«Ayirboshlash fondi» va josuslikda ayblanayotgan amerikalik jurnalist: u zaif tomon taktikasi qurbonimi?
29 mart kuni Yekaterinburg shahrida Amerikaning Wall Street Journal gazetasi jurnalisti Evan Gershkovich qo‘lga olindi. Josuslikda ayblanayotgan ushbu jurnalist, taxminlarga ko‘ra, kelgusida kimgadir almashtirish maqsadida ushlangan.
Rossiyalik mustaqil jurnalistlar, jahonning yirik nashrlari va prezident Jo Bayden Gershkovichni zudlik bilan ozod qilishni talab etishdi. AQSh Davlat departamenti uni Rossiya tomonidan noqonuniy ushlab turilgan shaxs deb topdi. Bu voqea tufayli Oq uy Rossiyada bo‘lib turgan amerikalik barcha fuqarolarni u yerni zudlik bilan tark etishga ham chaqirgandi.
Gershkovichni G‘arb davlatlaridan birida qamoqda o‘tirgan rossiyalik kimgadir almashtirish uchun «ushlashgani»ga deyarli hech kim shubha qilmaydi. Rossiyalik jurnalistlar amerikalik hamkasbining hibsga olinishini «ayirboshlash fondini to‘ldirish» deya baholashgan. Gershkovichni «garovdagi shaxs» deb ham atashmoqda.
«Ayirboshlash fondi» deb kimlarga nisbatan aytiladi?
Bu iborani kim va qayerda ishlatayotganiga bog‘liq. Ukraina rasmiy shaxslari va mediasi rossiyalik asirlarni shunday atashadi. «Ayirboshlash fondi» iborasini keyinchalik ulardan Rossiyaning ayrim medialari — asosan Rossiya hukumati axborot siyosatiga bo‘ysunmaydiganlari o‘zlashtirishdi.
Rossiyaning boshqa medialari esa g‘arb davlatlarida hibsga olingan rossiyaliklarni va Rossiyada hibsga olingan xorijliklarni «ayirboshlash fondi» deb ataydi. Uning bu ma’nosi ikkilamchi, u kamroq tarqalgan, biroq bu ham tobora mashhurlashmoqda.
«Ayirboshlash fondi» «asirlar» ma’nosida biroz beadab ifodada Donbassdagi 2014-2015 yilgi mojarolar chog‘ida muomalaga kirgandi. Undan frontning har ikki tomoni foydalangan. Dastlab bu harbiy jargon sifatida ishlatilgan.
Keyinroq, 2016 yildan boshlab u keng iste’molga kirib kela boshladi.
Juda tezda «ayirboshlash fondi» deganda nafaqat harbiy asirlar, shuningdek sadoqatli emaslikda gumonlanib ushlagan oddiy fuqarolar ham tushunila boshlandi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina taraf bo‘lib nimadir yozgan donbassliklar. Ukraina manziliga ham ular tobora ko‘proq rossiyaparastlarni hibsga olishayotgani — «ayirboshlash fondi»ni shakllantirayotgani borasida ayblovlar yangray boshlandi.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng «dushmanning askarini asirga olish» ma’nosida «ayirboshlash fondini to‘ldirish» iborasidan Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi ko‘p foydalanmoqda. Hatto Volodimir Zelenskiy ham bu iboradan foydalangan.
Rossiya tomonidan «ayirboshlash fondi» iborasi deyarli ishlatilmaydi. Istisnolar juda xarakterli: «DXR» rahbari Denis Pushilin, «LXR»ning inson huquqlari bo‘yicha vakili Viktoriya Serdyukova, «DXR» rahbarining maslahatchisi Yan Gagin. Ya’ni Donbassdagi arboblar. Kreml, RF tashqi ishlar vazirligi, mudofaa vazirligi, RF prezidenti huzuridagi inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova ahyon-ahyonda «asirlarni ayirboshlash» haqida gapirishadi, «ayirboshlash fondi»ni hech qachon tilga olishmagan.
Rossiya mediasi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining «alohida ayirboshlash fondi» (alohida deganda — mudofaa vazirligi fondidan alohidaligi nazarda tutilgan) haqida yozishadi. Yevgeniy Prigojinning o‘zi omma oldidagi chiqishlaridan birortasida «ayirboshlash fondi» iborasidan foydalanmagan.
