Jahon | 23:28 / 10.03.2023
26605
18 daqiqa o‘qiladi

«Rossiya qonuniga yo‘q!» - Gurjistonda «chet el agenti» to‘g‘risidagi qonunga qanday qarshi turishdi?

Gurjistondagi hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi birinchi o‘qishda qabul qilib bo‘lingan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasini parlamentdan qaytarib oldi. Bu odatiy hodisa emas: bu qarorga ikki kun davom etgan va politsiya tomonidan bostirilgan namoyishlar sabab bo‘ldi. Bu tashabbusni «Rossiya qonuni» deb atagan mitingchilar suv purkovchi uskunalar va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz orqali tarqatildi. Shunga qaramay, namoyishchilar muvaffaqiyat qozonishdi - BBC bu qanday bo‘lganini hikoya qiladi.

Foto: DAVID MDZINARISHVILI/ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAG

Gurjistonda «Chet el ta’sirining shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi fevral oyidan buyon muhokama etilayotgandi. Bu tashabbus «Xalq kuchi» deputatlari tomonidan bildirilgan va ishlab chiqilgan - bu hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasidan ajralib chiqqan, lekin hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan harakat hisoblanadi. Muxolifat esa uni ochiqchasiga g‘arbga qarshi loyiha va amalda «Gurjiston orzusi» qanoti deb biladi.

«Chet el agentlari» to‘g‘risidagi g‘oya mualliflari Amerikaning shunga o‘xshash qonunidan (FARA nomi bilan ma’lum) namuna olinganini aytishadi. O‘z vaqtida Rossiyada ham shunday ritorikadan foydalanishgandi - ammo yakunda rossiyaliklarning qonuni 2023 yilga kelib muxolifatchilar va mustaqil jurnalistlarga qarshi qo‘llanadigan qatag‘on instrumentiga aylandi. Darhol muxolifatchi siyosatchilar, huquq faollari va OAV Gurjistonda ham shu holat takrorlanishidan xavotirlarini bildira boshladi.

Shunga qaramay, hukumat qonun loyihasini qo‘llashga qaror qildi. Bu haqdagi qaror parlament byurosining 20 fevral kungi yig‘ilishida qabul qilindi. O‘sha yig‘ilishda hozir bo‘lgan muharrirlar va jurnalistlar esa tashabbuslarning o‘xshashligiga ishora qilgan holda «Rossiya qonuniga yo‘q!» deya hayqirib e’tirozlarini ifoda etishdi. Yakunda esa bu yorliq mahkam yopishdi: ikki haftadan ortiq vaqt o‘tib shu so‘zlar Gurjiston ko‘chalaridagi mitingchilar tomonidan baralla shior qilib aytildi.

Hujjat Gurjistonda «chet el ta’siridagi agentlar» reyestri tuzilishini ko‘zda tutadi. «Agentlar» mezoniga yillik moliyalashtirilishining 20 foizdan ortiq qismi xorijdan bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari mos kelishi kerak edi. Bunday tashkilotlar yillik deklaratsiya taqdim etishi nazarda tutilgandi. «Agent» sifatida ro‘yxatdan o‘tishdan bosh tortgan yoki hisobot taqdim etishni istamaganlar uchun 25 ming lari (9,5 ming dollar atrofida) miqdorida jarima qo‘llash rejalashtirilgandi. «Chet el agentlari»ni aniqlash uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslarda ro‘yxatga qo‘shishga nomzod bo‘lganlarning personal ma’lumotlariga kirishga huquq bo‘lardi.

«Ushbu qonun qabul qilinishi jamoatchilikni xabardor qilish sifatini sezilarli darajada oshiradi, bu esa odamlarga to‘g‘ri qabul qilishda yordam beradi», deya yangi qonun zarurligini uqtirishga harakat qilgan «Xalq kuchi» harakati vakili Guram Macharashvili. Ammo bu argument barchani ham ishontira olmadi. Mamlakat prezidenti, so‘nggi vaqtlarda tez-tez hukmron partiya chizig‘idan farqlanuvchi pozitsiyasini ifoda etayotgan Salome Zurabishvili qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlamasligi, parlament uni qabul qilsa, unga veto qo‘yishini aytdi.

