“Endi bolalarga zo‘ravonlik qilgan shaxslar kelajakda bolalar muassasalarida ishlamaydi” – professor Barnogul Sanaqulova
12 apreldan kuchga kirgan ayollar va bolalar huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonunga ko‘ra, endi bolalarga zo‘ravonlikda ayblangan va sudlangan shaxslar kelgusida bolalar bilan bog‘liq joylarda ishlashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Iqtisodchi Barnogul Sanaqulova “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga binoan endi bolalarni 3 oydan ortiq qarovsiz qoldirib ketgan ota-onalar jazolanishini aytdi. Daxldor tashkilotlar: MFY, nozir, maktab, bog‘cha, Xotin-qizlar qo‘mitasi vakili kabilar bunday vaziyat haqida xabar bermasa, ular ham javobgarlikka tortiladi. Ya’ni endi ota-ona bolasini 3 oydan ko‘p muddatga qoldirib ketadigan bo‘lsa bolaga vasiy tayinlanishi majburiy va shart. Avval bu muddat 6 oy edi.
Sanaqulovaning ta’kidlashicha, mazkur masalada Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqiladigan nizomga ko‘p narsa bog‘liq.
Yana bir yangilik shuki, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlikda ayblangan, sudlangan kishilar kelajakda bolalar bilan bog‘liq bo‘lgan joylarda ishlashi taqiqlanadi. Xususiy yoki davlat tashkiloti ekanligi farqsiz. Lekin 3 oy ichida Vazirlar Mahkamasi bu bo‘yicha nizomni qabul qilishi kerak hali. Ya’ni huquqlardan mahrum qilish qay tartibda bo‘lishi belgilanishi lozim, hali yopiq loyiha haqida gapiryapmiz. Agar tezroq nizom qabul qilinmasa, vaqt cho‘zilsa, bu modda ham ishlamaydi. Agar pedofil o‘z lokatsiyasini o‘zgartirsa, uning izi yo‘qoladi. Toshkentda ishlagan, sudlangan pedofil odam, deylik, ertaga Buxoroda bemalol yana bolalar bilan bog‘liq muassasalarda ishlab yurishi mumkin. Shuning uchun ham amaliyotga tezroq joriy qilinishi muhim hozir.
Lekin muammo bo‘lishi mumkin. Davlat tashkilotlari rasmiy ravishda, tegishli tekshiruvlardan o‘tkazib ishga olish imkoniyatiga ega. Biroq xususiy sektorlarga rasmiy tarzda ishga olmay ishlatib yurishi ham mumkin. Biz nazorat qilolmaymiz buni. Deylik, biror suzish to‘garagida 6 ta murabbiy bo‘lsa, 3-4 tasi rasmiy ishlamasligi mumkin. Va o‘shalar ichida pedofil bo‘lsa, nazoratga ololmaymiz. Bolalarni topshirib qo‘ygan bo‘lamiz pedofil qo‘liga. Shuning uchun ham Vazirlar Mahkamasi ishlab chiqadigan nizomga ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi. Shunday mexanizm bo‘lishi kerakki, har qanday holatda pedofilni aniqlash imkoni bo‘lishi lozim.
Ma’lumot o‘rnida, ayni paytda O‘zbekiston qonunchiligida pedofil tushunchasi kiritilmagan. Shu sababdan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxs deb nomlanadi.
Mavzuga oid
15:29 / 19.12.2024
Indoneziyada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik tufayli favqulodda holat e’lon qilindi
13:50 / 02.12.2024
Dunyoda shunday qishloq bor: unga erkaklar kirishi taqiqlangan
17:13 / 29.11.2024
Tojikistonda bolalarni xivchin bilan savalagan ayol ushlangani ma’lum bo‘ldi
12:00 / 27.11.2024