Baxmutdan boshqa nuqtalardagi faollashuv va razvedka janglari. Rossiya-Ukraina frontida nimalar bo‘lmoqda?
Rasmiy xabarlar quruq, mavhum va ko‘p hollarda bir-biriga ters kelishi tufayli Rossiya-Ukraina frontidagi harbiy harakatlarning jadallashuvi amalda nimalar bo‘layotgani, kimning holati yaxshiroq ekani va yaqin kelajakda nima kutish mumkinligi borasida turli mish-mishlar keltirib chiqarmoqda.
Rossiya qo‘shini Baxmut atrofida yurish qilishda davom etmoqda, umumiy vaziyat o‘zgarishsiz qolayotgan bo‘lsa-da, vaqti-vaqti bilan ayrim uchastkalarda kichik yutuqlar haqida xabarlar kelib turibdi. Shahar yarim qurshov holatida qolmoqda, ammo uni to‘liq o‘rab olishning imkoni bo‘lmayapti, Ukraina qurolli kuchlari esa tartibli chekinishni amalga oshirmoqchi emas.
Baxmut hududida yurish sur’atlari pasayishi fonida frontning boshqa ikki uchastkasida vaziyat keskinlashdi. Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilari yozishicha, Rossiya qo‘mondonligi «hujumdagi ustuvorlikni keskin o‘zgartirib», Donetskdan shimoldagi Avdiyivka shahrini yangi nishon sifatida tanladi.
«Rossiya kuchlari hozirda Avdiyivka atrofida ushbu aholi yashash manzilini o‘rab olish maqsadida hujum amaliyotlari sur’atini oshirmoqda. Katta ehtimol bilan, Rossiya kuchlari buni Baxmut atrofidagi va Vuhledarga yurishlar to‘xtatilishi hisobiga amalga oshirmoqda», deyiladi hisobotda.
Shu bilan bir vaqtda, Rossiyadagi manbalar ukrain qo‘shini Zaporijjya oblastida faollashgani va Xerson oblastiga katta kuchlar tashlanayotgani haqida xabar bergan. Ukraina qurolli kuchlari Qrimga o‘tuvchi yo‘lakni to‘sib qo‘yish maqsadida Zaporijjya yo‘nalishida zarba berishi ehtimoli yuqori. Rossiya telegram-kanallariga ko‘ra, Ukraina bu yo‘nalishda yirik yurishga tayyorgarlik ko‘rishdan oldin razvedka janglari o‘tkazishmoqda. Ukrainada ham ko‘pchilik bunday hujum boshlanishi haqida gapirmoqda.
«Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojinning uning yollanma jangchilari Baxmut atrofida taran rolini bajarayotgani (qadimda qal’ani buzish uchun qo‘llangan uchli yog‘och qurol) haqidagi so‘zlari olovga moy sepgandek bo‘ldi. U o‘z bayonotlaridan birida agar uning jangchilari chekinishga majbur bo‘lsa, Rossiya Ukrainada egallagan barcha hududlarini, jumladan Qrimni ham qaytarib berishiga to‘g‘ri kelishini aytdi. Boshqa bir murojaatida u Ukraina qurolli kuchlari hujum qilishni rejalashtirayotganini aytib, Belgorod oblasti aholisini qo‘rqitdi, keyin esa Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguga xat yozib, Ukraina armiyasi uning yollanma jangchilarini Rossiya armiyasining asosiy kuchlaridan uzib qo‘yish maqsadida Baxmut atrofida qarshi zarba berishga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.
Quyida BBC sharhlovchisi harbiy harakatlar hududidagi vaziyatni xolis baholashga harakat qiladi.
Ukraina qurolli kuchlari Baxmutda qopqonga tushganmi?
Baxmut hamon diqqat markazida turibdi, bu yerda Rossiya bo‘linmalari, asosan «Vagner» XHK yollanma jangchilari shahar atrofidagi halqani uning g‘arbiy nuqtasida yopishga yoki Ukraina mudofaasini uning markazidan yorib o‘tishga urinmoqda.
