Burchini bajarish chog‘ida yaralangan yoki halok bo‘lgan harbiylar va xizmatchilarning oilasiga yangi imtiyoz va kafolatlar berilmoqda
Shavkat Mirziyoyev tomonidan 13 mart kuni imzolangan farmonga ko‘ra, halok bo‘lgan harbiylar va xizmatchilarning oilasiga beriladigan imtiyoz va kafolatlar ko‘lami kengaytirildi.
Prezident farmoni bilan Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazining Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilari va xodimlarining oila a’zolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarga bir qator imtiyoz va kafolatlar berilmoqda. Farmon matni O‘zAda e’lon qilindi.
2023 yil 1 apreldan boshlab:
- halok bo‘lgan harbiy xizmatchi (xodim) oila a’zolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida belgilanmoqda;
- harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida u halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida belgilanmoqda;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorlarda (mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan summadan oshmagan holda) mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila a’zolariga har oy to‘lanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi berilmoqda;
2023 yil 1 maydan boshlab:
- oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta’minotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilanadi;
- oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi;
- belgilangan tartibda turar joyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turarjoy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta’minlanadi;
- qonunchilikda belgilangan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) turar joy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish tartibiga muvofiq uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlarini olish huquqi saqlab qolinsin;
- halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) yangi nikohga kirmagan turmush o‘rtog‘i va (yoki) harbiy xizmatchining (xodimning) qaramog‘ida bo‘lgan ota-onasidan biriga Qurolli Kuchlarning harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibi tatbiq etiladi (mulkida turar joy bo‘lmagan taqdirda).
2023 yil 1 iyundan boshlab:
a) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha ta’lim olishi ta’minlanadi;
b) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga ikki marta temir yo‘l va havo yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi;
v) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila a’zolariga:
- ushbu halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) xizmatni o‘tagan mas’ul vazirlik va idoralarning tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlab qolinadi, shuningdek, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordamni ustuvor ravishda olish va navbatdan tashqari shifoxonaga yotqizish imkoniyati yaratiladi;
- yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi;
- navbatdagi yillik mehnat ta’tilidan qulay vaqtda foydalanish, shuningdek, yiliga ikki haftagacha muddatga ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til olish huquqi beriladi.
Mavzuga oid
11:08 / 09.11.2024
563 nafar harbiyning jasadi Ukrainaga qaytarildi
15:20 / 16.10.2024
RFda yarim yilda 6088 nafar harbiy jinoiy ishlar bo‘yicha sudlandi
17:12 / 08.10.2024
Shimoliy Koreya Rossiyani qo‘llash uchun Ukrainaga harbiylarini yuborishi mumkin
12:30 / 21.09.2024