O‘zbekiston | 16:43 / 11.04.2023
26575
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq artistining uyidan 600 ming dollarlik taqinchoqlar o‘g‘irlangan. Bosh prokuratura holat bo‘yicha qo‘shimcha tergov o‘tkazilishini bildirdi

O‘zbekiston xalq artisti Malika Ahmedovaning internetda tarqalgan videomurojaatida uyidan 600 ming dollarga teng qimmatbaho taqinchoqlar o‘g‘irlangani va ular haligacha qaytarilmayotgani haqida so‘z boradi.

11 aprel kuni Telegram-kanallarida Oliy Xoreografiya maktabida tahsil olgan, Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatrida faoliyat yuritgan Malika Ahmedovaning videomurojaati tarqaldi.

Malika Ahmedovaning aytishicha, o‘tgan yilning 28 dekabr kuni uyiga tushgan o‘g‘rilar umumiy qiymati 600 ming dollarga baholangan tilla taqinchoq, brilliant va boshqa qimmatbaho toshlarni o‘g‘irlab ketishgan. Xalq artistiga ko‘ra, ushbu boylik unga ota-onasidan meros bo‘lib qolgan.

Videomurojaatda o‘g‘rilar tezda topilgani, lekin qimmatbaho brilliant va tillalar qaytarilmagani ta’kidlanadi. Malika Ahmedova o‘g‘rilik uyushtirilgan degan fikrda. Aniqlanishicha, o‘g‘rilar Navoiydagi qamoqxonadan chiqqanidan uch-to‘rt kun o‘tib Toshkentga kelgan va uning uyini tunab ketishgan.

Tergovchilar san’atkorga o‘g‘rilar zumrad, yoqut va boshqa qimmatbaho toshlar qadalgan taqinchoqlarning asl qiymatini bilmasdan 250 ming so‘mga sotib yuborishganini aytgan. Videomurojaatda jabrlanuvchi ushbu so‘zlarga ishonmayotgani va tergov harakatlaridan norozi ekanini bildirgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Malika Ahmedova 11 aprel kuni Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori Aliakbar Pulatov tomonidan qabul qilingan va uning tergov bilan bog‘liq e’tiroz va vajlari tinglangan.

“Qabul davomida M.Ahmedovaga tuman prokuraturasiga taqdim qilingan jinoyat ishi tegishli tartibda o‘rganib chiqilgani va tergov organiga ish bo‘yicha qo‘shimcha tergov harakatlarini o‘tkazish haqida yozma ko‘rsatma berilganligi tushuntirildi”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Qayd etilishicha, 8 aprel kuni jinoyat ishi ayblov xulosasini tasdiqlash va sudga yuborish uchun tuman prokuraturasiga taqdim qilingan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsiddinov Malika Ahmedovaning uyida sodir bo‘lgan o‘g‘rilik bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha tergov harakatlari o‘tkazilishi haqida xabar bergan.

Avvalroq Do‘rmondagi maxsus qo‘riqlanadigan, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva yashab kelgan uydan 12 500 dollar pul o‘g‘irlangani xabar qilingandi. Kun.uz'ning Senat raisiga yaqin rasmiy manbasi o‘g‘rilik sodir etilgan uy Norboyevaga tegishli ekani, ya’ni davlat tomonidan Senat raisi lavozimidagi faoliyati davri uchun berilgani, lekin uyda uning o‘zi emas, qizi yashab kelayotganini bildirgandi.

Mavzuga oid