Jahon | 19:33 / 28.04.2023
26657
7 daqiqa o‘qiladi

«Rossiyaliklar dushmanimiz emas. Bizda hukumat bilan kelishmovchiliklar bor, lekin xalq bilan emas» - AQSh elchisi

Natalya Kolesnikova / AFP / Scanpix / LETA

Linn Treysi 2023 yil yanvaridan beri AQShning Moskvadagi elchisi. U bu lavozimda Jon Sallivan o‘rnini egalladi. Bungacha Treysi taxminan to‘rt yil davomida AQShning Armanistondagi elchisi bo‘lgan va undan avval Afg‘oniston, Qozog‘iston, Pokiston va Turkmanistonda ishlagan. Linn Treysi «Kommersant» nashriga Moskvadagi elchi sifatidagi faoliyati davomida birinchi katta intervyuni berdi.

Rossiyaliklarga munosabati haqida

Bu yerga ilk bor 20 yoshdan sal oshganimda talaba sifatida kelganman. Sovet ittifoqi davrida edi. Mana, uchinchi tashrifim davomida shuni aytishim mumkinki, Rossiyada yashovchi odamlarni avvalgidek juda hurmat qilaman. Rossiya — buyuk tarix va juda boy madaniyatga ega mamlakat.

Men xalq diplomatiyasiga ishonaman va uni qo‘llab-quvvatlayman. Biz, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Rossiya hukumati bilan kelishmovchiligi bo‘lishi mumkin, lekin Rossiya xalqi bilan emas.

Rossiya qaysi yo‘nalishda ketayotganini ko‘rish achinarli: u o‘tmishga, qatag‘on davrida qaytayotganga o‘xshaydi. 1980-yillar oxirida bu yerga kelganimda, Nikolay Buxarinning reabilitatsiyasi bilan jamiyat qanday ilhomlangani, nihoyat o‘tmish haqida ochiq-oydin gapirish mumkin bo‘lganini yaxshi eslayman. Shu sababli, norozilik va xotira ovozlari yana bo‘g‘ilayotganini ko‘rish juda achinarli va xavotirli.

Rossiyaliklar amerikaliklarning dushmani yoki yo‘qligi haqida

Hozir rusofobiya, Rossiyani yo‘q qilish, Rossiyaning kelajagiga barham berish haqida ko‘p gapirilmoqda. Bu Qo‘shma Shtatlarning maqsadi emas. Va biz, albatta, Rossiya xalqini hech qanday tarzda yo‘q qilishni xohlamaymiz. Umuman olganda, AQSh-Rossiya munosabatlariga kelsak, shuni ta’kidlashni istardimki, Qo‘shma Shtatlar rossiyaliklarni dushman deb hisoblamaydi. [Shunga qaramay] bizning munosabatlarimiz juda uzoq vaqtdan beri eng past nuqtalardan birida.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush haqida

Rossiya 2014 yilda Ukrainadagi vaziyatni noto‘g‘ri talqin qildi. Va 2022 yilda uni yana noto‘g‘ri talqin qildi va shunday qilishda davom etmoqda. 2013 yilda Ukraina Yevropa Ittifoqiga yuzlandi. Ammo keyinchalik Ukraina hukumati Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikdan voz kechdi. Bu qaror [Ukrainada] kuchli reaksiyaga sabab bo‘ldi va Rossiya 2014 yilda ekstremal beqarorlik yo‘liga o‘tdi, Qrimni noqonuniy ravishda anneksiya qilib, Donbassdagi vaziyatni beqarorlashtirdi. Shu bilan birga, Ukrainaning NATOga a’zoligi [ukrainaliklar orasida] qo‘llab-quvvatlanmagan edi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlari o‘sha paytdagi va hozir ham Rossiya strategik xavfsizligini kuchaytirganini qanday ta’kidlash mumkinligini tushunmayapman. Ular buni qanday kuchaytirdilar? Axir, Rossiya o‘z xavfsizligi haqida qayg‘urayotganini iddao qilib, aynan shu argumentni ishlatmoqda. Men xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanganini ko‘rmayapman.

Hozir ukrainaliklarning NATO a’zosi bo‘lish ishtiyoqi yanada balandroq. Va nafaqat ukrainaliklarning, balki Finlandiya va Shvetsiya ham uzoq vaqt davomida neytral bo‘lgan davlatlar. Finlandiya endigina NATO a’zosi bo‘ldi va Shvetsiya keyingisi bo‘lishini kutyapmiz. Shuning uchun, men Rossiyada bu harakatlarning barchasi xavfsizlik nuqtayi nazaridan qanday izohlanishini eshitib, savolimga javob topa olmayapman: bularning barchasi Rossiya xavfsizligini mustahkamlashga qanday yordam berdi?

Rossiya urushni boshlab, xatoga yo‘l qo‘ygani haqida

Rossiya xato qildi, u Ukrainaga kirganida mahalliy aholi qo‘shinlarni olqishlar bilan kutib olishini kutdi. Ammo bunday bo‘lmadi. Ukrainaliklar qarshilik bilan javob berishdi, biz bu qarshilikni ko‘rib turibmiz, bu tashviqot mahsuli emas. Biz ukrainaliklar o‘z vatanini himoya qilish va jang qilish irodasini namoyish qilayotganini ko‘ryapmiz.

Rossiya rasmiylarining ritorikasi haqida

Men «anglo-sakslar» atamasi qo‘llanayotganini payqadim. U menga juda g‘alati tuyuladi. O‘rta asrlarga xos ibora. Tez orada varyaglar haqida eshitsam, hayron qolmayman. Bu esa ko‘p millatli davlat bo‘lgan Qo‘shma Shtatlarning mohiyatini umuman aks ettirmaydi. Shuning uchun, Qo‘shma Shtatlarni tasvirlashda ishlatiladigan «anglo-sakslar» iborasi juda g‘alati tuyuladi.

Jurnalist Evan Gershkovichning hibsga olinishi haqida

Siyosiy sabablarga ko‘ra odamlarni o‘zboshimchalik bilan hibsga olish amaliyoti Rossiyaning dunyodagi obro‘siga yanada putur yetkazadi. Bu obro‘ allaqachon tushib ketgan, ayniqsa o‘tgan yili Ukraina bosqinidan keyin.

Evanga qo‘yilgan ayblovlar asossiz. U The Wall Street Journal gazetasida ishlaydigan mustaqil jurnalist va Rossiya Tashqi ishlar vazirligida jurnalistik akkreditatsiyaga ega. Biz Rossiyani zudlik bilan ozod qilishga chaqiramiz. Shuningdek, biz Pol Uilanni zudlik bilan ozod qilishga chaqiramiz. Pol to‘rt yildan ko‘proq vaqt davomida Rossiyada nohaq hibsda saqlanmoqda. Ularning ikkisi ham uyiga, oilasiga qaytishi kerak.

Sanksiyalar haqida

Ukrainaga qarshi urush Rossiya uchun katta xato bo‘ldi. Bu Rossiyani zaiflashtirdi va rossiyaliklarni katta narx to‘lashga majbur qildi. Bu narx vaqt o‘tgan sayin oshib boraveradi. Sanksiyalar va eksport nazorati Rossiya moliya sektoriga milliardlab dollar zarar yetkazdi va mamlakatning texnologik taraqqiyotini keskin sekinlashtirdi.

Bu hozirgi xarajatlar, ammo Rossiya kelajagiga sarmoya kiritish imkoniyatlarini boy berish natijasida uzoq muddatli xarajatlar ham mavjud. Yo‘qotilgan imkoniyatlarni qaytarish odatda qiyin, deyarli imkonsizdir. Vaqtni orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Va yana asosiy savol tug‘iladi: bularning barchasi Rossiyaning kelajagiga qanday yordam beradi? Uning rivojlanishiga-chi? Yoshlarining kelajagi, keyingi avlodiga-chi?

Mavzuga oid