Toshkentni sotish haqidagi e’lon muallifi maktab o‘quvchisi ekani ma’lum bo‘ldi
Toshkent shahrini 250 mlrd dollarga sotish haqida OLX'ga e’lon joylashtirgan shaxs poytaxtdagi maktablardan birining 15 yoshdagi o‘quvchisi ekani aniqlangan. U hazil sifatida, odamlarga yaxshi kayfiyat ulashish uchun shunday qilganini aytdi. IIV Kiberxavfsizlik markazi esa bolaning harakatlarini “vatanni pullash” deb baholadi.
7 aprel kuni OLX platformasiga O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri uchun 250 mlrd dollar narx belgilangan e’lon joylashtirilgan va bu muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
E’lon muallifi poytaxtga ta’rif berarkan, sifatsiz boshqaruv sababli uni sotmoqchi ekanini ta’kidlagan. U savdoga oid barcha tafsilotlar o‘zaro uchrashuvda muhokama qilinishi, o‘zi belgilagan narx – 250 mlrd dollardan biroz o‘tib berishi mumkinligini yozgan.
IIV Kiberxavfsizlik markazi e’lon muallifi aniqlanganini ma’lum qildi. Bu Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi, poytaxtdagi maktablardan birining namunali o‘quvchisi ekani oydinlashgan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda boshqa davlatda chiqqan shunga o‘xshash hazilomuz e’lonni ko‘rgandim. O‘shani O‘zbekistonga, Toshkentga moslashtirib, hazil qilib bu yerga joylaganman. Men bu e’lon tarqalib ketishi va muhokamalarga sabab bo‘lishini o‘ylaganim yo‘q. Faqat yaxshi kayfiyat ulashish uchun bu ishni qilganman. Hozir qilgan ishimdan afsusdaman”, deydi 8-sinfda tahsil oladigan o‘smir.
Yigitning ota-onasi ham, o‘qituvchilari ham uning xulq-atvoriga ijobiy tavsif berishgan. Ta’kidlanishicha, u maktabning a’lochi o‘quvchilaridan biri, jamoat ishlarida faol.
“Kompaniyamiz mutaxassislari tomonidan platformamizga qo‘yiladigan har bir e’lon tekshirilib nazoratdan o‘tkaziladi. Ushbu holatdagi e’lon ham platformada bir necha daqiqa ichida bloklangan. Shuning uchun foydalanuvchilarimizdan e’lon joylashda to‘g‘ri ma’lumotlar berishlarini, haqqoniy telefon raqamlarni qoldirishlarini so‘rab qolamiz”, degan OLX.uz bosh direktori Doniyorbek Turg‘unov.
IIV Kiberxavfsizlik markazi o‘smirning xatti-harakatini “vatanni pullash” deb atagan.
“IT texnologiyalar rivojlanmoqda. Yoshlar kompyuter va internet tarmoqlaridan foydalanish borasida ota-onalaridan o‘zib ketishdi. Biroq bu yutuqlar ezgulikka, vatanni pullash emas, uning gullab-yashnashiga hissa qo‘shishga xizmat qilsa, yaratilayotgan sharoitlarga munosib javob bergan bo‘lamiz. Farzandlaringizning tarbiyasiga e’tiborli bo‘ling. Holat yuzasidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda”, deyiladi rasmiy xabarda.
Avvalroq Samarqand viloyatida yashovchi 10-sinf o‘quvchisi “PUBG Mobile” o‘yini akkauntini toshkentlik 14 yoshli o‘quvchiga 7 ming dollarga sotishga kelishib, uning otasiga tegishli kartadagi 61 mln so‘m pulni o‘zlashtirib olgani aniqlangandi.
Mavzuga oid
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
20:44 / 06.11.2024