Jahon | 11:44 / 16.03.2023
17127
20 daqiqa o‘qiladi

Tbilisini tinch yo‘l bilan mahv etishga chog‘langan Moskva - Gurjistonda chet el agentlariga qarshi qonun nega kerak bo‘ldi?

Chet el agenti to‘g‘risidagi tashabbus nega kerak bo‘lib qoldi, nega Gurjiston hukumatini Kreml bilan aloqalarda ayblashmoqda, sobiq prezident Mixail Saakashvili ozodlikka chiqariladimi?

Tbilisidagi namoyishchilar g‘alabani nishonlamoqda: chet el agentlari to‘g‘risidagi mojaroli qonun loyihasi parlamentdan chaqirib olindi. Foto: Konstantin Volkov/news.ru

«Gurjistoncha Maydan». Chet el agentlari to‘g‘risidagi qonun tufayli Tbilisida alangalagan va o‘z niyatiga yetgan noroziliklar shunday ataldi. Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi mamlakatda so‘z erkinligini cheklovchi mojaroli qonunni chaqirib oldi. Biroq hukumat niyatidan to‘liq chekingani yo‘q, xalq tinchlanishi bilan qonun loyihasiga yana qaytishni va’da qilmoqda.

Chet el agentlari to‘g‘risidagi tashabbus nega kerak bo‘lib qoldi, nega Gurjiston hukumatini Kreml bilan aloqalarda ayblashmoqda, sobiq prezident Mixail Saakashvili ozodlikka chiqariladimi? Gurjiston jamoatchilik ishlari institutining xalqaro munosabatlar maktabi rahbari va siyosatshunos Tornike Sharashenidze shu savollarga javob berdi. U Gurjiston milliy xavfsizlik Kengashining sobiq tahlilchisi, Gurjiston bosh vazirining tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi bo‘lib ishlagan.

— Namoyishlar tugadi, odamlar o‘z niyatiga yetdi, deyish mumkinmi?

— Ha, qonun loyihasi chaqirib olindi. Namoyishchilar o‘z niyatiga yetishdi. Menimcha, shu bilan namoyishlar tugadi. Noroziliklarni hukumatni iste’foga chiqarish talabiga aylantirmoqchi bo‘lganlar ham topilishi mumkin. Lekin ular katta yutuqqa erisha olmaydi. Birinchidan, chet el agentlari to‘g‘risidagi qonunga qarshi turgan talabalar hukumatni ag‘darishga chiqmaydi. Ikkinchidan, hukmron partiya pozitsiyalari biroz tebrangan bo‘lsa-da, hali muxolifat kuchaygani yo‘q. Ya’ni «Gurjiston orzusi» mashhurligining pasayishi muxolifatidagi «Yagona milliy harakat» kuchayishini anglatmaydi.

— Umuman, ro‘y bergan noroziliklar — bu xalq g‘alayoni va uning ortida hech qanday muxolifat turgani yo‘qmi?

— Albatta turgani yo‘q! Xalq o‘zi chiqdi. Ayniqsa yoshlar. Hech qanaqa tashkilotchi, hech qanaqa muxolifat bosh bo‘lgani yo‘q. Bu o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan norozilik.

— Hukumat hujjatni vaqtinchalik qaytarib olgani, xalq tinchlangach yana unga qaytishini aytdi. Odamlarni chet el agentlari to‘g‘risidagi qonun zaruriyatiga ishontirsa bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi?

— Aytish qiyin, lekin bir narsada ishonchim komil. Qonunning qaytarib olinishiga Moskva qanday reaksiya bildirganiga qarab, u parlamentga Kreml tomonidan bosim yo tahdid tufayli kiritilganiga qariyb 100 foiz ishonaman. Aks holda, hukmron partiya hujjatni bu qadar faol lobbi qilishini tushunish qiyin.

