«Rossiyani insofga keltiring». Makron Xitoyni urushni to‘xtatish uchun Kremlga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi
Pekinga tashrif buyurgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 6 aprel kuni Xitoy yetakchisi Si Jinpingni Ukrainadagi urushni tugatishga yordam berish uchun o‘zining Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ta’siridan foydalanishga chaqirdi.
«Rossiyani insofga keltirish va barchani muzokaralar stoliga qaytarish uchun sizga ishonishim mumkinligini bilaman», degan Makron Si Jinpingga.
Bunga javoban Xitoy rahbari tomonlar imkon qadar tezroq tinchlik muzokaralari o‘tkazishiga umid bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Fransiyada dunyo tinchligini himoya qilish uchun «imkoniyat ham, mas’uliyat ham» bor.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi inqiroz yirik jahon kuchlarining bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan bloklarga bo‘linib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.
6 aprel kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov yana bir bor Ukrainadagi vaziyat «tinch yo‘l bilan kelishuvga erishish istiqbolini ko‘rsatmayotgani»ni aytdi.
«Kiyev Ukraina qurolli kuchlari jangovar harakatlar paytida Qrim yarimoroli chegaralariga yetib borsagina, Moskva bilan Qrim borasida muzokaralar o‘tkazishga tayyor bo‘ladi», degan Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Andrey Sibi Financial Times gazetasiga.
Makron 4 aprel kuni Pekinga keldi va keyingi kuni uning Xitoy rahbariyati bilan muzokaralarda ishtirok etishga taklifiga binoan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen ham Makronga qo‘shildi.
Makronning Xitoyga safari diqqat bilan kuzatilmoqda, chunki Pekin va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi bir necha yil ichida barqaror ravishda yomonlashdi. Xitoy, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini bevosita qoralashdan bosh tortdi.
Bundan tashqari, Makron Xitoy bilan savdo aloqalarini mustahkamlashga ham intilmoqda: u Pekinga o‘zi bilan biznes vakillaridan iborat katta delegatsiyani olib kelgan.
Tinchlik rejasi va yadro quroli
6 aprel kuni tushdan keyin, Makron Si Jinping bilan yopiq eshiklar ortida muzokaralar o‘tkazishdan oldin Pekindagi dabdabali harbiy paradni tomosha qildi. Xitoy va Fransiya rasmiylari suhbatni «ochiq» va «do‘stona» deb ta’rifladi.
Muzokaralardan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Si Jinping Ukrainadagi urush haqida gapirib, Xitoy tinchlik muzokaralari tarafdori ekani va mojaroga siyosiy yechim izlayotganini ma’lum qildi. U, shuningdek, xalqaro hamjamiyatni sodir bo‘layotgan voqealarga nisbatan «ratsional vazminlik» ko‘rsatishga chaqirdi.
Fevral oyida Xitoy TIV «Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha pozitsiya» deb nomlangan hujjatni e’lon qildi. Pekinning «tinchlik rejasi» deb ataladigan 12 bandni o‘z ichiga oluvchi ushbu bayonot, Si Jinping Moskvaga yaqinda qilgan tashrifi chog‘ida muhokama qilingan.
G‘arb davlatlari va Ukraina Xitoy taklifida tinchlikka erishish uchun hech qanday aniq mexanizm yo‘qligi va buni Pekinning tinchlik rejasi emas, balki urushga qarashi sifatida ko‘rish mumkinligini aytdi. AQSh, shuningdek, bir necha bor Xitoy Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni boshlashi mumkinligidan xavfsirayotganini bildirdi. Biroq G‘arb davlatlari bu allaqachon sodir bo‘layotganining belgilarini ko‘rmayapti.
Makron bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida Xitoy rahbari bu urushda yadro qurolidan foydalanmaslik kerakligini yana bir bor ta’kidladi.
Mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Belarus hududiga taktik yadro qurolini joylashtirish niyati borligini ma’lum qildi. Bundan oldinroq, Moskvadagi uchrashuvdan so‘ng Putin va Si Jinping «barcha yadroviy davlatlar o‘z milliy hududlaridan tashqarida yadro qurolini joylashtirmasliklari va xorijda joylashtirilgan barcha yadro qurollarini olib chiqib ketishlari kerak» degan deklaratsiyani qabul qilgan edi.
«Ukraina okkupatsiya ostida qolar ekan, biz xavfsiz va barqaror Yevropaga ega bo‘la olmaymiz», dedi Makron Pekinda. U BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan Rossiyaning ushbu tashkilot nizomini buzayotganini qabul qilib bo‘lmas holat deb atadi.
