O‘zbekiston | 17:23 / 18.04.2023
69383
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryodagi maktabda 2 ayol o‘qituvchi do‘pposlandi, mushtumzo‘r qo‘lga olingan

Maktab direktorining xonasidagi yig‘ilishda erkak 2 nafar ayol o‘qituvchini urib, do‘pposlagani aks etgan video tarqaldi. Rasmiy munosabatga ko‘ra, holat Uzun tumani 31-maktabda sodir bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda 18 aprel kuni Surxondaryodagi maktabda 2 nafar ayol o‘qituvchi bir erkak o‘qituvchi tomonidan do‘pposlangani aks etgan videoyozuvlar tarqaldi.

Unda bir guruh xodimlar ishtirokida majlis ketayotgani va suhbat orasida bosh kiyim (ko‘k rangli kepka) kiyib olgan bir erkak ro‘molli ayolga daftar yoki kitobni uloqtirganini, so‘ng ura ketgani aks etgan. Shundan keyin guvohlar tomonidan ajratilgan erkak xonadan chiqib, yana qaytib kirgan va eshik yonida turgan yana bir ayolga, so‘ng yana ro‘moldagisiga musht tushirgan.

Kun.uz holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot kotibi Dilfuza Sobirovaning aytishicha, o‘qituvchilarga nisbatan zo‘ravonlik aks etgan bu holat Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi 31-maktabda sodir bo‘lgan.

Bosh prokuratura ham holatni o‘rgangani va gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangani haqida rasmiy bayonot berdi. Unga ko‘ra, holat 2023 yil 14 aprel kuni soat 12:00 larda sodir bo‘lgan.  

«Uzun tumanidagi 31-sonli o‘rta ta’lim maktabining direktor xonasida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda 34 yoshli erkak (o‘qituvchi) ikki nafar ayol o‘qituvchi bilan janjallashib, ularga tan jarohati yetkazgan», deyiladi rasmiy izohda.

Holat yuzasidan 18 aprel kuni Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Mavzuga oid