Biroq, «maxsus harbiy amaliyot» uchun kuyinayotgan Rossiya medialari vaqti-vaqti bilan «AQSh Rossiya fuqarolaridan iborat ayirboshlash fondi shakllantirayotgani» haqida yozib qolishadi. Ular G‘arb davlatlarida josuslik, hakerlik va firibgarlikda ayblanib qo‘lga olingan rossiyaliklarni nazarda tutishadi. Evan Gershkovichning hibsga olinishini ham «ayirboshlash fondining to‘ldirilishi» deb yozishadi.
Buni siyosiy tilning «donbasslashtirilishi» deb atash mumkin.
«Ayirboshlash fondi» — garovdagilarmi?
Gap asirlar haqida ketganda bunday deb bo‘lmaydi. Asirlarni ayirboshlash Jyeneva konvensiyalari bilan tartibga solinuvchi standart marosim. Agar mahbuslar haqida gap ketsa – ha, «ayirboshlash fondi»dagilar mohiyatan garovdagi inson hisoblanadi.
BMTning garovga olishga qarshi kurashish konvensiyasi jinoyat tarkibiga quyidagicha ta’rif beradi: «boshqa shaxsni qo‘lga olish yoki ushlab turish, o‘ldirish, zarar yetkazish hamda (garovdagi) boshqa shaxsni ushlab turishda davom etish bilan uchinchi tomon — davlat, xalqaro hukumatlararo tashkilot, qandaydir jismoniy yoki yuridik shaxs yoki shaxslar guruhini garovdagi shaxsning bevosita yoki bilvosita shartlar asosida ozod etilishi evaziga qandaydir xatti-harakatni sodir etish yoki sodir etishdan tiyilishga majburlash».
Bunga yaqqol misol — 1972 yil Myunxen olimpiadasidagi terakt. Falastinning «Qora sentabr» guruhi to‘qqiz nafar isroillik sportchini garovga olib, ularni ozod qilish evaziga Isroil qamoqxonalaridan 234 nafar falastinlik chiqarib yuborilishini talab qilgan. Aksiya ish bermagan: nemis politsiyasi garovdagilarni ozod qilishga muvaffaqiyatsiz urinib ko‘rgan, natijada garovdagilarning barchasi va terrorchilarning katta qismi o‘ldirilgan. Ushlanganlardan uch nafari esa ikki oydan so‘ng «Qora sentabr» tomonidan egallangan samolyotda garovga olinganlarni ozod qilish evaziga ayirboshlangan.
Endi taqqoslang. 2018 yilning 1 dekabrida Kanadada Amerika orderi bilan Xitoyning Huawei kompaniyasi moliyaviy direktori va kompaniya prezidentining qizi Meng Vanjou hibsga olingan. AQShda u firibgarlikda va Eronga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni aylanib o‘tishda gumonlangan. 10 dekabrda Xitoyda Kanada fuqarolari Maykl Speyvor va Maykl Kovrig hibsga olingan.
2021 yilning 24 sentabrida Amerika Adliya vazirligi Meng Vanjou ekstraditsiya qilinishini talab qilmasligi va undan barcha ayblovlarni olib tashlaganini e’lon qildi. Shu kuni Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Speyvor va Kovrig Xitoyda hibsdan ozod qilingani va vatani tomon parvoz qilayotganini aytib chiqdi.
Rasmiy shaxslardan birortasi na Kanadada, na Xitoyda, na AQShda Mengning taqdiri Speyvor va Kovrigniki bilan bog‘liq ekanini tilga olgan. Lekin fakt jihatidan, bu ochiqchasiga hostage diplomacy — «garovli diplomatiya» edi, albatta.
Boshqa misol. 2016 yilda Turkiyada amerikalik pastor Endryu Branson hibsga olindi. Uni muvaffaqiyatsizlikka uchragan davlat to‘ntarishi tashkilotchilari bilan hamkorlikda ayblashdi. Voqeadan bir yil o‘tib Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ochiqchasiga agar Amerika Turkiyaga o‘sha davlat to‘ntarishini uyushtirishda ayblanayotgan diniy voiz Fathulloh Gulanni topshirsa evaziga pastorni berishini aytdi. Bu ham «garovli diplomatiya» edi.
To‘g‘ri, Erdo‘g‘an Xitoy hukumati erishgan natijaga erisha olmadi: AQSh Gulanni shu vaqtgacha topshirmadi. Boz ustiga, ular Turkiyaga nisbatan sanksiyalar joriy qilishdi — bu NATOga a’zo davlatga nisbatan sanksiya joriy qilingan ilk holat bo‘ldi. 2018 yilda Turkiya sudi Bransonga u dastlabki tergov davrida qamoqda saqlangan davrga teng ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi. Shu tariqa, pastor ozodlikka chiqib, vataniga qaytdi. AQSh ham joriy etgan sanksiyalarini tezgina yechdi.
