Transformer, DNK va dengiz sathidan 660 metr balandda - dunyoning noodatiy ko‘priklari (fotojamlanma)
Muhandislik, arxitektura g‘oyalari chegara bilmaydi. Zamonaviy dizaynerlar noodatiy, hashamatli binolar bilan chegaralanib qolayotgani yo‘q, ular o‘ziga xos, noyob ko‘priklar g‘oyalarini targ‘ib qilishda ham davom etmoqda. Quyida ana shunday ko‘priklar haqida so‘z boradi.
Dragon King Kong Bridge — Changsha shahridagi piyodalar ko‘prigi
Ushbu ko‘prik Xitoyning Changsha shahrida joylashgan. Ko‘prikning burmalari xitoyliklar uchun falsafiy ma’no kasb etadigan Myobius tasmasini eslatib yuboradi. Piyodalar ko‘prigining uzunligi 185 metrni, balandligi esa 22 metrni tashkil qiladi.
Rolling Bridge — transformer ko‘prik
Londondagi ko‘prik o‘zida ajoyib konstruksiyani aks ettirgan. Bu chindan ham transformerga aylanadigan ko‘prik. Kema-qayiqlar Grand Yunion kanaliga chiqib ketishda ko‘prikning bir tomoni ko‘tarila boshlaydi va aylana shaklga kiradi.
Moses Bridge — suv sathidan pastda qurilgan ko‘prik
Ko‘pchilik ko‘priklarning suv, binolar ustidan o‘tkazib qurilganiga guvoh bo‘lgan, ko‘zi o‘rgangan. Niderlandiyalik arxitektorlar esa bu tasavvurlarni buzishga harakat qilib, maqsadlariga erishgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ko‘prik Qizil dengiz suvini chekintirib, undan o‘tgan Muso payg‘ambar nomini olgan. Ko‘prik konstruksiyasida 50 yil davomida chirimaydigan, maxsus ishlov berilgan yog‘ochdan foydalanilgan.
Helix — «DNK ko‘prigi»
Singapurning eng markaziy nuqtasida uzunligi 280 metrga teng bo‘lgan piyodalar ko‘prigi — Helix joylashgan. U shaharning eng yirik hududlari — Marina Bey va Marina markazini bog‘lab turadi. Ushbu spiral ko‘rinishidagi ko‘prikning ijodkorlari inson DNKsidan ilhomlangani ta’kidlanadi. Ko‘prik bo‘ylab to‘rtta tomosha maydonchasi o‘rin olgan, shahar aholisi va mehmonlari bu orqali zamonaviy arxitektura yodgorliklarini tomosha qilib, rohatlanishlari mumkin.
Sky Bridge Langkawi — Malayziyadagi piyodalar ko‘prigi
Asab tolalarini o‘ta baquvvat deb hisoblovchi kishilarga Malayziyadagi ushbu ko‘prikka borib, asablarini bir sinab ko‘rish tavsiya etiladi. Dengiz sathidan 660 metr balandlikdagi ko‘prik ekstremal sport ishqibozlari uchun ham ayni muddao. 125 metr masofani bosib o‘tishda betakror tabiat manzaralaridan bahra olish mumkin. Ta’kidlash joiz, noodatiy ko‘prikning mustahkamligiga atigi bitta ustun va sakkizta po‘lat arqon javob beradi.
Mavzuga oid
15:14 / 07.09.2024
Litva Rossiya bilan chegaradagi ko‘prik mudofaasini mustahkamlamoqda
19:12 / 18.08.2024
Ukraina Kurskda Seym daryosi ustidan o‘tgan yana bir ko‘prikni yo‘q qildi
08:34 / 17.08.2024
Rossiya 12 ta ATACMS raketasi tomonidan Qrim ko‘prigiga uyushtirilgan hujumni qaytardi
19:55 / 15.08.2024