Jahon | 12:33 / 27.03.2023
10423
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tomonidan bosib olingan Melitopolda portlashlar yuz berdi

27 mart kuni ertalab Rossiya qo‘shinlari tomonidan Zaporijjya viloyatida bosib olingan Melitopolda bir nechta portlashlar sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda mahalliy Telegram-kanallari. 

Qayd etilishicha, xususan, Rossiya qo‘shinlariga aloqador kuch tuzilmalari xodimlari joylashgan binoga zarba berilgan. 

Portlashlar haqidagi ma’lumotni mahalliy rasmiylardan biri, «Zaporijjya viloyati ma’muriyati bosh kengashi a’zosi» Vladimir Rogov ham tasdiqladi.

Avvalroq, dekabr oyi oxirlarida Melitopolda ichida Rossiya FXX xodimlari bo‘lgan avtomobil portlatib yuborilgandi.

Melotopol qonuniy meri Ivan Fedorov o‘z Telegram-kanalida portlatib yuborilgan mashina ichida «rus bosqinchilari bo‘lganini» yozgan. Ukraina ichki ishlar vaziri maslahatchisi Anton Gerashenko portlash Gorkiy xiyoboni oldida sodir bo‘lganini bildirgan.

«Jabrlanganlarning shaxsi aniq emas, ular FXX xodimlari yoki bosqinchi hukumat vakillari bo‘lishi mumkin», degandi Gerashenko.

Rossiyalik harbiy blogerlar ham portlatilgan mashina ichida «FSB» xodimlari bo‘lgani haqida yozdi. Ularning o‘lgani yoki tirikligi haqida ma’lumot yo‘q. Ba’zi manbalar mashina ichidagi bir kishining tanasi parchalanib ketganini yozgan.

Mavzuga oid