O‘zbekiston | 18:11 / 19.04.2023
9377
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida odamlarning mollarini o‘g‘irlab kelgan ikki jinoiy guruh qo‘lga tushdi

Hozirga qadar uyushgan jinoyatchilar tomonidan Toshkent viloyatining turli hududlarida 17 bosh qoramol, 7 bosh qo‘y, 1 bosh ot o‘g‘irlangani aniqlangan.

Toshkent viloyatida qoramollarni o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan ikkita jinoiy guruh qo‘lga olingan. IIV Tezkor-qidiruv departamentiga ko‘ra, Piskent tumanida yashovchi fuqaro 28 mart kuni tut plantatsiyasi atrofida ikki bosh qoramoli o‘g‘irlab ketilgani haqida ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan va holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida, ushbu jinoyatni Piskent tumanida yashovchi ikki nafar shaxs sodir etgani fosh etilgan.

Gumonlanuvchi tariqasida jalb qilingan shaxslar ikki nafar sherigi bilan birgalikda Toshkent viloyati hududida bir nechta o‘g‘rilik sodir etgani aniqlangan. Hozirga qadar jinoiy guruh 2021 yilning 11 sentabr kunidan buyon 7 nafar fuqaroning jami 10 bosh qoramolini o‘g‘irlagani aniqlangan.

Bundan tashqari, boshqa bir guruh 2023 yilning 3 aprel kuni Yangiyo‘l tumanidagi xonadondan 15 million so‘mlik bir bosh otni yashirin ravishda olib chiqib ketayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Ularning mashinasi ichidan pichoq, qayroq, qamchi, go‘sht mahsulotlarini ilish uchun mo‘ljallangan qurilma, bolta, zanjir va arqonlar aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Tezkor surishtiruv tadbirlari davomida ushbu jinoiy guruh Yangiyo‘l tumanida 2 ta xonadondan ikki bosh qoramol, Zangiota tumanida 3 ta xonadondan 7 bosh qo‘y va uch bosh qoramol, Toshkent tumani hududidagi xonadonlarning biridan 2 bosh qoramollarni o‘g‘irlagani aniqlangan.

Ushbu jinoiy guruhlarning qoramol o‘g‘riliklari bilan bog‘liq boshqa jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

 

 

Mavzuga oid