To‘g‘ri, Gurjiston konstitutsiyasida parlamentariylar prezident vetosini yo‘qqa chiqarib, baribir qonunni qabul qilishi mumkin bo‘lgan mexanizm mavjud. O‘z navbatida, muxolif partiyalar deputatlari qonun loyihasi muallifi «Xalq kuchi» harakati ekaniga qaramay, g‘oya hukmron partiyanikiligi va u Gurjistonning Yevropaga integratsiyasi uchun tahdid 
solishini aytishmoqda. Ushbu mamlakat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun o‘tgan yili ariza topshirgan, ammo hali nomzod maqomini olmagan.

Xalqaro hamjamiyat ham ushbu qonun loyihasini, yumshoq qilib aytganda sovuq qarshi oldi. Turli mamlakatlardagi 40 ta nodavlat tashkilotlarining fevral oyi o‘rtalarida e’lon qilingan qo‘shma bayonotida ham qonun loyihasi Gurjistondagi demokratiya va fuqarolik jamiyatiga jiddiy tahdid va avtoritar davlatlar amaliyoti takrorlanishi deb baholangandi. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy komissari Jozep Borrel ochiqchasiga «chet el agenti» to‘g‘risidagi qonun loyihasi YeI standartlariga zid kelishini aytdi. AQSh Davlat departamenti esa bu tashabbus va Amerikadagi shu kabi qonun o‘rtasida hech qanday umumiylik yo‘qligini bildirdi: idora matbuot kotibi Ned Prays unda ko‘proq Rossiya va Vengriyada qabul qilingan qonunlar bilan o‘xshashliklar topdi. Kremldagilar bunday bahoga qo‘shilmasligini bildirgan.

Shunga qaramay, mart oyi boshida qonun loyihasi Gurjiston parlamentining Xalqaro munosabatlar va mudofaa qo‘mitasi hamda Xavfsizlik qo‘mitasida muhokama qilina boshladi. Muxolifatdagi 
«Strategiya Agmashenebeli» «Milliy birlik harakati» qarshi chiqdi, «Gurjiston orzusi» esa tashabbusni qo‘lladi. Muhokamalar mushtlashuvlar bilan kechdi.

7 mart kuni esa qonun loyihasi birinchi o‘qishda 76 ovoz bilan qabul qilindi (13 deputat qarshi chiqdi). «Mamlakatimiz kelajagi endi chet el agentlari va xorijiy davlatlar xizmatkorlariga tegishli bo‘lmaydi. Mamlakatimiz va xalqimiz kelajagi vatanparvarlarga tegishli», dedi Gurjiston bosh vaziri, «Gurjiston orzusi» vakili Irakliy Garibashvili. AQShning Tbilisidagi elchixonasi 7 martni «Gurjiston demokratiyasi uchun qora kun» deb atadi.

Shu kuni kechga borib mamlakat poytaxti Tbilisida keng ko‘lamli namoyishlar boshlandi va ikki kun davom etdi.

Birinchi kun

Politsiya Tbilisidagi aksiya ishtirokchilariga suv purkamoqda, 7 mart. Foto: AFP

Namoyish kunlarida Tbilisi ko‘chalarida ishlagan Paper Kartul nashri muxbiri Daniil Aleksandrovning BBC nashriga aytishicha, 7 mart kungi namoyishlar ishtirokchilari politsiya bilan to‘qnashuvlarga tayyor emasdi. «Hech kimda qayernidir shturm qilish niyati yo‘q edi. Odamlar niqobsiz edi, ularda sochiq va sharflar ham yo‘q edi. Ular mitingga suv ham olib chiqishmagandi», deydi u.

