To‘xtatilgan «O‘lmas polk»: Nega undan Kremlga eng kerakli paytda voz kechilmoqda?
Rossiyada 9 may kuni o‘tkaziladigan «O‘lmas polk» yurishlari sabablari tushuntirilmasdan bekor qilinmoqda. Katta ehtimol bilan bu – «maxsus harbiy amaliyot»da o‘lganlarning portretlari bilan nima qilish kerakligini bilmaslikdan bo‘lmoqda.
Rossiyada 2023 yilda «O‘lmas polk» aksiyasi o‘tkazilmaydiganga o‘xshayapti. Putin Rossiyasining bosh ramzlaridan biri u eng kerakli vaqtda bekor qilinmoqda. Aftidan, Ukrainadagi urush fonida u reallikka unchalik mos kelmayapti.
Hammasi allaqachon an’anaviy va ommaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan yurishning tashkiliy qo‘mitasi Moskvada u bekor qilinishini e’lon qilganidan boshlandi. Rossiya poytaxtida «O‘lmas polk» yurishi bo‘lmasligi e’lon qilingani zahoti namoyish Kaluga, Voronej, Smolensk va Yaroslavlda ham bekor qilingani ma’lum bo‘ldi. Qrim va Sevastopolda yurish bekor bo‘lishi Moskvadan ham avvalroq e’lon qilingandi. Ikkinchi jahon urushining qaqshatkich janglari kechgan Oryol, Kursk va Belgorodda ham bekor qilinsa kerak, avvalroq bu shaharlarda 9 may paradi ham bekor qilingan edi.
Bu qaror mahalliy amaldorlarni gangitib qo‘ydi. Masalan, Sankt-Peterburgda rayon ma’muriyatlari lokal aksiyalar o‘tkazilishini aytishmoqda, ammo Neva shohko‘chasida asosiy aksiya o‘tish-o‘tmasligi hozircha tushunarsiz. Krasnodarda «tadbirlarni o‘tkazish formati muhokama qilinmoqda», garchi markazlashtirilgan yurish baribir bo‘lmaydi. O‘lka gubernatori Veniamin Kondratyyev allaqachon «O‘lmas polk» maktab lineykalari shaklida o‘tkazilishini anons qilib bo‘lgan.
«Rossiya o‘lmas polki» ko‘ngillilar jamoat tashkiloti hamraisi, Davlat dumasi deputati Yelena Tsunayevaga ko‘ra, yurish Qrimda bekor qilingani uchun butun mamlakatda bekor qilinmoqda. Chunki «tarix yagona va qayerdadir odamlarning o‘tkazishga imkoni bo‘lmasa, boshqa variantdan foydalannish kerak». Ayrim hududlarda mahalliy hokimiyatlar uni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, bekor qilish haqida xabarlar chiqmagan.
Nima bo‘lganda ham mamlakat poytaxti Moskvada uyushtiriladigan (hattoki bir paytlar urush faxriysining o‘g‘li Vladimir Putin qatnashgan) eng yirik yurishsiz «O‘lmas polk» umumiy xotirlash hodisasi sifatida o‘z miqyosi, ahamiyatini yo‘qotadi va mahalliy darajadagi voqeaga aylanadi. Ha, evaziga joylarda qandaydir boshqa formatlar taklif qilinmoqda — portretlarni mashinalarga yopishtirish, kiyimlarga tushirish kabi. Lekin bunday omixtalar mashhurlashishi dargumon; yurishning bor ma’no-mantig‘i uning ommaviy va jamoaviy ko‘rishga ega ekanida, individual ko‘rinishda u juda kamtarona, to‘g‘rirog‘i, bema’ni ko‘rinishga ega bo‘ladi, deb yozadi rus jurnalisti Mixail Shevchuk.
Tadbir bekor qilinishi g‘alati ko‘rinayotganining sababi — millionlab insonlar ishtirok etgan Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlarning portretlarini ko‘tarib yurish qilish, garchi faollar tomonidan o‘ylab topilgan bo‘lsa-da, darhol davlat nazoratiga o‘tdi va Rossiya rasmiy siyosatining haqiqiy ramziga aylanib bo‘lgan edi. Bu davlat-vatanparvarlik narrativining vizual ko‘rinishga ega bo‘lgani, hokimiyat tomonidan ta’kidlab kelingan xalqning birdamligi, xotira muqaddasligi, ajdodlar bilan uzilmas rishta borligi haqidagi tezislarining haqqoniy ekanining bir isboti edi.