Makronning do‘stona ohangi va fon der Lyayyenning keskin bayonoti
Kuzatuvchilar qayd etishicha, matbuot anjumanida Makron Xitoy rahbari bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan va ko‘pincha unga bevosita murojaat qilgan. Si Jinping esa aksincha, matbuotga nisbatan beparvolik bilan gapirgan.
Keyinroq, alohida matbuot anjumanida, Yevropa Komissiyasi rahbari fon der Lyayyen bir necha keskin bayonotlar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Pekin Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib bersa, bu xalqaro huquqning buzilishi hisoblanadi hamda Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarga «sezilarli darajada putur yetkazadi».
Ursula xonim «Xitoy adolatli tinchlik o‘rnatishda ishtirok etishiga» umid bildirdi. Ukrainaning g‘arbiy ittifoqchilari «adolatli tinchlik» deya urushning tugash ssenariysini, ya’ni Kiyev o‘zining bosib olgan hududlari ustidan nazoratni qaytarib olishini nazarda tutadi. Fon der Lyayyen, shuningdek, Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiyning Rossiya qo‘shinlarini Ukrainadan to‘liq olib chiqib ketishni nazarda tutuvchi tinchlik rejasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Zelenskiy Si Jinping bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni xohlashini aytgandi, biroq Xitoy rahbari bu taklifga hali rasman javob bermadi.
Fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, Si Jinping u bilan suhbat chog‘ida Zelenskiy bilan «buning uchun qulay shart-sharoit va vaqt bo‘lganda» gaplashishga tayyorligini tasdiqlagan.
6 aprel kuni kechqurun Xitoy rasmiylari Makron sharafiga tantanali kechki ziyofat uyushtirdi, bugun esa Fransiya va Xitoy yetakchilari janubdagi Guanchjou shahriga boradi va u yerda yana birga tushlik qiladi, lekin bu safar shaxsiy formatda.
Bu tashrif nimasi bilan muhim?
Makronning Pekinga hozirgi tashrifi muhim ahamiyatga ega, chunki bu Si Jinping va har qanday G‘arb yetakchisi o‘rtasidagi o‘tgan yilning noyabr oyida Xitoy rahbari Balidagi G20 sammitida qatnashgan va u yerda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashganidan keyingi eng muhim muzokaradir.
Bundan tashqari, Makron o‘zining xalqaro tinchlikparvar sifatidagi obro‘sini mustahkamlashga intilmoqda va endi u Ukraina urushining barcha asosiy ishtirokchilari bilan shaxsan gaplashdi. Makron bungacha Putin va Zelenskiy bilan ham bir necha bor uchrashgandi.
Biroq, Makron Pekindan qandaydir jiddiy diplomatik yutuqlarga erishgan holda qaytmasligini yaxshi tushunadi. Xitoy rahbarining Rossiya va Ukrainaga munosabatini sezilarli darajada o‘zgartirishi ehtimoli juda kichik.
Makron ehtimol, kichik muvaffaqiyatlar, umumiy til topish va o‘zaro savdo hamda muzokaralardan olinadigan foydaga e’tibor qaratadi. Fransiya prezidenti uning mamlakati G‘arb ittifoqiga mansubligi va AQShga yaqinligiga qaramay Rossiyaning ittifoqchisi bo‘lmish Xitoy bilan yaqin munosabatlar o‘rnatishiga ishonchi komil.
Matbuot oldida qilgan nutqida Fransiya rahbari Pekin va G‘arb o‘rtasida uzoq vaqtdan beri davom etayotgan qarama-qarshilikning asosiy sababi bo‘lmish Xitoydagi inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar haqida hech narsa aytmadi. Makronning ta’kidlashicha, bu masala Fransiya uchun muhimligicha qolmoqda, biroq «ma’ruza o‘qishdan ko‘ra hurmat ko‘rsatish yaxshiroq».
Makron Pekinga oxirgi marta to‘rt yil avval tashrif buyurgan edi. Uning hozirgi safari Fransiyada pensiya islohoti bilan bog‘liq ish tashlashlar va tartibsizliklar fonida amalga oshirilmoqda.
Mavzuga oid
18:29 / 13.12.2024
Si Jinping Trampning inauguratsiya marosimida qatnashmaydi
13:07 / 12.12.2024
Makron Tusk bilan Ukrainaga urushdan keyin tinchlikparvarlarni yuborishni muhokama qiladi
20:48 / 09.12.2024
Tramp saylovda g‘alaba qozonganidan keyin birinchi marta Si Jinping bilan suhbatlashdi
12:44 / 17.11.2024