Kechga kelib parlament atrofiga, turli baholarga ko‘ra, besh mingdan 10 minggacha odam yig‘ilgan. Namoyishchilar mitingga Gurjiston va Yevroittifoq bayroqlarini olib chiqishgandi. Spetsnaz ham odamlarning bunday oqimiga tayyor emasligi ko‘rinib turardi. «Politsiya bo‘m-bo‘sh ko‘chalar bo‘ylab aqldan ozgandek yugurib, parlamentga «hujum» qayerdan bo‘lishini topishga urinardi», deydi guvohlardan biri.

Qaysidir pallada odamlarga qarata suv purkagichlar qo‘llana boshladi. Shundan keyin namoyishchilar parlamentga bostirib kirishga urinishadi. «Shunda spetsnaz hujumga o‘tdi, gaz qo‘llandi», deya hikoya qiladi jurnalist Aleksandrov.

Shahar ko‘chalarida ro‘y berayotgan zo‘ravonlik holatlari aks etgan kadrlar tezda ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Namoyishlarning birinchi kuni ramzlaridan biri suv purkagich ro‘parasida turib, Yevroittifoq bayrog‘ini silkiyotgan yosh ayol aks etgan video bo‘ldi. Tezda qolganlar ham uning yoniga kelib turishadi va suvdan himoya qilishadi. Shu kuni kechqurun Tbilisida havo harorati +5...+6 daraja atrofida edi.

Namoyishchilarga suv purkagichlardan tashqari, ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va shovqinli granatalar ham qo‘llandi. Bunga javoban ayrimlar «kosmonavtlar»fayyerlari hamda «Molotov kokteyllari» uloqtirishdi.

«Olomon u qadar katta emasdi, shuning uchun parlament atrofi 15-20 daqiqada tozalandi. Shundan keyin odamlar qo‘shni ko‘chalar bo‘ylab yurishdi, ammo qo‘lga olishlar davom ettirilgach, ular tarqalib ketishdi - bu tungi soat ikki atrofida bo‘ldi», deydi Aleksandrov.

Gruziya IIV aksiya davomida namoyishchilar ham, huquq-tartibot organlari xodimlari ham jarohatlanganini ma’lum qildi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 70 dan ortiq namoyishchi qo‘lga olingan. Miting ishtirokchilaridan kamida bir nafariga politsiyachiga hujum qilgani uchun jinoiy ish ochilgan.

Lekin birinchi kungi namoyishlar «Gurjiston orzusi» partiyasi raisi Irakliy Kobaxidzening qat’iy fikrini o‘zgartira olmadi. Qolaversa, u namoyishni davlat to‘ntarishiga urinish deb atadi va hatto muxolifatchilar o‘z harakatlari bilan «Gurjistonga 2008 yilda bo‘lgani kabi Rossiya tanklari kelishiga sabab bo‘lishi mumkinligi»ni aytdi.

Ikkinchi kun

Daniil Aleksandrov BBC’ga aytishicha, namoyishchilarning ikkinchi kunida markaziy Rustaveli prospektiga ikki barobar ko‘proq odam chiqdi. 8 mart kungi aksiya - bu dam olish kuni edi - kunduz kuniyoq boshlandi. Soat 15:00 atrofida namoyishchilar bayram munosabati bilan Ozodlik maydonidan parlamentga qadar marsh qilib borishdi. Ko‘cha o‘rtasida asosan ayollar harakatlanishdi, erkaklar trotuarlardan yurishdi. Talabalar ham alohida kolonna bo‘lib o‘tishdi.

Parlamentga yetib kelib, yurish ishtirokchilari to‘xtashdi. Yakunda soat 21:00 ga kelib bu yerda bir kun oldingidan qariyb ikki barobar ko‘p odam to‘plandi: mitingchilar bino atrofidagi barcha bo‘shliqlarni to‘ldirdi va hatto zinalarga chiqib olishdi. Avvaliga miting ancha tinch ruhda kechayotgandi: namoyishchilar «Rossiya qonuniga yo‘q» shiorlarini aytishdi. Maydonda Gurjiston madhiyasi yangradi. Qaysidir pallada namoyishchilar soni shunchalik ko‘p bo‘lib ketdiki, ular yon atrofdagi ko‘chalarga tarqaldi. Natijada parlament to‘liq qurshab olindi. Namoyishchilarning alohida guruhlari parlament fasadidagi darvozalarni «shturm qilish»ga urindi, ammo asosiy namoyishchilar bunga qarshi bo‘lishdi va ichkariga kirmoqchi bo‘lganlarni orqaga tortib ketishdi.

Shu bilan birga, jurnalist Aleksandrovning aytishicha, namoyishchilar bu safar politsiya kuch ishlatishi mumkinligiga tayyor bo‘lib kelishgandi. «Deyarli barcha oldindan niqob taqqan, arafatkalar o‘rashgandi. Odamlarning ryukzaklarida suv, sut, tuzli eritmalar bor edi. Ko‘plar velosipedchilar yoki chang‘ichilarning shlemlarini kiyib olgandi. Odamlar to‘qnashuvga tayyor edi», deydi muxbir. Uning so‘zlariga ko‘ra, mitingda markaziy tashkilotchi bo‘lmagan: namoyish o‘z-o‘zidan rivojlangan.

Shu bilan birga, politsiya ham mitingga tayyor edi. 7 mart kuni kuchishlatar idoralar tartibsiz harakatlangan bo‘lsa, bu safar maxsus topshiriqli bo‘linmalar (spetsnaz) namoyishchilarga uch tomondan tartib bilan yaqinlashib kelgan. Tiqilinch hosil bo‘lgan. Aleksandrovning baholashicha, maxsus vositalar va qalqonlarga ega «kosmonavtlar»ning (politsiyachilar) ham soni bir kun oldingidan «uch barobar ko‘proq edi» - kamida 500 kishi.

Soat 23:30 atrofida markazda yana suv purkagich texnikalar paydo bo‘lgan. Mitingchilar bir-biriga «Strategiya Agmashenebeli» partiyasi yetakchisi, siyosatshunos Georgiy Vashadzening tinchlikni saqlash, ammo parlament atrofidan ketmaslik haqidagi so‘zlarini yetkazishgan. Shu bilan bir vaqtda mitingchilar - asosan yoshlar - parlament tashqarisidagi ikki metrli metall to‘siqni buzishga kirishgan. Namoyishchilar metall bo‘laklaridan barrikadalar qurishga harakat qilishgan. Bunga javoban politsiya suv purkagichlarni ishga tushirgan va «kosmonavtlar» ortidan turib namoyishchilarga gaz yubora boshlagan, shuningdek parlament derazalaridan turib suv purkalgan. Mitingchilar chekina turib bino derazalarini sindirishgan.

Olomon Rustaveli prospektiga o‘tishga majbur bo‘lgan. Qo‘shni ko‘chalarda shturm harakatlari davom ettirilgan, ammo har safar tutunli granatalar tufayli ortga chekingan. Politsiyachilarda granatalardan tashqari baland yoqimsiz tovush chiqaruvchi maxsus qurilmalar bor edi.

Namoyishlarning ikkinchi kunida politsiyachilar bilan to‘qnashuv, 8 mart
Foto: DAVID MDZINARISHVILI/ANADOLU AGENCY

Qaysidir pallada maydonga shu qadar ko‘p gaz yuborishdiki, odamlar to‘qnashuv joyidan qochib chiqishdi. Ko‘pchilik 9 aprel parki atrofiga o‘tishgan. «Jabrlanganlar ko‘p edi. Qanchaligini aniq ayta olmayman, ammo bu o‘nlab, balki yuzlab edi. Ayrimlar qisman hushini yo‘qotdi. Xiyobon ko‘zi achishgan odamlar bilan to‘la edi», deya eslaydi Aleksandrov. Miting ishtirokchilaridan biri Stas esa politsiyachilar safi tomon plastik butilkalar uloqtirilganini aytadi: «Politsiyachilarning alohida to‘pi odamlar kuchishlatar tuzilmalar ortiga o‘tib olmasligini ta’minlash bilan mashg‘ul edi. Qaysidir pallada o‘q ovozlari ham eshitildi - bu balki rezina o‘qlar bo‘lgandir».

Yarim tunda granatalar tutuni bilan qoplangan Rustaveli prospekti bo‘shab qoldi. Ammo namoyishchilarning katta guruhlari parlament va Kura daryosi o‘rtasidagi kvartallar oralab yurishda davom etdi. Niqoblar bilan himoyalangan mitingchilarning bir qismi Rustaveliga qaytishga harakat qildi. Ko‘chada o‘rindiqlardan barrikadalar barpo etildi. Namoyishchilar guruhi politsiya avtomobillarini ag‘darishdi. «Ko‘chalarni to‘sish harakatlariga politsiyachilar jiddiy reaksiya qilmadi. Ularning ustuvor vazifasi parlament va boshqa hukumat binolari egallanishiga yo‘l qo‘ymaslik ekani ko‘rinib turardi», deydi namoyishlar guvohlaridan biri Andrey.

Jabrlanganlarga ko‘ngillilar yordam ko‘rsatishgan. «Yagona muvofiqlashtirish markazi yo‘q edi. Trotuarlarda qo‘lida tayyor suv bilan turgan odamlar bor edi. Maxsus eritmalar olib kelgan ko‘ngillilar bor edi. Uni ko‘zga tomizishar, odamlarga sut berishardi. Ahvoli yomonlashganlarni esa chetga olib ketib, o‘ziga keltirishardi. Barcha bir-biriga yordam berishga urinardi», deydi Daniil Aleksandrov.

Namoyishlar tongga qadar davom etgan, mingga yaqin namoyishchi markazni tark etmagan. Ertalabki soat besh atrofida politsiya suv purkagichlar qo‘llab, mitingchilarni qo‘lga ola boshlagan: spetsnaz namoyishchilar guruhiga «yorib kirib», ularni qo‘lga olishga kirishgan. Bundan tashqari, erta tongda aksilterror bo‘linma xodimlari muxolif faollar va jurnalistlarning uylariga kelgan. Ma’lum bo‘lishicha, parlamentning keyingi plenar yig‘ilishi bekor qilinadi - buning sabablaridan biri bino namoyishlar chog‘ida jiddiy shikastlanganidir.

Gurjiston IIVga ko‘ra, aksiya davomida bir qancha politsiyachilar jarohatlangan. Kamida bir namoyishchiga jinoiy ish ochilgan
Foto: DARO SULAKAURI/GETTY IMAGES

7-8 mart kungi aksiyalarda qo‘lga olinganlar soni 130 nafardan oshdi. Gurjiston IIV namoyishlar vaqtida bir qancha politsiyachilar jabrlanganini ma’lum qilgan.

9 mart tongida esa «Gurjiston orzusi» va «Xalq kuchi» qo‘shma bayonot berib, «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlament muhokamasidan qaytarib olinayotganini ma’lum qildi.

«[birinchi o‘qishda] qabul qilingan qonun loyihasi jamiyatda bahs-munozaralarga sabab bo‘lganini ko‘ryapmiz. Yolg‘on mashinasi qonun loyihasini salbiy ko‘rinishda taqdim etib, aholining ma’lum qismini chalg‘itishga muvaffaq bo‘ldi. Hujjat «Rossiya qonuni» deb noto‘g‘ri tamg‘alangan va uning birinchi o‘qishda qabul qilinishi jamoatchilikning bir qismi nazarida Yevropa yo‘nalishidan chekinish sifatida ko‘rsatilgan», deyiladi bayonotda. 

Shu bilan birga, partiya «hissiy fon» pasaygach, siyosatchilar yana bir bor Gurjiston fuqarolariga «mamlakatda chet el ta’siri shaffofligini ta’minlash nima uchun muhim bo‘lgani»ni tushuntirishga harakat qilishini va’da qilgan.

10 mart kuni esa Gurjiston parlamenti yalpi majlisda «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilishga qarshi ovoz berdi va shu bilan uni rasman qaytarib oldi.

Mavzuga oid