Jahon | 19:59 / 23.03.2023
62513
13 daqiqa o‘qiladi

Putin uchun sanksiyalardan ham og‘irroq order: u legitimlikka berilgan zarba

Haagadagi Xalqaro jinoiy sudining Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish bo‘yicha orderining hozirda to‘g‘ridan to‘g‘ri yuridik oqibatlari ro‘y bergani yo‘q, biroq allaqachon diplomatik oqibatlar bo‘y ko‘rsata boshladi.

Foto: Aleksey Nikolskiy / AP / Scanpix / LETA

XJS qarori hozirning o‘zida AQSh va Yevropa bilan aloqalariga putur yetib bo‘lgan Rossiyaning G‘arbdan bo‘lmagan davlatlar bilan yaqinlashuvini qiyinlashtiradi. Order prezidentning o‘z apparati bilan munosabatlariga ham ta’sir qiladi: agar G‘arb sanksiyalaridan so‘ng cheklovlardan yuqori turgan Putin sanksiyaga tushgan qo‘l ostidagilar nima qilishini kuzatgan bo‘lsa, endi atrofidagilar davlat rahbari bilan nima bo‘lishini kuzatmoqda.

Bularning bari Rossiya prezidentiga qanday tahdid qilishi borasida xalqaro tinchlik bo‘yicha Karnegi fondi katta ilmiy xodimi Aleksandr Baunov fikr yuritdi.

* * *

Roppa-rosa to‘qqiz yil muqaddam Rossiya elitasi sanksiyalar ostiga tushishdan qochuvchilar va va sanksiyaga tushishni istovchilarga bo‘lindi. 2014 yil martida g‘arb hukumatlari va institutlari Qrim annexiasi bilan bog‘liq shaxslarga qarshi ilk personal sanksiyalar ro‘yxatini e’lon qildi. O‘shanda bu qadam Rossiya rahbariyatini Putinni falokatli xatolardan qaytarishi mumkin bo‘lgan nisbatan sog‘lom va toksik aktivga bo‘la olmagan edi.

Haagadagi xalqaro jinoyat sudi Vladimir Putinni hibsga olish uchun order berib masalaga boshqacha yo‘l bilan yondashmoqda. G‘arb hukumatlarining sanksiya strategiyasi pastdan tepaga qarab yo‘nalgan edi, sud esa o‘z strategiyasini tepadan pastga qarab qurmoqda.

Sanksiya keltirgan bo‘linish

2014 yilgi sanksiya ro‘yxatlari boshqa davlat hisobiga chegaralarni kengaytirish uchun jazolash vazifasi bilan birga Putin siyosati uchun nomenklaturaviy posangi yaratishga qaratilgan edi. Lekin o‘shandayoq Rossiya yuqori doiralarida Putinni o‘z hissiyotlari va istaklariga qarshi o‘laroq harakat qilishga majburlash uchun kuch va vositalar juda kam edi.

Natijada, G‘arbda obro‘-e’tibori yaxshiroq, sanksiyalar ostiga tushish imkoniyati kamroq bo‘lgan yuqori doira vakillari shunchaki yoqimsiz davrlarni kutish bilan o‘tkazib, o‘zining odatdagi ishlari bilan shug‘ullana boshlashdi. Sanksiya ostiga tushganlar esa G‘arb tomonidan «peshonasiga surtilgan qora kuya»ni Rossiya ichida ajralib turuvchi nishonga — Rossiya nomenklaturasi ichida raqobat ustunligiga aylantirishga harakat qilishdi. Sanksiyalar ostida ekanligi faktining o‘zini ular dushmanlar tomonidan berilgan «Putin va uning rejimiga sadoqat sertifikati», evaziga shaxsiy komfort qurbon qilingan vatanparvarligi kafolati sifatida taqdim eta boshlashdi.

