Jahon | 15:29 / 15.04.2023
10749
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Bosh shtabi: Eng shiddatli janglar Baxmut va Marinka uchun kechyapti

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining ertalabki ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan bir sutka davomida Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga 19 ta raketa va 9 ta havo hujumi uyushtirgan, shuningdek, ko‘plab raketa tizimlaridan 42 marotaba o‘q uzgan. 

Foto: Staff

Kramatorsk va Slovyanskka S-300 zenit-raketa tizimlaridan 13 ta raketa zarbasi uyushtirilishi natijasida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi

«Dushman asosiy kuchlarini Liman, Baxmut, Avdiviyka va Marinka yo‘nalishlarida hujum operatsiyalarini o‘tkazishga qaratishda davom etmoqda. Baxmut va Marinka uchun eng shiddatli janglar davom etmoqda. O‘tgan sutka davomida dushmanning 56 ta hujumi qaytarildi», - deya ma’lum qildi Ukraina qo‘mondonligi.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Twitter'da e’lon qilgan xulosada aytilishicha, o‘tgan haftada Rossiya Donetsk viloyatidagi Marinka atrofida bronetank (tanklar va o‘ziyurar artilleriya) hujumlarini kuchaytirgan. 

Donetskdan 20 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan shahar uchun janglar 2014 yildan beri davom etmoqda va u artilleriya o‘qlaridan «to‘liq» vayron qilingan, deb yozadi razvedka. 

Shu bilan birga, Marinka, ta’kidlanganidek, Donetskka yaqinlashish yo‘nalishlari hamda N15 asosiy yo‘li ustidan nazoratni ta’minlaydi.

Avvalroq Britaniya Mudofaa vazirligi so‘nggi kunlarda Baxmut hududida Rossiya qo‘shinlarining hujumi yana tezlasha boshlagani haqida xabar bergandi. 

Mavzuga oid