Jahon | 18:05 / 29.03.2023
27371
3 daqiqa o‘qiladi

«U qon hidini sezishi bilanoq bosimni boshlaydi». Zelenskiy Baxmutni egallashga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi haqida

Foto: Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Associated Press agentligiga bergan intervyusida, xususan, nega Ukraina qurolli kuchlari uchun Baxmut shahrini saqlab qolish juda muhimligini tushuntirib berdi.

Zelenskiy Baxmutning qulashi taktik mag‘lubiyatdan ko‘ra qimmatroq siyosiy mag‘lubiyatga olib kelishiga ishora qildi.

«Agar Baxmut boy berilsa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu g‘alabani ham G‘arbda, ham Rossiyaning ichida, Xitoy va Eronda sotadi. U qon hidini sezishi bilan biz kuchsiz ekanimizni his qiladi, u bosim qiladi, bosim va yana bosim qiladi», dedi Zelenskiy.

Ukraina prezident Baxmutning qulashi Ukraina jamiyatidagi kayfiyatga ham ta’sir qilishini aytib o‘tgan. «Jamiyatimiz charchoqni his qiladi. Jamiyatimiz meni ular [Rossiya rasmiylari] bilan murosa qilishga undaydi», dedi u.

«Urush – bu g‘alabalar to‘plami. Kichik g‘alabalar, kichik qadamlar», deb ta’kidladi u va Ukraina «juda katta davlat, katta dushman, katta armiya» bilan kurashayotgani, ammo ularning «qalbi kichik» ekanini qo‘shimcha qildi.

Zelenskiy urush ukrainaliklarni birlashtirganini ta’kidlagan.

«Garchi ular bo‘linishi mumkin edi, lekin ular aynan birlashish yo‘lini tanlay oldilar. Millat uchun og‘ir damda shu yo‘lni topganimiz uchun hammadan – har bir ittifoqdoshimizdan, xalqimizdan, Xudodan, hammadan minnatdorman. Bu yo‘l xalqimizni qutqardi, biz esa o‘z yurtimizni saqlab qoldik. Biz birgamiz», dedi Zelenskiy.

Associated Press agentligiga ko‘ra, Zelenskiy deyarli barcha intervyularini ingliz tilida bergan. U Ukraina bo‘ylab safari chog‘ida poyezdda jurnalistlar bilan suhbatlashgan.

  • Baxmut uchun janglar 2022 yil iyulidan beri davom etmoqda. Rossiya qo‘shinlari, shu jumladan «Vagner» XHK, Ukraina himoyachilarining qarshiliklariga qaramay, asta-sekin oldinga siljimoqda. Amerika Urushni o‘rganish instituti (ISW) ma’lumotlariga ko‘ra, 21 martdan 28 martgacha rus qo‘shinlari Baxmutning yana 5 foizini egallab olgan va shaharning 65 foizini nazorat qilmoqda.
  • Mart oyi boshida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy va prezident Volodimir Zelenskiy o‘rtasida Baxmutni himoya qilishni davom ettirish borasida kelishmovchilik borligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. 6 mart kuni oliy qo‘mondon shtabining navbatdagi yig‘ilishidan so‘ng Zalujniy va «Xortitsa» qo‘shinlarining tezkor-strategik guruhi qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy «mudofaa operatsiyasini davom ettirish tarafdori ekanini aytishdi».

Mavzuga oid