Jahon | 21:38 / 20.04.2023
31733
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning butun front bo‘ylab hujumi to‘xtab qoldi - bu aftidan, Ukrainaning qarshi hujumi kutilayotgani bilan bog‘liq

Ammo «Vagner» XHK o‘jarlik bilan Baxmutni shturm qilishda davom etmoqda.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Rossiya qo‘shinlari frontning turli yo‘nalishlarida hujum qilishga urinishda davom etmoqda — lekin borgan sari sustroq. Deyarli barcha yo‘nalishlarda harakatlar pozitsion xususiyatga ega bo‘lib, asosan ikki tomonning artilleriya duellari ko‘rinishiga o‘tgan.

Bu urushda avval ham shunday vaziyat yuzaga kelgandi: 2022 yilning iyul va avgust oylarida Lisichansk egallanganidan keyin Rossiyaning yurishi darhol to‘xtamagan, ammo hujumlar borgan sari lanjlik bilan qilingan, xuddi inersiya bo‘yicha davom etgandek edi. Ukraina qurolli kuchlarining kuzgi yurishi ham shu tarzda yakun topgandi – noyabrda RF qurolli kuchlari Dnipro daryosi timsolidagi ishonchli tabiiy to‘siq ortiga chekingan, dekabrda esa ukrainlarning Luhansk oblasti shimolidagi hujumlari ham asta-sekinlik bilan tinchib qolgandi.

Frontdagi bunday dinamika – tashabbus raqiblardan biridan ikkinchisiga o‘tayotgani belgisidir. Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlarining kuchli qarshi hujumini kutayotgan Rossiya qo‘shinlari taktik ahamiyatgagina ega bo‘lgan lokal hujumlarni davom ettirish uchun juda ko‘p kuch va zaxiralarni sarflashni istamayapti. Faqat Baxmut istisno bo‘lib qolmoqda, bu yerda hali ukrainlar uchun inqiroz ortda qoldirilmadi: Ukraina QK shaharning faqat g‘arbiy kvartallarini nazorat qilmoqda, bu hudud ham qurshov xavfi ostida.

Baxmut

  • «Vagner» XHK kuchlari, uning rahbariyati va RF mudofaa vazirligi tasdiqlashicha, tutashuv chizig‘ining bir qismini (shimolda Sakko va Vansetti qishloqlaridan Zaliznyanskiygacha va janubda Ozaryanovkidan Stupochekkacha) muntazam qo‘shinlarga topshirgan. Bu esa XHKning Baxmut atrofidagi shturm otryadlari bo‘shab, shaharni egallash uchun yangidan shturm tashkillashtirish imkonini bergan. Aprel oyi boshida shahar markazida erishilgan muvaffaqiyatlardan keyin (yollanma jangchilar bir necha kun ichida markaziy kvartallarni egallab oldi) vagnerchilar temiryo‘l atrofida yangi mudofaa chizig‘ida to‘xtagan. Vokzal va uning atrofi uchun janglar ikki haftadan ko‘proq vaqt oldin boshlangandi.
  • Ukraina dronlaridan olingan videolarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda XHK yollanma jangchilari temiryo‘l ortiga o‘tib olishga muvaffaq bo‘lgan. Ukraina qurolli kuchlarining bu hududdagi asosiy tayanch punktlari — vokzalning o‘zi va undan shimoldagi elevator egallangani aniq emas. G‘arbiy hududlarni yaqqol kuzatib turish mumkin bo‘lgan elevatorning baland binosini ukrain qo‘shini chekinayotib portlatib yuborgan, ammo bu to‘la muvaffaqiyatli amalga oshmagan — binoning bir qismi butun qolgan.

  • Shu bilan bir vaqtda «Vagner» XHK shaharning g‘arbiy kvartallaridagi garnizonni ta’minotdan uzib qo‘yish uchun shimoldan (Severniy stavok hovuzi hududi) va janubi-g‘arbdan (Chaykovskiy ko‘chasidagi baland imoratlar joylashgan hudud) ta’minot yo‘llariga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilmoqda. Shimolda vaziyat ular uchun yaxshiroq ketmoqda: yollanma jangchilar Atirgullar xiyoboni (Allei Roz) va sobiq Madaniyat uyini (bu bino ham ukrain harbiylari tomonidan portlatib ketilgan) hududini egallagan.
  • Shahar shturmi yanada cho‘zilishi mumkin: hozirda yollanma jangchilar to‘lig‘icha temirbetondan qurilgan baland uylardan iborat hududga yetib kelgan. Bundan tashqari, bu hudud hozircha «katta yer» bilan yaxshi bog‘langan — shaharga olib keluvchi ikki yo‘l bo‘yida Ukraina armiyasi kuchli istehkomlar barpo etgan. «Vagner» XHK — katta ehtimol bilan, havo-desant qo‘shinlarining muntazam qismlari ko‘magida — bu yo‘llar ustidan nazorat o‘rnatishga harakat qilishi tayin, buning uchun Baxmut tashqarisidagi Ivanovskoye (Krasnoye) qishlog‘i va Xromovo posyolkasiga yana bir bor hujum uyushtirilishi mumkin. Ukrainadagi manbalar xabar berishicha, yollanma jangchilar «hayot yo‘li» atrofidagi pozitsiyalardan birini egallashga ham erishgan. Bu janglar to‘g‘ridan to‘g‘ri trassada ketayotgani bilan bog‘liq ilk holat emas, ammo bu safar ukrain qo‘shini yo‘l nazoratini butunlay boy berish xavfi yuzaga kelgan.
  • Ukraina QK Baxmutni shturm qilayotgan guruhning qanotlariga qarshi hujumlar uyushtirmoqda (hozircha kichik ko‘lamlarda). Shahar to‘liq egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Ukraina qo‘mondonligi ancha yirikroq qarshi hujum uyushtirishi talab etiladi.

Boshqa yo‘nalishlar

Ukraina qurolli kuchlarining hujumga o‘tishini kutayotgan Rossiya qo‘shinlari Kreminna, Avdiyivka, Maryinka va Vuhledarda yangi yirik hujumlar tashkillashtirishga urinmayapti. Faqat Kreminna yaqinidagi o‘rmonzorda, Lisichanskdan g‘arbdagi Bilohorivkada, Avdiyivkadan shimol va janubi-g‘arbda, Maryinkadan shimol va janubda kichik hujumlar davom etmoqda. O‘tgan hafta davomida bu yo‘nalishlarda rossiyaliklarning oldinga siljishi yoki minimal darajada bo‘ldi yoki umuman bo‘lmadi.

Mavzuga oid