Yana bir tushuntirish — «Gurjiston orzusi» farosat va o‘z haddini bilishni shu qadar yo‘qotib qo‘ygan, lekin bunga ishonish qiyin. Partiya pozitsiyalari hamon kuchli, ularga o‘z hokimiyatini yanada kuchaytirish uchun bu qonunning aslida keragi ham yo‘q. Ularga hech kim jiddiy tahdid qilmoqchi emas. Muxolifat esa o‘ta kuchsiz.

Lekin, keling vaziyatga boshqa tomondan qaraylik.

Agar bu qonun qabul qilinganida, u uchun ovoz berganlarning hayotini juda qiyinlashtirib yuborgan bo‘lar edi. Tashabbuskorlarning barchasi g‘arb sanksiyalari ostiga tushardi. Bundan kim manfaatdor?

Yo hukumat esini yo‘qotgan, yo bu qonun Kreml bosimi hosilasi.

— Moskvada Gurjiston hokimiyatiga bosim qilish uchun resurslar bormi o‘zi?

— Margarita Simonyanni o‘qing. Qonun loyihasi chaqirib olingach, u Gurjiston bilan «pachakilashib» o‘tirmasdan, darhol Tbilisiga o‘t ochishga chaqirdi. Bunaqa bayonotlar qilinar ekan, demak resurslar ham yetarli.

— Agar resurs bor deb taxmin qilinganda, strategiya qanday bo‘lmog‘i kerak. Rossiya Gurjistonda nimalarga erishmoqchi?

— Rossiya propagandasi ritorikasida tanklar paydo bo‘ldi, demak, Kreml Gurjistonni Ukrainadan keyingi nishon sifatida ko‘rmoqda. Aftidan, Moskva Tbilisini tinch yo‘l bilan qo‘lga kiritmoqchi. Agar buning imkoni bo‘lmasa, Simonyan aytgan yo‘l ishga solinadi — tanklar.

— Agar bu qonunni yana ilgari sura boshlashsa namoyishlar takrorlanadimi?

— Albatta. Qonundan tamomila voz kechilmasa, odamlar yana ko‘chalarga bosh ko‘tarib chiqishadi.

— Namoyishchilarni prezident Salome Zurabishvili ham qo‘llab-quvvatladi, garchi Gurjiston siyosatida uning roli to‘ydagi general xotindek bo‘lsa ham. Qonun chaqirib olinishida uning fikri ham ta’sir o‘tkazdimi?

— Uning ovozi namoyishlarni qo‘shimcha tarzda legitimlashtirdi, xolos. Umuman, Gurjiston prezidenti vakolatlari juda cheklangan. Zurabishviliga kelsak, 2018 yilgi saylovlarni ham u juda katta qiyinchiliklar bilan yutgan. Uning g‘alabasi uchun butun hukmron partiya, katta ma’muriy resurs sarflab ishlab berdi. Uning jamiyatdagi mashhurligi shubha ostida. Biroq uning namoyishchilarni qo‘llagani foydaga ishladi.

Gurjiston jamoatchilik ishlari institutining xalqaro munosabatlar maktabi rahbari va siyosatshunos Tornike Sharashenidze. Shaxsiy arxivdan

— «Gurjiston orzusi» asoschisi, biznesmen va oligarx Bidzina Ivanishvilini Kreml bilan aloqadorlikda ayblashadi. U o‘z pullarini Rossiyada ishlab topganiga ishora qilishadi. U hamon Rossiya bilan aloqalarni saqlab turgani borasida aniq dalillar bormi?

— Men surishtiruvchi emasman, men Gurjistonda yozilayotgan va gapirilayotgan gaplar bo‘yicha xulosa chiqara olmayman. Kreml, tabiiyki, qandaydir ta’sir richaglariga ega.

Asosiysi, Moskva qonun loyihasi chaqirib olinganiga qanday reaksiya bildirganini ko‘rdim. Go‘yoki ularning talabi bajarilmagandek qabul qilindi. Shu bilan barchasi tushunarli.

