O‘zbekiston | 17:31 / 05.04.2023
5638
2 daqiqa o‘qiladi

Insofsiz ijrochilarni davlat xaridlaridan 2 yilga chetlashtirish rejalashtirilyapti

Iqtisodiyot va moliya vazirining “Insofsiz ijrochilar yagona reyestrini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyiha insofsiz ijrochilarning reyestrini shakllantirish, insofsiz ijrochilarni reyestrga kiritish va undan chiqarishni tartibga solishga qaratilgan.

Prezident qaroriga ko‘ra, insofsiz ijrochilar Yagona reyestrini shakllantirish tartibini tasdiqlash hamda ushbu reyestr «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

Loyihaga ko‘ra, davlat xaridlari ishtirokchisi, g‘olibi yoki ijrochisi insofsiz ijrochilar reyestriga: sud; davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya; Iqtisodiyot va moliya vazirligi qarorlari asosida kiritiladi.

Insofsiz ijrochi reyestrga 2 yil muddatga kiritiladi, ushbu muddat tugagach u reyestrdan chiqarilgan hisoblanadi. Reyestrga kiritilgan insofsiz ijrochi bilan davlat xaridlari to‘g‘risidagi shartnomani tuzganligi uchun davlat buyurtmachisi javobgar hisoblanadi. Reyestrdagi ma’lumotlar barcha uchun ochiq bo‘lib, foydalanuvchilar ulardan erkin va bepul tanishib chiqishi va foydalanishi mumkin.

Loyihada insofsiz ijrochilarni reyestrga kiritish haqida ariza berish asoslari va tartibi belgilangan.

Mavzuga oid