’foga chiqqan edi.

Kecha qabul qilingan qonunni Tbilisidagi AQSh elchixonasi «Gurjiston demokratiyasi uchun qora kun» deb atagan. «Bu qonun loyihasini ishlab chiqishda Kremldan ilhomlanilgan», — degan elchixona. Gurjistondagi norozilik namoyishlarini bostirish uchun mas’ul bo‘lganlar AQSh sanksiyalariga duchor bo‘lishi mumkin, degan AQSh davlat departamenti rasmiy vakili Ned Prays.

«Gurjiston parlamenti seshanba kuni tashqi ta’sir shaffofligi to‘g‘risidagi qonunni birinchi o‘qishdayoq qabul qildi. Bu Gurjiston va uning xalqi uchun voqealar rivojining eng yomon ko‘rinishidir. Bu qonun Yevropa Ittifoqi qadriyatlari va standartlari bilan chiqisha olmaydi. U Gurjiston o‘z oldiga Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lida qo‘yilgan maqsadga mutlaqo ziddir», — degan Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy ishlar xizmati rahbari Jozep Borrel.

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili. Foto: mtdata.ru

AQShda bo‘lib turgan Gurjiston prezidenti ham namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlagan. Salome Zurabishvili parlament ushbu qonunni qabul qilgani bilan, unga veto qo‘yishini e’lon qilgan. Garchi bu bayonot namoyishchilarning hovurini biroz bosgan bo‘lsa-da, mamlakat bo‘ylab namoyishlar davom etmoqda. 

Mavzuga oid