— Agar mantiqan o‘ylab qaralsa, Gurjiston uchun chet el agentlari to‘g‘risidagi qonun nima uchun kerak? Hukumat o‘z adresiga OAV tomondan yog‘dirilayotgan tanqidlardan norozimi?

— Hamma gap shunda-da. Sog‘lom fikr nuqtayi nazaridan, bu qonun nega to‘satdan kerak bo‘lib qolganini hech kim tushunmaydi. Hattoki hukumatni tanqid qilayotgan OAV ham «Gurjiston orzusi» monopoliyasiga tahdid sola olmaydi.

Agar parlament qonunni tasdiqlagan taqdirida ham, barcha mediaga chet el agenti yorlig‘i yopishtirila boshlanar edi, deb o‘ylamayman. Shunday bo‘lgan taqdirda ham «chet el agenti» yorlig‘iga ega OAVni o‘qimay, ko‘rmay qo‘yisharmidi? Safsata! Yagona sabab: Rossiya Gurjistonning jahon sahnasidagi nufuzini yakson qilmoqchi bo‘ldi. Bu yo‘lda chet el agentlari to‘g‘risidagi qonun juda qo‘l keladigan vosita.

— Nega chet el agentlari to‘g‘risidagi qonunga qarshi namoyishlar bu qadar ommaviy bo‘ldi, ammo odamlar sobiq prezident Mixail Saakashvilini qo‘llash uchun istamaygina chiqishmoqda?

— Takrorlayman: muxolifat juda kuchsiz. Talabalar ko‘chaga chet el agentlari to‘g‘risidagi qonunga qarshi, ya’ni demokratiyani yoqlab chiqishdi. Ular sobiq prezidentni qo‘llab uchun namoyishga chiqmoqchi emas. Saakashvili — bu kechagi kun. Ivanishvili — bugungi. Ertangi kun hozircha ko‘rinmayapti.

— Odamlar qamoqxonada o‘lay deb turgan islohotchi prezident taqdiriga nega bu qadar befarq?

— Saakashvili qamoqxonada emas, u kasalxonada, vrachlar nazorati ostida. Albatta, uning yaxshi ahvolda emasligi taassufli. Biroq, boshqa tomondan uni hech kim bu yerga o‘g‘irlab keltirgani yo‘q. Uning o‘zi Gurjistonga kelib, chegarani noqonuniy kesib o‘tdi. Sobiq prezident vatanida unga nisbatan jinoiy ishlar ochilganini bilar edi, lekin qo‘rquv va tahdidni o‘z gardaniga olib, baribir keldi. Lekin Saakashvili uchun gurjilar Maydan tashkil qilishmaydi. Uning uchun hech kim o‘lmoqchi emas.

— Nega? U Gurjistonda mashhur emasmi yoki vatanida uning hech qanday siyosiy kelajagi yo‘qmi?

— U tomonidan asos solingan «Yagona milliy harakat» hamon Gurjistondagi eng kuchli muxolif partiyaligicha qolmoqda. Uning reytingi qariyb 20 foiz atrofida. Aslida bu ko‘pdek. Lekin uning ortida xalqning katta qismi turgani yo‘q. Saakashvili vatanida uni qamoq kutayotganini bila turib keldi. Endi o‘zining ozod qilinishini talab qilmoqda. Uni qanday ozod qilish mumkin? Inqilob qilish kerakmi? Axir bu g‘irt bema’nili-ku?!

— Gurjiston jamiyatida Saakashvilini nimcha uchun tanqid qilishadi? Uning nimasini kechira olishmaydi?

