Pentagonning Ukraina to‘g‘risidagi maxfiy hujjatlari sizdirildi: nimalar ma’lum?
O‘tgan juma kuni ijtimoiy tarmoqlarda Amerika maxfiy hujjatlarining yangi porsiyasi tarqaldi. Ulardagi ma’lumotlar nafaqat Ukrainaga taalluqli, Yaqin Sharq, Koreya va Xitoyga oid materiallar ham bor.
Dastlab New York Times nashri ilk sizdirmalarni e’lon qildi: omma e’tiboriga Pentagon va NATOning Ukrainaning tayyorlanayotgan qarshi hujumlariga doir hujjatlaridan fotosuratlar havola qilindi.
Bir necha mamlakatlardagi amaldorlar ayni paytda axborotning oshkor bo‘lishidan yetkazilgan zararlarni hisob-kitob qilish bilan band va e’lon qilingan materiallar nega bunchalik uzoq vaqt e’tibordan chetda qolganini tushunolmay halak, deb yozadi Washington Post.
O‘ta maxfiy hujjatlarning o‘nlab sahifalari aks etgan fotosuratlar 28 fevral va 2 mart kuni Discord plastformasida e’lon qilingan. Biroq hukumat o‘tgan hafta ichida New York Times nashri ushbu ma’lumotlarni chop etganidan so‘nggina undan xabar topgan.
Hujjatlarda nimalar bor?
Maxfiy materiallarning ikkinchi porsiyasi Ukraina, Yaqin Sharq, Janubiy Koreya va Xitoyga oid Amerika milliy xavfsizligi borasida 100 dan ortiq hujjatlardan iborat.
Tarmoqqa tarqalib ketgan materiallarni puxta o‘rganib chiqqan New York Times nashri hujjatlar AQSh Rossiya hukumati, Ukraina va ittifoqchi mamlakatlar amaldorlarini qanday kuzatayotganidan so‘zlashini ta’kidlagan.
Xususan, AQSh u yoki bu darajada Rossiyaning har bir maxsus xizmatidan ma’lumotlar olib turishi ma’lum bo‘lgan. «Mutlaqo maxfiy» belgisi ostidagi hujjatlardan birida NATO davlatlari tomonidan Ukrainaga yetkazib berilayotgan tanklarga qarshi Rossiya bosh shtabining rejalari muhokama qilingan.
Materiallardan oydinlashishicha, Amerika maxsus xizmatlari real vaqt rejimida Kiyevni Rossiyaning zarba berish vaqtlari va bu zarbalardan ko‘zlangan maqsad borasida ogohlantirib turgan va shu yo‘l bilan Ukrainaga qarshi choralar ko‘rish uchun imkoniyat yaratishgan.
Washington Post nashri yozishicha, masalan, maxfiy hujjatlar fevral oyining muayyan sanasida Rossiya mudofaa vazirligi tomonidan Ukraina qo‘shinlari pozitsiyasiga zarba berish bo‘yicha reja uzatilganidan Amerika razvedkasi xabardor bo‘lganidan so‘zlaydi. AQSh razvedkasi RF harbiylari Ukrainadagi o‘nlab energetika obektlari va shuncha miqdordagi ko‘priklarga zarba berishidan avvaldan xabardor bo‘lgan.
Razvedka hisobotlari Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukraina oliy harbiy va siyosiy rahbariyatini kuzatayotganini ham ko‘rsatadi. Bu Vashingtonning Ukraina harbiy strategiyasi haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lishga urinishlarini aks ettiradi.
«Bu materiallar razvedka vakillari tomonidan avval e’tirof etilgan g‘oyani isbotlaydi: AQSh Ukraina rejalaridan ko‘ra, Rossiya harbiy operatsiyalari haqida aniqroq tasavvurga ega», — deb yozadi NYT.
Bevosita urushga taalluqli ma’lumotlardan tashqari, sizdirmalarda AQShning ittifoqchilari, xususan, Janubiy Koreya to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud.
Janubiy Koreyani kuzatish
Hujjatlarning bu bo‘limida Janubiy Koreya rasmiy shaxslari prezident Jo Bayden Koreya rahbari Yun Sok Yolga Ukrainaga yordam berish masalasida bosim o‘tkazishi mumkinligidan xavotirda ekani aytiladi.
