Jamiyat | 18:52 / 08.04.2023
12103
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining zamonaviy sport majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Foto: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti

Joriy yil 8 aprel kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida yangi, o‘zida 8 dan ortiq sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatini mujassam etgan, barcha zamon talablariga javob beradigan, zamonaviy Sport majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bo‘lib o‘tgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari, O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi vakillari, soha tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda sport ustalari ishtirok etishdi.

Universitetda ta’lim bilan birgalikda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportni ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida ishga tushirilgan mazkur sport inshooti ilg‘or arxitektura yechimlari va energiya tejovchi texnologiyalarni qo‘llagan holda turk muhandislarining konstruksiya loyihasi asosida barpo etilgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida sportning mini futbol (basketbol yoki voleybol), yugurish, fitnes va kurash kabi turlari bilan mashg‘ulot o‘tkazish imkoniyatiga hamda avtonom isitish tizimiga ega 2620 kv m maydonni o‘z ichiga oladi.

Sport majmuasida o‘rnatilgan zamonaviy tasvirga olish vositalari orqali o‘tkaziladigan musobaqalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri YouTube platformasida onlayn translatsiya qilish imkoniyati mavjudligi esa ushbu majmua nufuzini yanada oshirishi shubhasiz.

Zero Prezidentimiz tomonidan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchisi bevosita jismoniy tarbiya va sportga yo‘naltirilgan bo‘lib, unda yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgani bejizga emas.

Shuningdek, ko‘tarinki ruhda o‘tgan marosim doirasida har yili O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimiga kiruvchi soha muassasalarining xodimlaridan tuzilgan terma jamoalar o‘rtasida o‘tkaziladigan sportning mini futbol turi bo‘yicha soha “ko‘chma Kubogi” musobaqasiga ham start berildi.

Tadbir so‘ngida soha tashkilotlari terma jamoalari o‘rtasida mini futbol bo‘yicha o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid