Fan-texnika | 15:42 / 18.03.2023
95051
5 daqiqa o‘qiladi

Telegram’da katta yangilanish, raqamli rubl va eng kuchli android-smartfonlar - hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Foto: AP

Raqamli rubl

Rossiya Davlat dumasi raqamli rublni muomalaga kiritishni ko‘zda tutuvchi ikkita qonun loyihasini ma’qulladi.

Qayd etilishicha, Rossiya Markaziy banki 1 apreldan 13ta bankning real mijozlarida raqamli rublni sinovdan o‘tkazishni boshlashni rejalashtirmoqda.

Platformadan jismoniy va yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, ijro etuvchi hokimiyat organlari foydalanishi mumkin. Ushbu jarayonda Rossiya Markaziy banki raqamli rublning xavfsizligi va ular bilan bog‘liq operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘g‘ri hisobga olish uchun javobgar bo‘ladi.

Telegram’da katta yangilanish

Telegram quvvat tejaydigan yangilanishni chiqardi. Ushbu rejim smartfonda ko‘p energiya sarflaydigan animatsiya va vizual effektlarni o‘chirish va batareya quvvatini kamaytirish imkonini beradi. Yangi rejimni shunday sozlash mumkinki, u zaryad darajasi belgilangan qiymatga tushganda avtomatik ravishda yoqiladi.

Bundan tashqari, messenjerda boshqa ba’zi funksiyalar kengaytirildi. Masalan, endi foydalanuvchi videoni o‘zi belgilagan tezlikda ko‘ra oladi (0,2x dan 2,5x gacha bo‘lgan variantlar bor). Shuningdek, guruh chatlarida xabar jo‘natuvchilar har bir foydalanuvchi tomonidan xabar o‘qilgan vaqtni bilib olishi mumkin.

Ilk turk elektromobili

Turkiyada TOGG elektromobili uchun buyurtma olish boshlandi. Yetkazib berish mart oyining oxiridan boshlanishi rejalashtirilgan.

Ilk turk elektromobilining narxi 52 ming 700 dollarni tashkil etadi. Mashina 200 ot kuchiga ega, 100 km/soat tezlikka 7,6 soniyada chiqa oladi.

Krossover to‘liq quvvat bilan 500 kmgacha yo‘l bosadi, atigi yarim soat ichida akkumulyatorini 80 foizgacha zaryadlash mumkin.

Ommaviy ishlab chiqarish 2022 yilning oktabr oyi oxirida boshlangan, zavod yiliga 175 mingtagacha avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega.

“Aqlli” akvarium

Xiaomi kompaniyasi Mijia “aqlli” akvariumini sotuvga chiqardi. Uning qator funksiyalarini mobil smartfon ilovasi yordamida masofadan turib boshqarish mumkin. Qurilma yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 91,3 foizgacha bo‘lgan o‘ta tiniq shisha, suv haroratini nazorat qiluvchi datchiklar va suvni tozalovchi filtrga ega.

Maxsus mobil ilova yordamida akvarium egasi qurilmaning LED yoritgichlarini boshqarishi, shuningdek, baliqlarni masofadan turib oziqlantirishi mumkin. Akvarium suvini esa har 6 oyda almashtirish talab etiladi. Mijia Xitoyda 57 dollardan sotilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni kamaytirish immunitetni yaxshilaydi

Angliyaning Suonsi universiteti tadqiqotchilari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni kuniga 15 daqiqaga qisqartirish umumiy salomatlik va immunitetni sezilarli darajada yaxshilashini aniqladi. Bundan tashqari, odamlarda yolg‘izlik va depressiya tuyg‘ularining ko‘rsatkichi pasaydi.

Tadqiqot davomida mualliflar uch oy davomida 20-25 yoshdagi 50 ishtirokchini (33 ayol va 17 erkak) kuzatdilar. Har oyda ularning jismoniy va ruhiy salomatligi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarni ko‘rishga qancha vaqt sarflagani tahlil etildi, keyin esa odatdagi vaqtini kuniga 15 daqiqaga qisqartirish so‘raldi. Olingan ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlardan odatdagidek foydalangan yoki ataylab boshqa biror narsa bilan shug‘ullangan nazorat guruhining ma’lumotlari bilan taqqoslandi. 

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni kamaytirgan guruhning immuniteti o‘rtacha 15 foizga yaxshilangan. Xususan, ular shamollash va grippga kamroq chalingan, uyqu sifati 50 foizga yaxshilangan va depressiya belgilari 30 foizga kamaygan. 

Eng kuchli android-smartfonlar

Antutu fevral oyining eng kuchli android-smartfonlari reytingini e’lon qildi.

Birinchi o‘rinni Red Magic 8 Pro+ egallagan. Smartfon Snapdragon 8 Gen 2 protsessori bilan jihozlangan bo‘lib, tezkor xotirasi 16 GB va doimiy xotirasi 512 GB. 

Ikkinchi o‘ringa xuddi shu protsessor o‘rnatilgan vivo X90 Pro+ smartfoni joylashdi. Uning tezkor xotirasi 12 GB va doimiy xotirasi 512 GB.

iQOO 11 esa uchinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan. Uning tezkor xotirasi 16 GB va doimiy xotirasi 256 GB.  

Eng kuchli Android-smartfonlar ro‘yxatiga shuningdek, Galaxy S23 Ultra, Galaxy S23+, Galaxy S23, One Plus11, Rog Phone 6D, Mi 12T Pro hamda Redmi K50 Ultra smartfonlari kiritilgan. 

Mavzuga oid