Jahon | 17:44 / 24.04.2023
14336
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston MXQ sobiq rahbari Karim Masimov 18 yilga qamaldi

Karim Masimov / Foto: Deutsche Welle

Ostona shahar jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudida Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq rahbari Karim Masimov va qator shaxslarga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha hukm e’lon qilindi. 

Zakon.kz nashri xabariga ko‘ra, Karim Masimov va boshqa shaxslarga hukm ularning ishtirokida chiqarilgan. Ish sud tomonidan «O‘ta maxfiy» maqomi ostida ko‘rib chiqildi.

Karim Masimov Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 175-moddasi 1-qismi (davlatga xiyonat) va yana ikkita modda bilan aybdor deb topilib, jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi

Xabarda ma’lumot berilishicha, uning mol-mulki musodara qilinadi, davlat xizmatida lavozimlarni egallash huquqidan umrbod mahrum etiladi.

1965 yilda tug‘ilgan general-leytenant Karim Masimov 2016 yil 8 sentabrdan Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasini boshqarib kelgan. Mutaxassisligi bo‘yicha huquqshunos bo‘lgan Masimov 2007-2012 hamda 2014-2016 yillarda Qozog‘iston bosh vaziri, 2012-2014 yillarda Qozog‘iston prezident administratsiyasi rahbari bo‘lib ishlagan.

U 2022 yil 8 yanvar kuni Qozog‘istonda yuz bergan ommaviy tartibsizliklardan so‘ng qo‘lga olingandi.

Masimov 6 yanvar kuni o‘z lavozimidan ozod etilib, uning o‘rnini sobiq Davlat qo‘riqlash xizmati rahbari Yermek Sagimbayev egallagandi. Masimovning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Nursulton Nazarboyevning jiyani bo‘lmish Samat Abish ham ishdan olingan.

2022 yil mart oyi boshlarida Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi qo‘mitaning sobiq raisi Karim Masimov ustidan tergov jarayoni bo‘yicha ayrim ma’lumotlarni e’lon qilgandi.

“Mamlakatimiz ishbilarmon doiralari va xorijiy sub’yektlardan ko‘chmas mulk, qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, madaniy boyliklarni, katta miqdordagi mablag‘larni noqonuniy ravishda olish holatlari hujjatlashtirilgan. Xususan, Masimov yopiq shartnomalardan biri bo‘yicha MXQ raisi lavozimida xorijiy davlat vakillaridan 2 million AQSh dollari miqdorida pora olgani yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu mablag‘larning Honkongdan Qozog‘iston Milliy bankiga qaytarilishi ta’minlandi”, deyilgandi qo‘mita bayonotida.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, sobiq amaldor hibsga olinganidan so‘ng 2022 yil yanvar oyida ushbu mehmon uyidan 17,2 million AQSh dollari miqdorida naqd pul, shuningdek, ko‘plab hashamatli buyumlar – qimmatbaho soatlar, tilla quymalar, noyob buyumlar va boshqa ko‘p narsalar olib qo‘yilgan.

Mavzuga oid