Sudandagi vaziyat: janglar davom etmoqda, diplomatlar va chet el fuqarolari evakuatsiya qilinmoqda
Amerikalik harbiylar AQSh diplomatlari va ularning oila a’zolarini Xartumdan evakuatsiya qildi. Bu haqda Sudanning Tezkor reaksiya kuchlari (RSF) harbiylashgan guruhi ma’lum qildi.
RSF’ning tvitter sahifasida xabar qilinishicha, evakuatsiya uchun olti samolyotdan foydalanilgan. Guruhning qo‘shimcha qilishicha, qutqaruv amaliyotini muvofiqlashtirish va evakuatsiya qilinayotganlarning xavfsizligini ta’minlash uchun AQSh bilan hamkorlik qilingan.
Xartumdan qancha odam olib chiqilgani ma’lum emas. AQSh hozircha bu borada izoh bermadi.
Bu o‘tgan haftada Sudan poytaxti Xartum shahridagi vaziyat keskinlashganidan buyon chet el mamlakatlari fuqarolarining evakuatsiya qilinishi bilan bog‘liq ikkinchi holat.
Shanba kuni 150 kishi, diplomatlar va xalqaro tashkilotlar xodimlari dengiz orqali Saudiyaning Jidda portiga evakuatsiya qilingandi. Bular asosan Fors ko‘rfazi mamlakatlari, shuningdek, Misr, Pokiston va Kanada fuqarolari edi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak shanba kuni ertalab Cobra qo‘mitasining Sudandagi vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilishini o‘tkazdi.
Britaniya hukumati Xartumdagi fuqarolari va diplomatlariga yordam berish uchun bor imkoniyatlar ishga solinishini ma’lum qilgan.
Bayonotda aytilishicha, mudofaa vazirligi TIV bilan qator chora-tadbirlarni tayyorlash ustida ish olib bormoqda, ammo bu evakuatsiyani ham o‘z ichiga olishiga aniqlik kiritilmagan.
Sudandan chet el fuqarolarini evakuatsiya qilish bo‘yicha avvalgi rejalar xavfsizlik nuqtayi nazaridan amalga oshmay qolgandi.
Sudandagi Xartum xalqaro aeroporti janglar tufayli yopib qo‘yilgan, shu tufayli xorijiy davlatlar elchixonalari, jumladan AQSh va Buyuk Britaniya ham o‘z fuqarolarini uyiga qaytara olmayotgandi.
Xartumdagi janglar va evakuatsiya
Shanba kuni Sudan armiyasi bosh qo‘mondoni Abdulfattoh al-Burxon «yaqin soatlar ichida» evakuatsiya ta’minlanishi to‘g‘risida ma’lum qildi.
Sudan armiyasi bayonotida Britaniya, Amerika, Fransiya va Xitoy fuqarolari hamda diplomatlari Xartumdan harbiy-transport samolyotlari orqali evakuatsiya qilinishi aytilgan. Ammo Xartum markazida davom etayotgan shiddatli janglar sharoitida evakuatsiya qanday kechishini tasavvur qilish qiyin.
Saudiya Arabistoni ham o‘zining hamda «birodar mamlakatlar»ning fuqarolari evakuatsiyasi tashkillashtirilgani haqida xabar berdi. Al-Ekhbariyah davlat telekanaliga ko‘ra, shanba kuni Jidda portiga Sudandan Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarning o‘nlab fuqarolari olib kelingan.
Har ikki tomon - armiya va Tezkor reaksiya kuchlari Ramazon hayiti munosabati bilan o‘t ochishni uch kunga to‘xtatishini e’lon qilganiga qaramay, ikkinchi haftadirgi qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda.
Shanba kuni poytaxtda vaqti-vaqti bilan otishmalar va aviazarbalar kuzatilgan.
Sudanning sobiq tashqi ishlar vaziri, ayni vaqtda Xartumdagi panajoylardan birida qolayotgan Mariyam al-Mahdiy BBC bilan suhbatda aytishicha, o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi va’dalarga umuman rioya etilmayapti.
«Bizda 24 soatdan buyon elektr yo‘q. Olti kundan buyon suv kelmayapti», degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tibbiy brigadalar harbiylarning nishoniga aylanmoqda. «Ko‘chalarda yosh yigitlarning tanalari bo‘laklari sochilib yotibdi», deya qo‘shimcha qilgan u.
Mojaro boshlanishi
Xartumda 15 aprel kuni, ikki raqobatchi harbiy qo‘mondon - general Abdulfattoh al-Burxon va Muhammad Hamdon Dagalo o‘rtasidagi kelishmovchilik keskinlashib, ko‘cha janglari boshlanib ketdi.
Ularning ikkisi ham 2019 yili mamlakatni 30 yilga yaqin vaqt davomida boshqarib kelgan Umar al-Bashirning ag‘darilishiga olib kelgan davlat to‘ntarishidan keyin tuzilgan harbiy rahbariyatda yuqori lavozimlarni egallagan.
Ular birlashishi kutilgandi, ammo Tezkor reaksiya kuchlari bunga ko‘nmadi. Ular o‘z otryadlarini safarbar etishdi va natijada o‘tgan haftada qarama-qarshilik keng ko‘lamli harbiy harakatlarga ulanib ketdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, hozirgacha halok bo‘lganlar soni 400 nafardan oshgan. Haqiqiy raqamlar bundan bir necha barobar katta bo‘lishi ham mumkin.
Shuningdek, minglab kishilar, asosan tinch aholi vakillari tan jarohati olgan, tibbiyot markazlari esa jabrlanuvchilar oqimiga bazo‘r bardosh bermoqda. Yaradorlar tibbiy yordam olishi va shifoxonalargacha yetib borishi juda qiyin bo‘lmoqda.
Xartumdan tashqari, mamlakat g‘arbidagi Darfur viloyati ham qurolli to‘qnashuvlardan jiddiy aziyat chekmoqda, Tezkor reaksiya kuchlari dastlab shu yerda paydo bo‘lgandi.
BMT Sudandan qo‘shni Chadga asosan ayollar va bolalardan iborat 20 mingga yaqin kishi qochib o‘tgani haqida ogohlantirgan.
Mavzuga oid
09:51 / 19.12.2024
Sudan Rossiya harbiy-dengiz bazasini joylashtirishdan bosh tortdi
00:36 / 19.11.2024
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
14:30 / 04.11.2024
Sudanda vabo epidemiyasi 852 kishining hayotiga zomin bo‘ldi
20:57 / 31.10.2024