Jamiyat | 01:26 / 09.03.2023
16606
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda fermerlar o‘simlik qoldiqlarini yoqib, tabiatga katta zarar yetkazdi

O‘zboshimchalik oqibatida tabiatga katta miqdorda zarar yetkazilgan. Ish huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Foto: Tabiat resurslari vazirligi

7 mart kuni Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumanining «Sholikor» SIU hududidagi «Qolgansir» davlat o‘rmon va ov xo‘jaligi yer maydonida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan Tabiat resurslari vazirligi va tegishli tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish davomida «Qolgansir» davlat o‘rmon va ov xo‘jaligiga qarashli jami 10 gektar yer maydoni yongani ma’lum bo‘ldi.

Shundan 2 gektar yer maydonidagi manzarali daraxtlar tegishli tartibda xatlovdan o‘tkazilib, 4 turdagi 294 dona manzarali daraxt o‘sishdan to‘xtagani, 4 turdagi 217 dona manzarali daraxt esa o‘sishdan to‘xtamaydigan darajada shikastlangani aniqlangan. O‘simlik dunyosiga 494 million 940 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Yong‘inning kelib chiqishiga «Sholikor» va «Sindorobod» SIU hududida faoliyat olib boruvchi 35 nafar fermer tomonidan sholidan bo‘shagan yer maydonidagi o‘simlik qoldiqlarining yoqib yuborilishi sabab bo‘lgan. Oqibatda 311,7  gektar dala yer maydoni yongan.

Yong‘in oqibatida yerning unumdor qatlamidagi ball boniteti pasayishiga sabab bo‘lgan holatlar bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblar qilinib, 295 million 627 ming so‘m zarar miqdori belgilangan.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

7 mart kuni Sirdaryo viloyati FVB «Qolgansir» o‘rmon va ov xo‘jaligi hududida taxminan 5 gektar maydonda quruq o‘t va qamishlar yongani, yong‘in yarim soat ichida o‘chirilgani haqida xabar bergan edi. 

Mavzuga oid