Jahon | 22:22 / 16.03.2023
30618
9 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Amerika dronini dengiz tubidan olib chiqishga urinmoqda. AQSh endi unda hech qanday qimmatli narsa yo‘qligini aytdi

Rossiya hukumati o‘z harbiylari Qora dengizda amerikaliklarning shu kunlarda qulab tushgan MQ-9 Reaper droni qoldiqlarini olib chiqish uchun amaliyotni davom ettirayotganini tasdiqladi. AQSh ma’muriyati vakillari esa buni amalga oshirish qiyinligi, u topilgan taqdirda ham, undagi barcha qimmatli ma’lumotlar masofadan turib yo‘q qilinganini ta’kidlamoqda.

MQ-9 Reaper / Reuters

14 mart kuni AQSh harbiylari Qora dengiz osmonining bataraf qismida MQ-9 Reaper razvedkachi droni rossiyaliklarning Su-27 qiruvchisi bilan to‘qnashuv oqibatida suvga qulaganini ma’lum qilgandi. Rossiya mudofaa vazirligi to‘qnashuv faktini inkor etgan va dron transpondyorini o‘chirgan holda annexia qilingan Qrim tomon uchganini ma’lum qilgandi.

Chorshanba kuni Qora dengiz ustidagi hodisa munosabati bilan Amerika va Rossiya harbiy idoralarining yuqori martabali vakillari o‘rtasida ikki bor telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar ikki mamlakat mudofaa vazirlari Lloyd Ostin va Sergey Shoygu, shuningdek shtab boshliqlari Mark Milli va Valeriy Gerasimov o‘rtasida o‘tkazilgan.

Rossiya mudofaa vazirligi Shoygu va Ostin Qora dengiz ustida ro‘y bergan hodisani muhokama qilgani haqida xabar bergan. Shu bilan birga, TASS nashri yozishicha, rossiyalik vazir bu hodisa RF tomonidan «maxsus amaliyot» munosabati bilan e’lon qilingan parvozlarni cheklash hududiga rioya etilmagani, shuningdek, Rossiya manfaatlariga qarshi razvedka faoliyati kuchaytirilgani tufayli ro‘y berganini aytgan. Shoygu AQSh dronlarining Qrim sohillari yaqinidagi parvozlari «provokatsiya xususiyatiga ega bo‘lib, vaziyat keskinlashuvi uchun sharoit yaratishi»ni ta’kidlagan.

Ostin, o‘zining versiyasiga ko‘ra, Shoyguga «AQSh xalqaro huquq ruxsat beradigan barcha joyda parvoz qilishda va ishlashda davom etishi, o‘z harbiy samolyotlarini professional va xavfsiz boshqarish esa - Rossiya zimmasidaligi»ni aytgan (iqtibos Reuters agentliginiki).

Davlat departamenti rasmiysi Ned Prays esa AQSh boshqa mamlakatlar qatori Qrim Rossiya tomonidan noqonuniy ravishda annexia qilingan deb bilishi va bu hudud Ukrainaniki deb tan olishini eslatib o‘tdi.

Dron parchalarini chiqarib olish mumkinmi?

Bu vaqtda esa RF harbiylari MQ-9 Reaper qoldiqlarini Qora dengiz tubidan chiqarib olishga harakat qilmoqda. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev Rossiya davlat televideniyesiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

«Men biz bunga erisha olamizmi, yo‘qmi, bilmayman. Ammo buni qilish kerak va bu bilan albatta shug‘ullanamiz. Umid qilamanki, muvaffaqiyatga erishamiz», degan Patrushev.

Avvalroq rossiyalik harbiylashgan telegram-kanallarda qandaydir odamlar rus tilida qulagan dron qoldiqlarini qanday qilib chiqarib olish haqida gaplashayotgani audiosini tarqatishdi. Xususan, «ichki yonuv dvigateli korpusi»ni chiqarib olishga muvaffaq bo‘lingani haqida gap ketadi. Bu ma’lumotlar rasmiy tasdig‘ini topmadi.

Amerikaning ABC News telekompaniyasi shaxsi sir qolishini istagan amerikalik mulozimga tayangan holda rossiyaliklar Qora dengizga qulagan MQ-9 Reaper qoldiqlarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini yozib chiqdi. Jurnalistlar boshqa tafsilotlarni keltirmagan, jumladan dronning qaysi qismlari rossiyalik harbiylar qo‘liga tushgan bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritilmagan.

Ammo Pentagon vakili, general Patrik Rayder undagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomoni dron qoldiqlariga yeta olmagani haqida aytdi.

Chorshanba kuni AQSh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi rahbari Mark Milli amerikalik harbiylar rossiyaliklar apparat qoldiqlarini topgan taqdirda ham hech qanday maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kirita olmasligi uchun dron ta’minot dasturini o‘chirish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rganini aytdi. «To‘la ishonchimiz komilki, unda bo‘lgan barcha qiymatli narsalar endi qiymatga ega emas», dedi Milli.

U apparat suvga urilishi chog‘ida qismlarga bo‘linib ketgani, parchalar esa 4000-5000 fut (1200-1500 metr) chuqurlikka cho‘kib ketgani, shuning uchun ularni ko‘tarib olish qiyin bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.

Qora dengizda maksimal chuqurlik 2210 metrni tashkil etadi. Dron qulagan joyning aniq koordinatalari oshkor etilmagan, ammo, AQSh Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Qrimdan janubdagi hudud chuqurligi (tomonlar hodisa shu hududda ro‘y berganini ma’lum qilishgan) ming metrdan oshadi.