Hujjatda amerikaliklar bu holdan «radiotexnik razvedka hisobotlari» orqali voqif bo‘lishgani ta’kidlanadi. New York Times nashri aniqlik kiritishicha, bu telefon so‘zlashuvlarini eshitish va elektron xatlarni ochib o‘qishni anglatadi.
Janubiy Koreya yakshanba kuni Markaziy razvedka boshqarmasidan hujjatlar sizdirilishi masalasini AQSh bilan muhokama etishini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, AQSh razvedka xizmati Koreyaning Ukrainaga o‘q-dorilar jo‘natish imkoniyati muhokama qilingan elektron xatlarini ochib o‘qigan.
Matbuot uchun brifingda Seul rasmiy vakili shunday dedi: «Biz boshqa mamlakatlar bilan bog‘liq pretsedentlar va vaziyatlarni o‘rganib chiqib, tegishlicha javob qaytaramiz».
Bu holatda AQSh Koreya Respublikasini Ukrainaga shunday yordam yetkazib uchun ko‘ndirishga harakat qilayotgani fakti sir emas — amerikaliklar koreyaliklarni shunday qarorga keltirish uchun harakat qilayotgani haqida Wall Street Journal o‘tgan yilning noyabrida xabar bergan edi.
Janubiy Koreya Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni mudom rad etib kelmoqda va humanitar yordam yetkazish bilan cheklanmoqda. Biroq, koreyaliklar Polsha va AQShga qurol-yarog‘ yetkazmoqda.
Polsha Janubiy Koreyadan K-9 o‘ziyurar artilleriya qurilmalari va K-2 jangovar tanklari xarid qilmoqda. Bu holda Polsha o‘zining Krab o‘ziyurar artilleriya qurilmalari va T-72 tanklarini Ukrainaga berib yuborgan.
Mart oyi boshlarida Seul Ukrainaga Koreya o‘q-dorilari ishlatiladigan Krab o‘ziyurar gaubitsalari yetkazilishini ma’qullagani ma’lum bo‘lgandi. Bu Seul Ukrainaga Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan tarkibiy qismlarga ega qurol-yarog‘ yetkazilishini rasman ma’qullagani, unga ko‘z yummaganining ilk tasdig‘i bo‘luvdi.
Buning oqibati nima bo‘ladi?
Sizdirilgan ma’lumotlar Moskvaga axborot yetkazish manbalarini berkitishga yordam bersa, Ukraina harbiy sa’y-harakatlariga potensial qattiq zarba bo‘ladi.
U AQShning ittifoqchi davlatlar bilan munosabatlarini murakkablashtirib, Amerikaning sir saqlash qobiliyatiga shubha uyg‘onishiga sabab bo‘ldi, deb yozadi NYT.
Garchi ittifoqchi davlatlar rasmiy shaxslari kuzatuv ostida ekanidan hayron bo‘lishmasa ham, bunday ma’lumotlar oshkor etilishi Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda o‘rni beqiyos bo‘lgan Janubiy Koreya kabi asosiy hamkorlar bilan munosabatlarni murakkablashtiradi.
NYT nashriga izoh berar ekan, razvedkaning yuqori martabali xodimi sizdirilgan ma’lumotlarni «”Besh ko‘z” uchun dahshat» deb atagan. «Besh ko‘z» deganda u razvedka ma’lumotlarni o‘zaro faol almashuvchi besh davlat — AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Kanadani nazarda tutgan.
Washington Post nashri manbalari xabar berishicha, juma kuni Pentagon oliy rahbariyati razvedka ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatini keskin cheklagan. Manbalardan biri joriy etilgan choralarni odatdan tashqari qat’iy deb atagan va bu hol Pentagon rahbariyati orasida kelib chiqqan sarosimadan guvohlik berishini taxmin qilgan.
Agar Vashington o‘z ittifoqchilarining kelgusi razvedka ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatini cheklasa, ular to‘liq g‘aflatda qolishadi, deydi Yevropa razvedkasi vakili.
AQSh Adliya vazirligi shanba kuni sizdirishlar ustidan tergov boshlanganini e’lon qildi:
«Biz Mudofaa vazirligi bilan bu borada bog‘lanib, tergovni boshladik», — degan AFP agentligiga vazirlik vakili.