RF armiyasi Donetsk oblasti shimolidagi Baxmut shahrini shturm bilan egallash uchun harakatni o‘tgan yil yozida boshlagandi. Bu shahar uchun janglar Birinchi jahon urushidagi Verden ostonasida kechgan janglarga qiyoslangan. Ukrain nashrlari o‘z sahifalariga Baxmut atrofida rossiyalik askarlar jasadlari bilan qoplangan maydonlar fotosuratlari va videolarni joylashtirmoqda. Rossiya nashrlari esa Ukraina armiyasi ham kam yo‘qotishlar bermayotganini aytmoqda, lekin bunga hujjatlashtirilgan dalillar keltirilmaydi.
Rossiyaning «Ob’yasnyayet Readovka» telegram-kanaliga ko‘ra, Baxmut halokatga mahkum, «ukrainlar esa shunday vaziyatga tushib qolganki, ularda bu vaziyatdan chiqish uchun yechim mavjud emas»:
«O‘tirgan pozitsiyalarini tark etish halokatga olib keladi. Kramatorsk va Slovyansk atrofida jiddiy mudofaa chizig‘i tashkil etish uchun frontning bu qismida Artyomovsk (Baxmutning eski sovetcha nomi, Rossiya nashrlari ushbu atamani qo‘llashmoqda), shuningdek Krasnoye va Chasiv Yardan boshqa yirik aholi yashash manzillari yo‘q. Chasiv Yar va Artyomovsk boy berilgan taqdirda ukrainlar yoki trassa bo‘ylab 20 km masofaga chekinishi kerak, bu esa ularni artilleriya va aviatsiya uchun oson o‘ljaga aylantiradi, yoki dalalar bo‘ylab ketish kerak, yilning bu vaqtida esa bunday harakat bilan butun texnika va transport vositalaridan ayrilish mumkin».
Vaziyatdan yaxshi xabardor bo‘lmagan o‘quvchi uchun bunday gaplar juda ta’sirli ko‘rinadi. Ammo agar Kramatorsk va Slovyanskka borishda jiddiy mudofaa to‘siqlari mavjud bo‘lmasa, unda rossiyalik askarlar nega Baxmut atrofida jon berishi kerak? Elementar mantiq shuni ko‘rsatadiki, bunday vaziyatda raqibning himoyasi zaif bo‘lgan nuqtalarga hujumni kuchaytirish kerak bo‘ladi. Ukraina armiyasi Balakliya atrofida hujumga o‘tganida rossiyaliklarning garnizonlarini yo‘q qilishga ortiqcha vaqt sarflamasdan, aynan shunday harakatlangandi. Balakliya aylanib o‘tilgach, Rossiya qismlari ukrainlar egallayotgan hududlar ortida qolib keta boshlagan va butkul qurshovga tushib qolmaslik uchun zudlik bilan chekinishga majbur bo‘lgandi.
Aholi yashash punkti – bu mudofaa chizig‘i emas, shunchaki uning bir qismi hisoblanadi. Harbiy harakatlar hududiga yaqin joylashgan istalgan shahar yoki qishloq, birinchi navbatda shtab, aloqa, zaxiralar, tibbiy bo‘linma, omborlar, ta’mirlash va moddiy ta’minot bazalari joylashgan tayanch sifatida qiziqish uyg‘otadi. Bunday nuqtalardan butun front chizig‘i bo‘ylab kuchlarni muvofiqlashtirish va ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi.
Aholi yashash manzillari faqatgina raqib ro‘paradan hujum qilishga qaror qilganda mudofaa chizig‘iga aylanishi mumkin. Bu holatda qurilish binolari tabiiy ravishda mustahkamlangan istehkomlarga aylanadi. Baxmut va Kramatorsk o‘rtasida o‘nlab aholi yashash punktlari mavjud, ulardan istalgani tayanch qal’a vazifasini o‘tashi mumkin, g‘arb tomon cho‘zilgan jarliklar va kichik daryolar bilan bo‘lingan hududlar esa mudofaani ushlab turishga yordam beradi.