Endi 2019 yili ro‘y bergan voqeani yodga olaylik. Moskva aeroportida Rossiya orqali tranzit tarzda uchayotgan, bagajida nasha bo‘lgan Isroil fuqarosi Naama Issahar ushlanadi. Issaharning o‘zi ham, uning nashasi ham formal jihatdan Rossiya chegarasini kesib o‘tmagan. Biroq, ayolni hibsga olishadi va narkotik modda kontrabandasida ayblashadi.
Rossiya darhol uni Isroilda qamoqda saqlanayotgan, hakerlikda ayblanib, AQShga ekstraditsiyani kutayotgan Aleksey Burkovga almashishni taklif qiladi. Isroil buni rad etadi, Burkovni esa AQShga topshiradi — Amerikada u to‘qqiz yilga qamaladi. Issaharni esa baribir ozod qilishadi — Quddusdagi Aleksandr butxonasini Rossiyaga topshirish evaziga. Keyinroq, Isroil sudi bu bitimni ham to‘xtatadi.
Naama Issahar garovga olingan edimi? Ha, albatta. Burkov Rossiya hokimiyati uchun nimasi bilan qimmatli ediki, uni ozod qilib kelish uchun mana shunday radikal choralarga qo‘l urishga majbur bo‘lishgan, bunisi noaniq. Ehtimol, u shunchaki juda ko‘p narsani bilgan.
Nima bo‘lganda ham, gambit barbod bo‘lgan. Biroq Rossiya hukumati yana bir necha bor bunday operatsiyalarga qo‘l urgan, ayrimlari muvaffaqiyat bilan yakun topgan. 2019 yilning avgustida Moskvada to‘polon uchun amerikalik talaba Trevor Ridni qo‘lga olishgan. 2022 yil aprelida u AQShga narkotik moddalar yetkazib berishda ayblanib, Amerika qamoqxonasida 10 yildan ziyod o‘tirgan Konstantin Yaroshenkoga almashtirilgan.
Rossiya uzoq yillardan buyon qurol-yarog‘ savdosi bilan ayblanib, AQShda qamalgan Viktor Butni ozod qilishga besamar urinib kelayotgandi. Nihoyat, 2022 yilning so‘ngida u Issahar kabi narkotik kontrabandasida ayblanib, qamoqxonada o‘tirgan basketbolchi qiz Britni Graynerga almashtiriladi.
Bu ayirboshlashlarning barchasi sovuq urush yillaridagi odam almashtirishlarga o‘xshab ketadi. Masalan, 1962 yilda Geri Pauersning Rudolf Abelga almashtirilishi yoki 1976 yilda Vladimir Bukovskiyning Luis Korvolanga ayirboshlanishi. Lekin bitta prinitsipial farq bor. Pauers SSSR osmonida urib tushirilgan razvedkachi uchoqning piloti edi; Abel — sovet agenti. Dissident Bukovskiy SSSRda siyosiy mahbus edi, kommunist Korvalan — esa siyosiy qarashlari tufayli Chilida o‘tirgan edi. Ya’ni o‘shanda josusni — josusga (yoki razvedkachini — razvedkachiga), siyosiy mahbusni — siyosiy mahbusga almashishgan.
Rid Yaroshenkoga, Grayner Butga, Vanjou Speyvor va Kovrigga almashtirilishi yoki amalga oshmay qolganlari: Issaharni Burkovga, Bransonni Gulanga ayirboshlash — mutlaqo simmetrik emas: tasodifiy odamlarni tasodifiy bo‘lmagan odamlarga almashtirishga harakat qilishgan.
Bu tomondan olib qaralganda Rossiya, Turkiya va Xitoy hukumatlarining motivatsiyasi va faoliyati ba’zi bir jihatlari e’tiborga olinmasa, o‘sha «Qora sentabr» va boshqa terrorchilik guruhlarnikini juda eslatib yuboradi.
Yaqindagi holat — ukrainalik 215 asir (jumladan, «Azov» polki qo‘mondonlari)ning 55 nafar rossiyalik va Viktor Medvedchukka almashtirilishi. Ushbu unikal holatda «ayirboshlash fondi»ning ikki ma’nosi qorishib ketgan: harbiy asirlar va mahbuslar, to‘g‘rirog‘i bir nafar muhim mahbus. Medvedchuk esa aslo tasodifiy inson emas: u «Putinning og‘aynisi» va ko‘p yillar davomida Kremlning Ukrainadagi ta’sir agenti edi. Shuning uchun Ukraina «azovchilar»ni asirlikdan qutqarish uchun uni garovga oldi, deb ta’kidlash g‘ayriqonuniy.