— Ha, Saakashvili Gurjistonda islohotlar o‘tkazdi. Mamlaktimizni faoliyat ko‘rsatayotgan davlatga aylantirdi. Lekin nima uchun 2012 yilda uning partiyasiga ovoz berishmadi va bir yildan so‘ng uning o‘zi ham prezidentlikdan ketdi? Chunki inson huquqlarini toptash borasida ommaviy holatlar ro‘y bergan edi. Sobiq prezidentning o‘zi ham hokimiyat tepasida o‘tirganida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini tan olgan. Agar o‘shandayoq siyosatdan ketganida, hozir ham uning reytinglari baland bo‘lgan bo‘lardi. Uning hamma yomonliklarini unutib, yaxshiliklarini eslab qolishardi. Lekin u siyosatda qoldi. Gurjistonga qaytdi. Aftidan, yangi inqilobdan umid qilib qaytgan. Amalda unday bo‘lib chiqmadi.

— Jahon hamjamiyati bosimi ostida Saakashvilini ozodlikka chiqarish ssenariysi nechog‘lik ehtimolli?

— Ehtimoli past. Saakashvili kechirim so‘rasa ham uni ozod qilishmasa kerak. Chunki bu shunchaki oson emas. Uning uzr so‘rashini kutish ham yaramaydi. Shaxs miqyosida u turklarning Mustafo Kamol Otaturkiga mengzaladi va o‘zini ham gurji millatining otalaridan biri hisoblaydi. Ha, Saakashvili ko‘plab islohotlarni o‘tkazgan. Lekin na u, na uning hammaslaklari o‘z xatolari ustida bosh qotirishgan. Agar odamlar ulardan rozi bo‘lganida, 2012 yilda yana qayta saylagan bo‘lisharmidi. Lekin bunday bo‘lib chiqmadi. Nega? Chunki mamlakatda hammasi joyida emasdi.

Bugun Saakashvili partiyasining antireytingi uning reytingidan yuqoriroq ekani o‘tmishdagi xatolar natijasidir, garchi uning partiyadoshlari buni tan olishni istamasa-da.

Mixail Saakashvili Kiyevda Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan ushlangan payt. Foto: Evgeniy Maloletka / AR

— Biroq Saakashvili uzoq vaqt Ukrainada yashadi. Bu vaqt ichida u nafaqat gurji, ukrain siyosatchisi sifatida ham qabul qilina boshladi. Nahotki shu vaqt ichida «Yagona milliy harakat» partiyasi sobiq yetakchisi bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘nalish e’lon qila olmadi?

— Shu davr ichida uning partiyasi hukumatda emas, muxolifatda bo‘ldi. Muxolifatda nima ham qilish mumkin? Fikrimcha, ularda qayta qurish, o‘z saflarini yangilash imkoniyati bor edi. Lekin bu qo‘ldan boy berildi. Bir necha yil avval TIVning sobiq rahbari Grigol Vashadze partiyaga yetakchi bo‘ldi. U muxolifatning yangi yetakchisi bo‘la olmadi, to‘g‘rirog‘i bunga izn berishmadi. Rebrending, modernizatsiya, qayta qurish, saflarni yangilash — «Yagona milliy harakat» uddalay olmayotgan narsalar.

— Saakashvili Gurjistonda demokratiya va muxolifatni qutqarib qolish uchun qaytib kelganini bayon qildi. Lekin u o‘z figurasi va xarizmasi bilan muxolifatda yangi va yosh yetakchilar paydo bo‘lishiga xalaqit qilmaydimi?

— Qandaydir darajada xalaqit qiladi. Siyosatchilarning keksa avlodi yoshlarga yo‘l bermaydi. Garchi yoshlar orasida ham yorqinlikda va ajoyiblikda ulardan kam bo‘lmagan yetakchilar topilsa-da. Hozircha ular jiddiy siyosiy ta’sir borasida maqtana olishmaydi.

Yangi yetakchilar paydo bo‘lishiga xalaqit qilayotgan yana bir sabab — OAVning monopollashtirilgani. Bir tomondan qarasa medianing katta qismini «Gurjiston orzusi» nazorat qiladi, boshqa tomondan barcha muxolifat resurslari «Yagona milliy harakat»ga ishlaydi. Bu jiddiy muammo.