Bunday holatlarda odatiy tarzda bo‘lganidek, birinchi guruhga jahon iqtisodiyotiga chuqur integratsiyalashgan funksionerlar, har qanday rejim: xoh u diktatorlik bo‘lsin, xoh liberal — kompetensiyalarga ega texnokratlar mansub edi. Ikkinchi toifadan asosiy tovari rahbariyatga sadoqat bo‘lganlar: g‘arbga qarshi unsurlar, possovet nostalgiyasi, konservativ diniy tus olgan ritorikaga ega bo‘lganlar joy ola boshladi.

Ularning ayrimlari Putin va Rossiya aholisida sanksiya ostiga tushmaganlarning vatanparvarligi borasida shubha paydo qilishga ham urinib ko‘rishdi. G‘arbni fosh qilish bilan birga Yevropaning eng so‘lim go‘shalaridagi uylariga borib yashashni birgalikda olib borishga sanksiyalar yo‘l qo‘ymasdi. Boshqacha aytganda, urushgacha bo‘lgan birinchi qismda biz 2022 yil 24 fevraldan so‘ng Rossiyada yuz berayotgan narsalarning ancha ehtiyotkorona shart-sharoitlardagisini kuzatdik.

Bu ikki strategiya prinsipal jihatdan turlicha bo‘lgan ikkita karera investitsiyasi edi va ikki turli tashqi siyosiy kurs va turlicha davlat ritorikasini talab qilardi. Qrim va Donbassdan keyingi sanksiyalar Rossiya ichidagi oliy doiralarda G‘arb bilan keskin munosabatlardan umumiy manfaatlarga ega, bu munosabatlarni yaxshilashga intiluvchilarga esa gumon nazari bilan qarovchi funksionerlarning jips guruhini shakllantirdi.

Putinning o‘zi sanksiya ostida bo‘lmagan amaldorlar guruhiga mansub edi (G‘arb oliy darajada muloqot qilish uchun imkoniyat qoldirishni ma’qul ko‘rgan edi), lekin cheklovlar ostida bo‘lganlarga simpatiya bildirardi. Alal-oqibat, prezidentning qarorlarini bajarib va qo‘llab ular ziyonda qolishgandi, Putin esa buning evaziga ularni tezlashtirilgan karera va ortiqcha e’tibor bilan siylashga tayyor edi.

Darajasi pastroq insonlar ham sanksiyalardan rahbariyat va davlat apparati bilan munosabatlarda foydalanishga urindi: «sanksiya urushi veteranlari va nogironlari»ga kareraviy va moddiy kompensatsiya nazarda tutilgan, buni rad etganlar chinakam vatanparvarlarga qarshi chiqayotganlar, deb baholanadi. Umuman olganda, shu paytgacha sanksiya ro‘yxatlar shu qadar uzayib ketdiki, ularda mavjud bo‘lish boshqa amaldorlar va kompaniyalar fonida ajralmay qoldi. Bank sohasida ham sanksiyalardan qochib qolganlik u yoki bu darajada noyob va qimmatli aktiv sifatida baholana boshlandi, axir ishlash ham kerak-da.

Kuzatuvchilar va kuzatuvchi

Birdaniga prezidentni hibsga olish uchun yozilgan order Rossiya oliy doirasidagi shubhalar bilan to‘yingan muhitda Rossiya elitasi tomonidan o‘zlarini gadoy qilish u yoqda tursin, qamoqqa ham olib borib tiqadigan Putinni tark etishga taklifnoma sifatida o‘qiladi. Putinning atrofida emas, unga qarshi birlashuv uchun chaqiriq sifatida. Bu holatda agar orderlar soni oshib boradigan bo‘lsa, sanksiyalar bilan bog‘liq vaziyatlar takrorlanishi ham mumkin. Birovlar ta’qib xavfidan himoyalana boshlaydi, boshqalari esa Putindan keyin kim orderni qo‘lga kiritishi bo‘yicha musobaqaga kirishadi.