Evan Gershkovich ham almashtiriladimi?
Deyarli shunday. Amerikalik sobiq dengiz piyodasi, 2020 yilda Rossiyada josuslik uchun 16 yilga qamalgan Pol Uilan kabi.
Rossiya hokimiyati ularning har ikkisini josus deb atayotgani o‘ta muhim. Ularning o‘ziga ham «Qora sentabr»ga o‘xshab qolayotganliklari unchalik yoqmayapti, shu sababli bo‘lg‘usi ayirboshlashlar Grayner – Butniki kabi emas, Pauers – Abelniki kabi bo‘lishini istashmoqda.
Rossiyada Gershkovich va Uilanga ayirboshlashga tayyor bo‘lgan, turli davlatlarda o‘tirgan rossiyalik mahbuslar juda ko‘p. Germaniyada, masalan, sobiq chechen dala qo‘mondoni Zelimxon Hangshvilini o‘ldirgan, FSB ofitseri deb taxmin qilinayotgan Vadim Krasikov o‘tiribdi. Uni Graynerga almashtirmoqchi bo‘lib ham ko‘rishgan, amerikaliklar ko‘nishmagan.
AQShda «Nezygar» siyosiy telegram-kanali egasi deb taxmin qilinuvchi, Kreml uchun OAVni monitoring qiluvchi tizim yaratib bergan haker Vladislav Klyushin o‘tiribdi.
Amerikada LinkedIn va Dropbox’ni buzishda ishtirok etgan rus hakeri Yevgeniy Nikulin ham o‘tiribdi. Nikulin Hillari Klintonning elektron pochtasini buzish, shuningdek, AQShda rossiyalik hakerlar tomonidan amalga oshirilgan boshqa siyosiy aksiyalarni ham uning bo‘yniga qo‘ymoqchi bo‘lishayotganini ta’kidlagan.
Sloveniyada 2022 yil oxirida allaqanday Lyudvig Gish va Mariya Mayyer qo‘lga olingan — ular aslida rossiyalik razvedkachilar ekani da’vo qilinmoqda. Xullas, mana shular ko‘plab variantlarning ayrimlari.
Ayirboshlash — Rossiya hokimiyati o‘ziga «kerakli» mahbuslarni xorijiy davlatdan yurtiga keltirishning yagona usuli emas. Aytaylik, 2017 yilda Gretsiyada BTC-e bitkoyn birjasi egasi Aleksandr Vinnik hibsga olinadi. Rossiyaliklar darhol unga nisbatan qidiruv e’lon qilishadi: uning AQShga emas (Amerikada u pul yuvishda ayblanayotgandi), Rossiyaga ekstraditsiya qilinishiga erishish maqsadida. Nayrang muvaffaqiyatsiz tugaydi: 2022 yilda Vinnikni AQShga topshirishadi.
Xuddi shu usulni Artyom Uss — Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatorining o‘g‘liga nisbatan ham qo‘llashadi. Uni 2022 yilda AQSh so‘roviga binoan Italiyada qo‘lga olishadi — u firibgarlik va sanksiyalarni aylanib o‘tishda ayblanmoqda. Rossiya ham darhol unga nisbatan qidiruv e’lon qilib, ekstraditsiya qilinishini Italiyadan talab qila boshlaydi — yana muvaffaqiyatsiz: Italiya Ussning AQShga ekstraditsiya qilinishini tasdiqlagan. Shunda Uss uy qamog‘idan qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi va uning hozir qayerda ekani noma’lum. U Rossiyaga yo‘l olgani yoki allaqachon kirib kelgani ehtimoli katta.
Mana shuning uchun Rossiyaga «kerakli» mahbuslarni qaytarishning yagona va samarali yo‘li «ayirboshlash fondi»ni shakllantirish bo‘lib chiqmoqda. Bu esa zaif tomonning — o‘z maqsadiga erishishning boshqa yo‘llarini bilmaydiganlarning taktikasi. Xuddi terrorizm singari.
Mavzuga oid
22:34 / 18.12.2024
Polshada rossiyalik hokkeychi josuslikda ayblanib, 3 yil muddatga qamaldi
23:06 / 06.12.2024
Vengriya razvedkasi mamlakatga kelgan yevropalik amaldorlar ortidan kuzatib kelgani ma’lum bo‘ldi
19:47 / 30.11.2024
Xitoyda josuslikda ayblangan jurnalistga hukm o‘qildi
11:15 / 29.11.2024