Bu hatto kuchli maxsus jihozlarga ega bo‘lgan g‘avvos bardosh bera oladigan darajadan ham ancha chuqurroqdir. Taqqoslash uchun, «Kursk» suvosti kemasi 108 metr chuqurlikda yotgan va uni ko‘tarib olish uchun maxsus og‘ir texnika talab etilardi, bunaqasi esa Rossiyada o‘sha vaqtda - 2001 yilda - bo‘lmagan.

Amerikaning NBC News telekompaniyasining uch manbasiga ko‘ra, AQSh hukumati ham MQ-9 Reaper qoldiqlariga yetib bora olishi dargumon.

Tahlilchilarning qayd etishicha, dengiz tubidan yirik dronni ko‘tarib olish uchun odatda harbiy kemalar yoki fuqarolik kemalari qo‘llanadi - bunday holat 2018 yilda kuzatilgandi, o‘shanda Ispaniya sohillarida USNS Arctic kemasi yordamida suv ostidan RQ-4 Global Hawk droni chiqarib olingandi. Ammo Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan ko‘p o‘tmay Turkiya Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozlarini harbiy kemalar uchun to‘sib qo‘ygan.

Dron bilan aynan nima sodir bo‘lgan?

Bu vaqtda AQSh va Rossiya MQ-9 Reaper qanday qilib halokatga uchragani borasida bahslashishda davom etmoqda. Vashingtondagilar rossiyaliklar qiruvchisi dronning parragiga urilib ketganini, undan oldinroq esa uning ustiga yonilg‘i to‘kib yuborganini aytgan; Moskvadagilar esa amerikaliklar apparati o‘zi boshqaruvni yo‘qotib qulaganini bildirgan.

NBC News telekompaniyasi AQSh ma’muriyatidagi manbalariga tayangan holda, Rossiya harbiy havo kuchlarining amerikaliklar droniga qarshi agressiv harakatlari «Kremlda eng yuqori darajada» ma’qullangani haqida xabar berdi.

Suhbatdoshlar NBC News muxbiriga aytishicha, rossiyaliklar qiruvchi samolyoti MQ-9 Reaper droni ustiga aviatsiya yonilg‘isini to‘kib yuborgan - va bu, Amerika razvedkasi fikriga ko‘ra, dronni yo‘nalishdan og‘dirish yoki uning sensorlarini «ko‘r qilib qo‘yish» maqsad qilinganini ko‘rsatadi.

«Yo‘lni to‘sib chiqishdagi tajovuz Rossiya rahbariyati niyatining bir qismi bo‘lgan», degan jurnalistlarga shaxsi sir qolishini so‘ragan amerikalik mulozim.

Amerika ma’muriyatidagi manbalardan biri NBC News nashriga xabar berishicha, unda bu harakat shaxsan prezident Vladimir Putin tomonidan ma’qullangani bo‘yicha ma’lumot borligini aytgan. Boshqa manbalar esa tafsilotlarga aniqlik kiritishni istamagan va faqat qaror «eng yuqori darajada» qabul qilinganini aytish bilan cheklangan.

NBC News manbalari so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar qiruvchisi amerikaliklar droni parragiga (propeller) tegish niyatida bo‘lmagan (Rossiya tomoni jismoniy to‘qnashuv faktini inkor etmoqda). Jurnalistlar gaplashgan va hodisa videoyozuvini ko‘rganini aytgan amerikalik mansabdorlar to‘qnashuv uchuvchi xatosi tufayli bo‘lgan degan xulosaga kelishgan.

Bu versiyani Prays ham tasdiqladi. «Men o‘ylaymanki, hozirda eng yaxshi baho - bu ular buni qasddan qilmaganini aytish. Katta ehtimol bilan, bu rossiyalik uchuvchilardan biri yoki har ikkisining o‘ta layoqatsizligi oqibati bo‘lgan», degan u Pentagonda mavjud bo‘lgan videokuzatuv kadrlariga ishora qilgan holda.

Rossiya mudofaa vazirligi voqeani quyidagicha ta’riflagan: «Qoidabuzarni aniqlash maqsadida havo hujumidan mudofaa kuchlarining navbatchi qiruvchilari havoga ko‘tarildi. Keskin manyovrlar natijasida soat 09:30 da (Moskva vaqti) MQ-9 droni balandlikni yo‘qotgan holda nazoratsiz parvozga o‘tdi va suv yuzasiga to‘qnashdi. Rossiya qiruvchilari havo-desant qurollaridan foydalanmadi, dron bilan aloqa qilmadi va o‘z aerodromiga qaytdi».

Payshanba kuni Pentagon Rossiya samolyoti Qora dengizda AQSh droni ustiga yonilg‘i to‘kib ketgani aks etgan videoni namoyish qildi.

Tasvirning davomiyligi tahrirlangan, biroq voqealar ketma-ket ko‘rsatilgan. 

Videoda qiruvchilardan biri ikki marta dron ustiga yonilg‘i tashlab o‘tganini ko‘rish mumkin. AQSh tomoniga ko‘ra, shundan so‘ng samolyot dronga urilgan va uning vintlaridan biriga zarar yetkazgan. Natijada AQSh harbiy-havo kuchlari shikastlangan dronni suvga cho‘ktirishga majbur bo‘lgan. 

Mavzuga oid