O‘zbekiston | 10:10 / 02.04.2023
28947
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyati hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari ishdan ketdi. U bu lavozimda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygandi

Xorazm viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bahrom Qurbonov lavozimini tark etdi.

Bahrom Qurbonov

Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, Siroj Bozor o‘g‘li Bekchanov Xorazm viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

S.Bekchanov muqaddam Xonqa tumani hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan, so‘nggi vaqtlarda Bahrom Qurbonovning kotibiyati mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

2017-2020 yillarda «O‘zshaharqurilishinvest» injinering kompaniyasida ishlagan, jumladan bosh direktor birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Bahrom Qurbonov 2020 yil martida Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.

2020 yil dekabrida Qurbonov bilan bog‘liq manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar berilgandi. Bu haqda Davlat xaridlari portalidagi ma’lumotlarga tayanib xabar bergan Davletovuz kanaliga ko‘ra, hokim o‘rinbosarining ukasi Ulug‘bek Qurbonovga tegishli kompaniya 20 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini yutgan, bunda Bahrom Qurbonov tender komissiyasi raisi bo‘lgan. 

Keyinroq, 2021 yil yanvarida Aksilkorrupsiya agentligi bu holat bo‘yicha prokuraturaga so‘rov kiritilganini xabar qilgandi. Ammo keyin bu ish natijasi bo‘yicha ma’lumot berilmagandi.

Mavzuga oid