Unda Ukraina qurolli kuchlari Baxmutni nega tashlab ketmayapti?
Katta ehtimol bilan shuning uchunki, zarurat tug‘ilgan taqdirda istalgan vaqtda keta olishadi, hozircha esa qurshov xavfining oldini olish imkoniyati mavjud. Eng yomon holatda, agar Rossiya bo‘linmalari baribir Baxmutni g‘arbdan ta’minlovchi yo‘lakni to‘sib qo‘yishga muvaffaq bo‘lsa ham, shahardagi ko‘p ming sonli garnizon raqib halqasini yorib o‘tishga qodir va «Vagner»ning yengil piyodalari ularni to‘xtata olishi dargumon.
Baxmut tashlab chiqilishi Ukraina armiyasi uchun front chizig‘i yorib o‘tilishini ham, tashabbus boy berlishini ham anglatmaydi (shusiz ham hozirda tashabbus ularda emas), hududga qo‘shimcha zaxira kuchlarni olib kelish yoki boshqa shoshilinch choralar ko‘rishni talab etmaydi. Shahar mudofaasini davom ettirish esa Rossiyaning eng jangovar qismlarini band qilib, holdan toydirmoqda va ular sezilarli yo‘qotishlarga uchramoqda.
Baxmutni egallash vazifasini bajarish esa Rossiya qo‘mondonligi uchun imkoniyatlar eshigini ochgan bo‘lardi. Bu holda qo‘mondonlik Kreminna–Liman yo‘nalishida va Bilohorivka hududida faollashishi, shuningdek Lisichansk va Severodonetskka tahdid solib turgan ukrain qo‘shinlari pozitsiyasini bartaraf etish uchun Seversk shahriga janubdan hujum qilishga urinib ko‘rishi mumkin.
O‘tgan hafta Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina harbiylarining Baxmut yo‘nalishidagi oldingi pozitsiyalariga tashrif buyurdi. Shu kuni Ukraina quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni general Oleksandr Sirskiy Ukraina qurolli kuchlari tez orada «Vagner»ning Baxmut atrofidagi yo‘qotishlaridan foydalanishi haqida gapirdi.
Payshanba kuni britan harbiy razvedkasi Ukraina harbiylari Baxmutdan g‘arbda lokal qarshi hujumlar boshlaganini xabar qildi. Britaniyalik ekspertlarning yozishicha, Rossiya qo‘shinlarining shaharga hujumlari intensivligi pasayishi ayrim bo‘linmalar frontning boshqa uchastkalariga tashlangani bilan izohlanadi.
Avdiyivka fronti
So‘nggi kunlarda Rossiya armiyasi Avdiyivka hududida faollikni keskin oshirdi. Uning shturm qismlari, asosan yengil piyodalar Ukraina bo‘linmalarini shahar janubi va shimolidagi pozitsiyalaridan chekintirdi va u yerdagi vaziyat Baxmut atrofidagi vaziyatga yaqin: shahar yarim qurshovda va to‘liq o‘rab olinishi ham mumkin.
Avdiyivka - sanoat zonalari shahri bo‘lib, Donetskning shimoliy chekkalaridan 2 kilometr masofada joylashgan. 2015 yildan buyon bu Ukraina armiyasining Donbassdagi eng mustahkamlangan hududlaridan birining markazi sanaladi, ushbu platsdarm tufayli Rossiya hukumati va uning nazoratidagi «DXR» kuchlari Donetskka ehtimoliy hujumni qaytarish uchun yirik kuchlarni doimiy ravishda shu yerda ushlab turishiga to‘g‘ri keladi.
Avdiyivkaga hujumlar rossiyaliklarning 2022 yil 24 fevralidagi bosqini bilan boshlangan. Bu yo‘nalishda Rossiya qismlari ayrim uchastkalarda bir metrga ham oldinga siljiy olmagan, ayrimlarida oldinga borgan, ammo uzoq vaqtga emas, ukrainlarning birinchi qarshi hujumigacha.
Ehtimol, urushning birinchi bosqichida Kiyev, Xarkiv va Odessa kabi yirik shaharlarning rejalarini o‘rgangan Rossiya bosh shtabi Donetsk atrofidagi kichik shaharchalarga unchalik e’tibor qaratmagan. Ammo hozirga kelib Ukrainaning nomi avval deyarli hech kimga ma’lum bo‘lmagan aholi yashash manzillari ham Rossiya mudofaa vazirligi svodkalarida tez-tez quloqqa chalinmoqda.
Rossiyalik harbiy muxbirlarga ko‘ra, 12 mart kuni RF qurolli kuchlari Avdiyivkadan shimolda joylashgan Krasnogorovka qishlog‘ini deyarli to‘liq egallashgan. Keyinroq Rossiya armiyasi shimolda Stepove qishlog‘iga, janubda esa – Vodyanoye qishlog‘iga yorib kirgani ma’lum bo‘ldi.
Baxmutdan farqli o‘laroq, Avdiyivka strategik ahamiyatga ega hisoblanadi va uning boy berilishi Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk oblastidagi vaziyatini sezilarli darajada murakkablashtirishi mumkin.
«Hozirda rossiyaliklar uchun strategik vazifa – Vuhledarga hujum qilish uchun Avdiyivkani qurshab olish hisoblanadi», deb hisoblaydi Tavr yo‘nalishi mudofaa kuchlari matbuot markazi rahbari Oleksiy Dmitrashkovskiy.
Vuhledardan esa Zaporijjyaga ko‘p qolmaydi.
Ukraina qurolli kuchlarining Zaporijjyadagi faollashuvi
Ukraina qurolli kuchlari so‘nggi kunlarda Zaporijjya oblasti hududida, Orixiv shahri atrofida lokal hujumlarga o‘tmoqda, shuningdek Xerson oblastida Dnipro daryosining o‘ng sohilida kuch to‘plamoqda. Bu haqda asosan rus manbalari xabar qilishgan. Ularning fikricha, Ukraina qo‘shini janubda yirik yurishdan oldin Rossiya mudofaasining zaif nuqtalarini paypaslab ko‘radi.
Ukraina bosh shtabining 22 mart kungi hisobotida Zaporijjya va Xerson yo‘nalishlarida raqib mudofaalanayotgani aytilgan. Axboriy kurash ham boshlangan: payshanba kuni kechqurun Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Rossiya armiyasining barcha bo‘linmalari Xerson oblastidagi Novaya Kaxovkadan chiqqani haqida xabar berdi. Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan rahbariyati bu ma’lumot asossiz ekanini ma’lum qildi, Ukraina bosh shtabi esa xatolik tufayli bunday xabar berilganini tan oldi (bu shahardagi rus bo‘linmalari rotatsiyasi bilan tushuntirildi), ammo feysbukdagi postiga Novaya Kaxovka ham qanday qilib bo‘lmasin ozod etilishi haqidagi va’da ilova qilindi.
Harbiy tahlilchilar va blogerlarning aksari Ukrainaning bahor-yozga mo‘ljallangan yirik yurishi aynan Zaporijjya oblastida ro‘y berishiga ishonchi komil. Azov dengiziga qadar yetib kelinib, Qrimga quruqlik yo‘lagi kesib qo‘yilsa, bu Ukrainaning strategik g‘alabasiga aylanishi va Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan «maxsus harbiy amaliyot»ning bor ma’nosini yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Ukraina qurolli kuchlari uchun muammo shundaki, buni qo‘qqisdan amalga oshirib bo‘lmaydi va Rossiya armiyasi janubiy yo‘nalishdagi zarbani qaytarish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Biroq, ekspertlar o‘tgan yili ham shunday o‘ylashgandi.
Mavzuga oid
11:00
RFda Ukrainaga qarshi urush qatnashchilari imtiyozli ipotekani ololmaydi
08:43
Ukraina MV demobilizatsiya to‘g‘risidagi qonunni tayyorlashni kechiktirishni so‘radi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024