Uning markazida «ulug‘ vatan urushi» xotirasi rus xalqining qudrati ramzi sifatida joylashtirildi. Shuningdek, «kollektiv g‘arb»ning Rossiyadan g‘alabani tortib olishga bo‘lgan urinishlari va noshukrligi borasidagi rus siyosatchilarining arzlariga o‘ziga xos javob bo‘ldi. Yurishning avvalboshdan belgilangan bosh g‘oyasi («urush har qanday holatda takrorlanmasligi kerak») – albatta ikkinchi planga surib qo‘yildi, bugunga kelib umuman g‘oyib bo‘ldi.
Ukrainadagi urushni Rossiya rasmiy propagandasi ikkinchi jahon urushining to‘g‘ridan to‘g‘ri davomi sifatida taqdim etib kelmoqda. «O‘lmas polk» esa bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydi — fashizmga qarshi kurashgan ajdodlar go‘yoki ularning portretlarini ko‘tarib olgan nevaralar va chevaralarni yangi yurishga kuzatishmoqda (2022 yili — urush qizg‘in pallada o‘tkazilgan yurishda bosh ma’no ham shunday edi). Vatanparvarlik mantig‘iga ko‘ra hozir, Ukrainaning qarshi hujumga o‘tish pallasida fuqarolarni ruhlantirish uchun bu tadbir juda-juda kerak edi, ammo uni bekor qilishmoqda.
Garchi baralla aytishmayotgan bo‘lsa-da, bu xavfsizlik nuqtayi nazaridan qilinayotgani birinchi galda xayolga keladi (bu nima, maxsus xizmatlar xavfsizlikni ta’minlay olishiga gumondan darak beradimi?) Bir yil avval Rossiya armiyasi olg‘a harakat qilayotgan edi; chegara oldi hududlarni qo‘yaturing, Moskva ostonasi va Samaragacha portlovchi modda eltib uchayotgan Ukraina dronlari haqida gap-so‘z yo‘q edi. Moskvadagi binolar uzra HHM tizimlari o‘rnatilayotgan, Sankt-Peterburgda Tatarskiy kuppa kunduzi portlatib yuborilayotgan ekan, xavfsizlik choralari, albatta, tabiiy ko‘rinadi. Bunday yurishlar chog‘ida sodir bo‘ladigan har qanday portlash yanada kuchli (psixologik nuqtayi nazardan, albatta) va qo‘rqinchli zarba bo‘lardi. (Darvoqe, Rossiyada birinchi may namoyishlari ham bekor qilinmoqda). Bundan kelib chiqadiki, bir necha oy avval dolzarb bo‘lib turgan xavfsiz poytaxt obrazi tumandek tarqab ketdi. Moskva endi unday emas.
Agar xavfsizlik haqida gap borar ekan, demak «maxsus harbiy amaliyot»ni ham boshlamaslik kerak edi.
Bu yerda g‘oyaning o‘zi tushunib yetilgan risk haqida bormoqda: ulug‘vor maqsadga intilayotgan jangchilar o‘limdan nafratlanishni namoyish etishmoqda va mafkura nuqtayi nazaridan jahonga qo‘rquv yo‘qligi, prozaik xavf ustidan ruhiyatning g‘alabasini ko‘rsatib qo‘yish muhimroqdek edi. Qo‘rquvni namoyish etish mumkin emasdi.
Ehtimol, boshqa mulohazalar ham bordir. Aytaylik, yana «O‘lmas polk»ni boshqarishni istab qolgan Vladimir Putinning salomatligidan xavfsirash (agar u istamasa — bu ham yaqqol ko‘zga tashlanadi). Yoki Ukrainadagi urushda o‘lganlarning portretlarini nima qilishni tushunmaslik.
Ukrainadagi urush Checheniston va Afg‘onistondagi urushdan farqli ravishda o‘sha «muqaddas ulug‘ vatan urushi»ning davomi bo‘lsa, demak qurbonlar ham bir xil darajada, demak ularning portretini ko‘tarish nafaqat o‘rinli, balki majburiy. Lekin bunday portretlar bir joyda to‘plansa hokimiyatga kerak bo‘lmagan yo‘qotishlarning juda ko‘pligi effektini yaratadi — hokimiyat esa bu raqamlarni tilga olishni xohlamaydi, Mudofaa vazirligi ham yo‘qotishlar haqida gap ochmaganiga oylar bo‘lib ketdi.
Avvalboshdan xotirlash aksiyasi hamda hozir va shu yerda bo‘layotgan harbiy mojaroni umumiy konstruksiyaga birlashtirish oson ish emas — ular bir-biri bilan muqarrar bahsga kirishadi.
Masalan, ko‘p ming sonli olomon bir joyga to‘planib, ayniqsa ular ichida hokimiyatga loyal bo‘lmagan insonlar ham bo‘lsa, shunday savolni ko‘ndalang qo‘yishi mumkin: «Fashizm ustidan g‘alaba qozonilgan urush tugaganidan 80 yil o‘tib, bugun yigitlarimiz nima uchun halok bo‘lishmoqda? NATO chegaralarimizgacha kengaymasligi uchunmi yoki Ukrainani «denatsifikatsiya» qilish uchun?»
«O‘lmas polk» qayg‘uni, shunchaki qayg‘u emas, g‘oliblik qayg‘usini, qurbonlar bekorga bo‘lmaganini ifoda etadi — amalga oshmagan «kichik g‘olibona urush»da esa uning yakuni qanday tugashi hali noaniq.
Yurishga ko‘plab rossiyaliklar Ukraina urushida o‘lgan qarindoshlarining portretlarini ko‘tarib kelishi mumkin. Bunga qarshi turib bo‘lmaydi. Endi «Faqat urush bo‘lmasa bo‘lgani», «Musaffo osmon uchun rahmat» kabi klassik shiorlar bilan plakat ko‘targan insonni tasavvur qilib ko‘ring. Bu RF qurolli kuchlarini obro‘sizlantirishmi yoki o‘lganlar ustidan kulish bo‘ladimi? Buni kim aniqlaydi?
«Maxsus harbiy amaliyot» ko‘lami oshib bormoqda, yuz minglab insonni o‘z domiga tortmoqda, Rossiyada safarbarlikning ikkinchi to‘lqini haqidagi mish-mishlar tinmayapti va ularning zamirida haqiqat bor, yaqinda esa hukumat harbiy xizmatga chaqiruv qoidalarini murosasiz qat’iylashtirish orqali jamoatchilikni hang-mang qilib qo‘ydi. Boshqacha aytganda, zamonaviy yirik mojaro asta-sekin avvalgisini tarix qa’riga siqib chiqarib, o‘zi o‘sha darajagacha o‘sib kelmoqda.
«O‘lmas polk»ni bu reallikka qanday qilib joylashtirish mumkin, 2022-2023 yilda o‘lganlar qahramonlar dahmasidan qanaqa joy oladi? Ular uchun alohida dahma qilinadimi yoki nomlari o‘sha bobolari bilan bir qatorda tilga olinadimi? Ularni sezmaslik allaqachon imkonsiz va xunuk. Ular ham go‘yoki qahramonlar, ularni ham dabdaba bilan dafn etishmoqda, lekin tantanali e’lonlarsiz. «Hech kim hech qachon unutilmaydi» shioriga ko‘ra, ularning ismlari sanoqdan o‘tkazilishi, mashhur bo‘lishi, ularning yodgorliklarining granit plitalarida tilla ranglarda yozib qo‘yish, ularga ham «umrboqiylik» rutbasi kafolatlanishi kerak. Lekin hokimiyat buni xohlamaygina tilga olayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz; odamlar o‘lishda davom etmoqda, yodgorliklar o‘rnatish fursati yetib kelganicha yo‘q, qachon va qay sharoitlarda bu fursat yetib kelishi ham noma’lum: har qanday holatdami yoki faqat g‘alaba qozonilsami.
Mavzuga oid
07:50
Anapa aholisi mazut to‘kilishi sababli Putinga murojaat bilan chiqdi
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
14:14 / 23.12.2024
Kremlda Putin va Slovakiya bosh vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
10:43 / 23.12.2024