Pentagonning payshanba kungi bayonotida Mudofaa vazirligi ehtimolli sizdirish haqidagi axborotni o‘rganayotgani aytilgan edi. Juma kuni hujjatlarning yangi porsiyasi e’lon qilingach, idora vakillari bu holni izohlash uchun hech narsa qo‘shimcha qilolmasliklarini ma’lum qilishgan.
Biroq, xususiy tartibda milliy xavfsizlik uchun javobgar bir necha organlar hokimiyat shoshilinch tarzda sizdirish manbasini axtarishga tushgani, sizdirilgan hujjatlar yanada ko‘proq bo‘lishidan xavotirdaligini tan olishgan.
Sizdirilgan ilk hujjatlarda nimalar aks etgan?
Hujjatlarning dastlabki porsiyasi AQSh va NATOning Ukraina hududiga yopirilma hujum qilgan Rossiya armiyasiga qarshi ukrain armiyasini hujumga tayyorlash rejalariga atalgan.
Bu materiallarning eng kechi 1 mart sanasi bilan imzolangan, shu sababli ekspertlar ularning dolzarbligi yo‘qolgan, deb hisoblashmoqda.
Bu hujjatlarda bo‘lajak qarshi hujumning sanasi va joylari ma’lum qilinmagan. Biroq, unda Ukraina qarshi hujumga nechta brigadani jalb qilishi va qancha miqdorda harbiy texnika olishi haqida ma’lumotlar bor. Unda shuningdek HIMARS baravar o‘t ochuvchi reaktiv tizimlarining kunlik o‘q-dori sarfi haqidagi ma’lumotlar ham bor.
Ma’lumotlar Rossiya yo‘qotishlarini kamaytirib, Ukraina yo‘qotishlarini aksincha, ko‘paytirib ko‘rsatish uchun tahrirlangan, deyishgan NYT va Reuters nashrlarining Amerika mansabdorlari orasidagi manbalari.
Hujjatlar o‘zgartirilgani borasida slaydlardan birida Rossiya askarlari safida o‘lganlar soni 16–17 ming, ukrainalik halok bo‘lgan askarlar esa 71,5 ming deb ko‘rsatilgani fakti so‘zlaydi, deb yozadi gazeta. Rossiya yo‘qotishlarining baholanishi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan darajada pasaytirib ko‘rsatilgan: 17 mart kuni BBC ochiq manbalardan o‘lgan 17375 kishini nomma-nom sanagan (3 mart kuni o‘lganlar soni 16071 kishi bo‘lgan).
Rossiya tomonidan halok bo‘lganlarning real soni shak-shubhasiz bu raqamdan ko‘proq, g‘arbdagi rasmiy shaxslar bir necha marta ko‘proq raqamlarni tilga olishgan.
Bu soxtalashtirish Rossiya manfaatini ko‘zlab dezinformatsiya tarqatishga urinish bo‘lganini ko‘rsatadi; sizdirilgan hujjatlar eng avvalo rossiyaparast kanallarda e’lon qilingan.
Reuters agentligi ham amerikalik uch mulozimga tayanib, Rossiya va rossiyaparast unsurlar ushbu sizdirish ortida turganini qayd etadi.
New York Times nashri uni «urush boshlanganidan buyon Rossiya razvedkasining ilk yorib kirishi» deb atagan.
Ukrainada esa hujjatlarni soxta deb atashgan. «Bu fotoshopda tayyorlangan feyk va «virtual psevdosizdirmalar»dir. Moskva Ukraina qarshi hujumining barbod bo‘lishini juda-juda istaydi. Biroq, haqiqiy rejani rossiyaliklar jang maydonida ko‘rishadi. Yaqinda», — deb yozgan Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak.
Washington Post nashriga anonim tarzda izoh bergan ukrainalik oliy martabali mansabdor ushbu sizdirmalar Kremldan o‘q-dori yetishmasligi bilan bog‘liq bo‘lgan zaif joylarni berkitishga urinib kelgan Kiyevdagi harbiy va siyosiy rahbarlarni juda jahllantirganini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
21:53
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
16:21
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
11:00