Yangi, yosh yetakchilar o‘zlari haqida Facebook, TikTok va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali faolroq chiqish qilishlari kerak. Biroq bu resurslardan hozircha siyosiy maqsadlarda juda kam foydalanilmoqda. Ehtimol, bunga rag‘bat yo‘qligining sababi ham OAVning hokimiyat va saakashviliparast partiyalar tomonidan monopollashtirilganidir.

— Ukrainadagi yetakchilarning Saakashvilini ozod qilishga chaqiruvlariga qanday qaraysiz? Bu harakatlar Gurjiston hukumatiga ta’sir o‘tkazadimi?

— O‘z bayonotlari bilan ukrain siyosatchilari Gurjistondagi ichki siyosiy vaziyatdan mutlaqo bexabarliklarini namoyish etishmoqda. Ular o‘z chaqiriqlari bilan odamlarni ko‘chaga chiqara olamiz, Misha ozod bo‘ladi va yana siyosat bilan shug‘ullana boshlaydi, deya xomtama bo‘lishmoqda.

Gurjiston jamiyatida Saakashvili mamlakatda amalga oshirgan yovuzliklari uchun jazoni o‘tashi kerakligi borasida talab bor. Ukrainada buni tushunishmayapti, chog‘i.

— «Gurjiston orzusi»ni rossiyaparastlik, hokimiyatni uzurpatsiya qilganlik va avtoritarizmni kuchaytirayotgani borasida qanchalik tanqid qilishmasin, partiya hamon ko‘pchilik ovozni ushlab turibdi. Nega?

— Birinchidan, «Gurjiston orzusi» — Saakashviliga yon bosuvchi «Yagona milliy harakat»ga bosh muqobil. Muxolifatning antireytingi uning reytingidan yuqori va hukmron partiya mana shu qartani o‘ynayapti. Ikkinchidan, mashhurlikni ushlab turishni ma’muriy resurs ta’minlamoqda. Uchinchidan, muxolifat birlasha olmayapti. Tarqoqlik holatida ulkan ma’muriy resursga ega hukmron partiyani yutish juda qiyin bo‘ladi.

— Jahon OAViga ishonilsa, Bidzina Ivanishvili Kremlning Gurjistondagi yagona agenti. U o‘zini omma oldida qandaydir ko‘rinishda namoyon etadimi?

— Mutlaqo. Ivanishvili ommaga tanish inson emas. Lekin u mamlakatdagi asosiy siyosiy qarorlarga ta’sir o‘tkaza oladi, deb hisoblash uchun asoslar bor. Shunchaki, buni u qanday amalga oshirishini hamma ham bilmaydi.

Bidzina Ivanishvili (chapda) va uning «Gurjiston orzusi» partiyasi yetakchisi Irakliy Kobakidze. Foto: Malxaz Chubabriya/Wikipedia.org

To‘g‘risi aytganda, u iste’foga chiqishni orzu qiladi. Lekin bu orzusini nega amalga oshira olmayotgani — boshqa masala.

— Nega?

— Ivanishvilining muammosi nimada? U Gurjistonda yashashni istaydi. Lekin o‘zi va oilasi xavfsizligi, kapitallarini saqlab qolish uchun mamlakatdagi siyosiy vaziyatni ham nazoratida ushlash muhim. Buning uchun Gurjistonni unga sadoqatli insonlar boshqarishi kerak. Ammo ba’zan bu insonlar noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishadi va vaziyatni o‘nglash uchun uning shaxsan o‘zi aralashishga majbur bo‘ladi. Ikkilanishlar shu yerda — ketgisi ham keladi, qolmasa ham bo‘lmaydi. Ketsa-yu, usiz hammasi dabdala bo‘lsa-chi?

— Nega muxolifat birlasha olmaydi?

