O‘zbekiston | 10:57 / 25.04.2023
56240
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyati SSB boshlig‘i vafot etdi

44 yoshda bo‘lgan Zafar Rasulov 2020 yildan buyon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga rahbarlik qilib kelayotgandi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash tizimida mas’ul lavozimlarda ishlagan fidoyi shifokor, tashkilotchi rahbar Zafar Rasulov 44 yoshida vafot etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Z. Rasulov 1979 yil 23 oktyabrda Navoiy viloyatida tug‘ilgan. 2003 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlab, mehnat faoliyatini Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli tibbiy sanitariya qismi terapevti sifatida boshlagan.

2012-2020 yillarda Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasida bosh shifokor o‘rinbosari, birlashma boshlig‘i, Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda ishlagan. 

2020–2023 yillarda Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i sifatida samarali mehnat qilgan.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi mehnat faoliyatini tibbiyot sohasiga baxsh etgan jonkuyar va tashkilotchi rahbar Zafar Rasulovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi», deyiladi SSV xabarida.

Bundan avvalroq Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Nurali Safoyev viloyat SSB boshlig‘i etib tayinlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid