O‘zbekiston | 22:07 / 09.03.2023
44238
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev aralash saylov tizimiga o‘tishni taklif qildi 

Aralash saylov tizimiga proporsional va majoritar tizim kiradi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda siyosiy partiyalarning rolini oshirish uchun aralash saylov tizimiga o‘tishni taklif qildi. Bu haqda O‘zXDP yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 9 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida xabar berdi. 

Aralash tizimga proporsional va majoritar tizim kiradi. Mandatlarning bir qismi proporsional tizim (partiya ro‘yxatlari bo‘yicha), ikkinchi qismi esa majoritar tizim (nomzodga ovoz berish) bo‘yicha taqsimlanadi. 

«Aralash saylash tizimiga o‘tish, bu — jamiyatimizda, boshqaruvda siyosiy partiyalarning ta’sirini oshirishga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqib, 92-moddada Qonunchilik palatasi aralash saylov tizimi orqali shakllanishini aniq belgilab qo‘yish bo‘yicha munosabatingizni bilmoqchi edik», dedi Ulug‘bek Inoyatov. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov amaldagi Konstitutsiya ham, yangilanayotgan Konstitutsiya ham aslida bunga to‘sqinlik qilmasligini ta’kidladi.

«Men sizning taklifingizni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman», dedi u. 

Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov mazkur taklifni ko‘rib chiqish va mazkur bandni kiritish yoki kiritishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilishni taklif etdi.

Ma’lumot uchun, majoritar saylov tizimi - davlat hokimiyati va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylov tizimi bo‘lib, unda saylov okrugida ko‘pchilik ovoz olgan nomzodlar saylangan deb hisoblanadi. Proporsional saylov tizimida esa saylovchilar aniq bir shaxsga emas, balki partiyaga ovoz beradi. 

Mavzuga oid