— Bu yerda omillar soni ko‘p. Muxolif partiyalar bir-birini yomon ko‘radi. Birlashishga Saakashvili omili ham xalaqit qiladi. Ko‘plab muxolif kuchlar sobiq prezident va uning partiyasi bilan birgalikda eslanishni istashmaydi. Lekin hokimiyatga raqobatda bo‘lganlarning barchasi alohida holda «Gurjiston orzusi»ni joyidan qo‘zg‘ata olmasliklarni yaxshi bilishadi. Lekin ular bir-biriga yon berishga tayyor emas. Yopiq doira ichida depsinib turish ham hukmron partiya hokimiyatni osongina ushlab turishi uchun sharoit yaratmoqda.

— Ya’ni Gurjistonda xuddi Rossiyadagidek ko‘p tilga olingan barqarorlik fuqarolarning huquq va erkinliklaridan hozircha ustun bo‘la olgani yo‘q?

— Barqarorlik va tinchlik, albatta, muhim. Lekin qanday baho evaziga qo‘lga kiritilayotganiga ham qarash kerak. Agar chet el agentlari to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganida u demokratik yo‘ldan og‘a boshlashni bildirardi. Bu qonundan keyin Kreml yangi talablarni qo‘ya boshlardi. Masalan, konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish, NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lidan voz kechish. Albatta, «rus dunyosi»ni Gurjistonga tinch yo‘l bilan yoyish ham arzon, ham chiroyli, lekin tanklar doimo hozir-u nozir.

Men Gurjistondagi vaziyat Ukrainadagi urush qanday yakunlanishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq, deya takrorlashdan charchamayman. Agar Rossiya g‘alaba qozonsa, keyingisi Gurjiston, Moldova, Qozog‘iston va boshqa possovet davlatlari bo‘ladi.

— Agar Rossiya urushda mag‘lubiyatga uchrasa-chi? Gurjiston Abxaziya va Janubiy Osetiya bilan yana qayta birlashishini kutyapsizmi?

— Hududlarning tinch yo‘l bilan qayta integratsiyalashuvi ro‘y berishi uchun buning ustidan hoziroq ish boshlash kerak. To‘g‘risini tan olaman, agar biz abxazlar va osetinlar bilan yana urushishga majbur bo‘lsak, bu yangi halokat bo‘ladi. Shuning uchun bugundanoq norasmiy darajada bo‘lsa ham muloqotni yo‘lga qo‘yish, xalq diplomatiyasini olib borish, qayta birlashuv uchun zamin hozirlash kerak.

— Ya’ni Rossiyaning mag‘lubiyatga uchrashi Tsxinvali va Suxumining avtomatik ravishda Gurjiston tarkibiga qaytishi uchun kafolat bo‘la olmaydimi?

— Ertami-kechmi ular borar joyi yo‘qligini anglab yetishadi. Rossiyaning yordami tugashi mumkin. Shuning uchun biz tinch yo‘l bilan qo‘shilishga oldindan tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.

— Ukraina va Moldova Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun nomzod statusini olishdi. Rossiya ochgan urush ham bu jarayonni tezlashtirdi. Gurjistonga bu status berilmadi. Nega?

— Keling, ochig‘ini tan olaylik, Ukrainaga ham, Moldovaga ham, Gurjistonga ham Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun hali juda ko‘p vaqt bor. Biz nomzodlik statusini olmaganimizga sabab so‘nggi yillarda hukumatimiz juda no‘noqlik qildi. Bunda mashhur muxolif telekompaniya bosh direktori Nika Gvaramiyaning qamalishi, Saakashivilining qaytishi va qaytgani hamono qamoqqa tiqilishi ham o‘z rolini o‘ynadi. Umuman, demokratik davlat reputatsiyamiz ancha qimirlab qolgan, sachragan loylarni yuvish oson bo‘lmaydi. 

Mavzuga oid