Biroq, sanksiya ro‘yxati va Xalqaro sudning hozircha kaltagina ro‘yxati o‘rtasida muhim bir farq bor. Rossiya nomenklaturasiga nisbatan sanksiya ro‘yxatlari pastdan yuqoriga qarab qurilgan edi. Ilk sanksiyalar muayyan harakatlar uchun javobgar deya topilganlarga qarshi joriy etilgan edi: Magnitskiy o‘limi, Qrim annexiasi, Donbassdagi o‘sha paytdagi gibrid urush uchun. Eng yuqoriga — Rossiya davlati va hukumati birinchi raqamli shaxslariga bu ro‘yxat Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga keng miqyosida bostirib kirganidan so‘ng yetib bordi. Bu vaqtga kelib Rossiya elitasining katta qismi sanksiyalar ostida edi, qolganlarining aksariyat qismi ham tezda bu ro‘yxatga qo‘shildi.

Xalqaro jinoiy sud esa, aksincha, ta’qibni eng yuqoridan boshladi. Sud bosh prokurori Karim Xon Putinga qarshi orderni taassufli voqea va boshqa surishtiruvlardagi birinchi qadam deb atadi. Bu vertikal, tepadan pasga qaratib qurilgan yondashuv ma’lum bir sharoitlarda rejim rahbari va uning apparati o‘rtasida chiziq tortish uchun eng yaxshi vosita ham bo‘lishi mumkin.

Order bilan bog‘liq vaziyat sanksiyalarnikidan farqli ko‘rinishga ega. O‘shanda sanksiyalardan yuqori turgan Putin o‘z atrofidagi sanksiyaga tushgan insonlarga nima bo‘lishini kuzatayotgan edi. Endi uning atrofidagilar unga nima bo‘lishini kuzatadi.

Kelgusida Rossiya elitasining boshqa vakillarga nisbatan hibs uchun orderlar yozilishi o‘zining sadoqatli ekanini isbotlash uchun bahona ham bo‘lishi mumkin. Biroq hozircha chiziq hali ta’qib ostida bo‘lmagan apparat va Putin o‘rtasida o‘tkazilgan. Hozircha u orderning bir tomonida, uning atrofidagilar esa boshqa tomonda.

Ko‘p yillar davomida Miloshevichga xizmat qilib kelgan davlat apparati u yiqitilgach, uni darhol ushlab Haagaga topshirgan. Yoki Fransisko Franko tomonidan o‘z rejimini davom ettirish uchun qurilgan nomenklatura uni buzish uchun jon jahdi bilan kirishgani, birinchi shaxslar ketishi va ularning siyosat vektori ham o‘zgarishini yodga olish mumkin.

Tashqi siyosiy qiyinchiliklar

Rossiya Xitoy va AQSh bilan bir qatorda Xalqaro jinoiy sud (XJS) yurisdiksiyasini tan olmaydigan davlatlar sirasiga kiradi, bu borada berilgan order uning uchun zarracha ahamiyatsiz. Putin yaqin kelajakda hech qanday orderlarsiz ham o‘zi dushman deb biladigan g‘arb davlatlariga qadam bosa olmaydi, u xoh XJS yurisdiksiyasini tan oladigan Yevropa bo‘lsin, xoh tan olmaydigan AQSh.

2022 yilda Rossiya prezidenti nafaqat ihotalanishdan cho‘chib, o‘z xavfsizligidan ham xazir bo‘lib Indoneziyada o‘tgan G20 sammitiga bormadi. Hattoki mamlakat ichida sayohat qila turib u samolyotlardan ko‘ra maxsus zirhli poyezdni afzal bilmoqda.

Boshqa tomondan, Putin agar uni qabul qilishga tayyor g‘arbdan bo‘lmagan davlatlardan biriga borishga qaror qilsa, masalan KXShT a’zosi bo‘lgan Tojikistonga, u yerda mahalliy hukumat tomonidan uning qo‘liga kishan urilishini tasavvur qilish qiyin. Bu G‘arbdan bo‘lmagan, XJS yurisdiksiyasini tan oladigan ko‘plab davlatlarga ham taalluqli.

Lekin Putin uchun ruxsat berilgan narsa, davlat apparatining quyi lavozimidagi shaxslar uchun imkonsiz. Agar ularga ham order chiqarilsa, XJS yurisdiksiyasini tan oluvchi mamlakatlarda ushlanish va so‘roq qilinish xavfi juda yuqori. Putin har qanday davlatga, jumladan, G‘arbdan bo‘lmagan davlatlarga ham bir o‘zi emas, kattakon delegatsiya bilan yo‘l oladi, ishlarning katta qismi birinchi shaxs ishtirokisiz bajariladi.

G‘arb sanksiyalari Rossiya nomenklaturasining sayohat qilish, ko‘chmas mulk xarid qilish, xalqaro ommaviy tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatini qattiq qisqartirdi. Endi G‘arbdan bo‘lmagan ko‘plab davlatlar ham xavfli zonaga aylanishi mumkin. Rossiya rivojlanayotgan dunyoning G‘arbdan noroziligini nechog‘lik urg‘ulamasin, ularning ko‘pchiligining hukumatlari g‘arb poytaxtlari bilan Rossiyaga nisbatan yaqinroq aloqalarga ega. Dunyo endi Rossiya uchun yanada yopiladi. Rossiyalik boshliqlar uchun esa bu o‘z xodimlarini xorijga kamroq qo‘yib yuborishi uchun qo‘shimcha bahona bo‘ladi.

XJS orderi hozircha to‘g‘ridan to‘g‘ri yuridik oqibatlar keltirib chiqarayotgan bo‘lmasa-da, diplomatik oqibatlar bo‘y ko‘rsatmoqda. Aynan hozir XJS orderi G‘arb va rivojlangan eski Sharq bilan buzilgan munosabatlari o‘rniga Global Janub bilan yaqinlashishga harakat qilayotgan Moskvaning G‘arbdan bo‘lmagan davlatlar bilan munosabatlarini qiyinlashtiradi.

Kremlning yirik G‘arbdan bo‘lmagan suhbatdoshlari — Xitoy, Hindiston, Turkiya ham XJSni tan olmaydi. Lekin uni Rossiya o‘zini ularga g‘arb neomustamlakachiligi uchun kurashda bayroqdor sifatida taqdim etishga urinayotgan butun Afrika va Lotin Amerikasi tan oladi. Afrikaning ayrim davlatlari nafaqat XJSni tan oladi, odil sudlovni amalga oshirish uchun jips hamkorlik ham qiladi.

XJS yurisdiksiyasini tan oladigan Janubiy Afrika Respublikasida o‘tadigan G20 sammitida Putinning shaxsan ishtirok etish imkoniyatlari ordergacha bo‘lgan davrdan boshqacharoq yangramoqda. Axir JAR Rossiya G‘arbga qarama-qarshi qo‘yishga o‘rganib qolgan BRIKS formatining a’zosi ham, XJS yurisdiksiyasini BRIKSning yana bir a’zosi — Braziliya ham tan oladi.

Diktatorlar doim xalqaro aloqalar va xorijiy hukumatlar tomonidan tan olinish evaziga legitimlikka erishishga harakat qilishadi. Mamlakat ichkarisida legitimlik tanqisligiga duchor bo‘lgan avtoritar rejim uni xalqaro munosabatlar orqali to‘ldirishga harakat qiladi: qaranglar, bizni kimlar tan oladi, bizga kimlar mehmonga kelishadi va bizni kimlar mehmon qilishdan xursand, qabilida.

Frankodan Chausheskugacha, Kastrodan Putingacha istalgan diktatura xalqaro formatlarda o‘z ishtirokini imkon qadar sezilarli qilishga uringani, o‘z dohiylari tashrifini tashkillashtirishi, xorijiy, ayniqsa demokratik davlatlarning hurmatli yetakchilarini mamlakatga chaqirishi bejiz emas. Barchasi erkinlik kabi nozik masalalarda ham chimchilab oluvchi hukumatlar tomonidan legitimlik tan olinishida shubha bo‘lmasligi uchun.

XJS orderi esa xalqaro munosabatlar orqali shundoq ham urush tufayli imkoniyatlari ancha pasaygan Putinning bu legitimligiga yana bir zarba beradi. 

Mavzuga oid