Jamiyat | 15:47 / 29.04.2023
80515
9 daqiqa o‘qiladi

Tilanchining sirli o‘limi – Navoiydagi mudhish qotillik tarixi 

Karmana tumanida sodir etilgan qotillik jinoyati tafsilotini eshitgan odam borki, hayratdan yoqa ushlaydi: Navoiy shahridagi bozorlar atrofida tilanchilik qilib yuruvchi nogiron odamning jasadi tan jarohatlari bilan Zarafshon daryosidan topiladi. Tilanchining o‘limi kimga va nega kerak bo‘lib qoldi, degan savolga javob topish o‘zbek detektivlariga oson bo‘lmagan. 

Tun sukunatini buzgan arava

Karmana tumanidagi Ko‘hnaqo‘rg‘on mahallasi shimol tomondan Zarafshon daryosi sohili – to‘qayzor bilan tutash. Tunda shoqollarning uvlashi qishloqqa bemalol eshitilib turadi. 

2020 yil 13 iyul, yarim tun. Butun qishloq uyquda. Atrofdagi sukunatni bu safar shoqollar uvlashi emas, tosh yo‘ldan ketib borayotgan eshak aravaning g‘ichirlashi buzib turardi. Unga mingashib olgan ikki kimsadan biri qo‘lidagi tayoq bilan eshakni sekingina turtib, tezroq yurishga undar, ikkinchisi esa aravaga ortilgan katta qopga termulganicha jim o‘tirardi. O‘sha tunda ko‘pchilikka tanish bo‘lgan nogiron tilanchining murdasi ortilgan arava qishloqdan chiqib, Zarafshon daryosi tomon ketganini hech kim sezmadi. 

Daryoda oqib kelgan murda

2020 yil 15 iyul, tong. “Navoiy IES”ning Zarafshon daryosidagi suv to‘g‘onini qo‘riqlayotgan harbiylashgan qo‘riqlash xizmati xodimi suv yuzida to‘planib qolgan chiqindilar orasida inson jasadini ko‘rib qoladi. Bu Navoiy shahridagi markaziy bozor atrofida tilanchilik qilib yuradigan fuqaroning murdasi edi.

Voqea joyiga zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari yetib keladi. Dastlabki o‘rganishlardanoq bu qotillik ekanligi ma’lum bo‘ladi. Negaki murda tanasida jarohat izlari yaqqol ko‘rinib turardi.

Xodimlar oldida bir-biridan chigal savollar paydo bo‘lgandi: qotil kim? Tilanchini o‘ldirish kimga va nega kerak bo‘lib qoldi? Uni oxirgi marta kim, qayerda ko‘rgan? Bu savollarga aniq javob topish oson emasdi. Shuning uchun holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tezkor tergov-surishtiruv ishlari boshlab yuboriladi. 

Tilanchining “dovrug‘i”

Navoiy shahridagi markaziy dehqon bozor atrofida tilanchilar ko‘p, aksariyati yosh bolalar va ayollar. Ularning tilanish usullari ham har xil: qaysidir biri yo‘lovchilar yoniga kelib, ochiqchasiga pul so‘rasa, boshqasi karton qog‘ozga yaqin insoni og‘ir kasalligi haqida yozib, ushlab o‘tiradi.

Kunlarning birida bozorda yangi tilanchi paydo bo‘ladi. U chap qo‘li va oyog‘i yaxshi ishlamaydigan, aqli ham biroz zaif bo‘lgan erkak edi. Uning turishi va ko‘rinishi har qanday insonning rahmini keltirar, shu sababli hududda tezda “mashhur” bo‘lib, boshqa tilanchilardan ko‘ra ko‘proq pul topa boshlaydi. Odamlar gavjum joylarda yurgani uchun uni ko‘pchilik tanib qoladi.

Bu tilanchi asli Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidan bo‘lgan Vohid Do‘syarov edi. Keyinchalik u yoshligida ko‘mirdan qolgan cho‘g‘ga yiqilib tushganligi, chap qo‘li va oyog‘i shu tufayli yaxshi ishlamasligi ma’lum bo‘ladi. Qolaversa, Vohid Do‘syarov yoshligidan ko‘cha-ko‘yda yurib, odamlarning qo‘lidan ovqatlanib katta bo‘lgandi. 

“Xo‘jayin”ning “oltin balig‘i”

Vohid Do‘syarov Navoiyga qanday qilib kelib qolgandi? Gap shundaki, uni Navoiyga 2018 yilda fuqaro Farog‘at Jo‘rayeva yashash sharotini o‘zi ko‘tarish sharti bilan tilanchilik qilishda foydalanish maqsadida akasidan so‘rab olib kelgan. 

Shu tariqa, Vohid Do‘syarov Farog‘at Jo‘rayevaning nazorati ostida u tomonidan belgilab berilgan hududda tilanchilik qilishga majburlab kelingan. Tilanchi topgan pullarini muntazam ravishda “xo‘jayini”ga berib turgan. Bunday “sodiqlik” uchun Farog‘at Jo‘rayeva unga Karmana tumani Ko‘hnaqo‘rg‘on mahallasidagi uyidan yashashga joy bergan.

Vohid Do‘syarov Farog‘at Jo‘rayeva uchun go‘yoki “oltin baliqcha” edi. Shu sababli, uni ma’lum muddat Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahriga hamda Buxoro shahriga ham olib borib, tilanchilik qildiradi.

 Ammo tilanchining “xo‘jayini” unga nisbatan insonlarcha munosabatda bo‘lmasdi, qochib ketmasligi uchun doim ustidan qulflab qo‘yardi. 

Dunyodan uzilgan uy

Farog‘at Jo‘rayevaning Karmana tumani Ko‘hnaqo‘rg‘on mahallasidagi uyida qizi Zarina, jiyani Shaxobiddin hamda Vohid Do‘syarov yashab kelgan. 2020 yilning 12 iyun kunidan to 12 iyul kuniga qadar ushbu hovli tashqi dunyodan uziladi go‘yo.

Vohid Do‘syarov gaplarining orasida ketishini ayta boshlaydi. Uning ketishi Farog‘at Jo‘rayeva uchun yaxshigina “daromad”ning yo‘qotilishi edi. Yo‘q joydan kelib turgan pulni kiprik qoqmay sanab olishga o‘rgangan ayol tilanchining ketishiga yo‘l qo‘ya olmasdi. Shu sababli, jiyani va qizi bilan til biriktirib, uni hovliga kirishdagi kichik xonadan iborat, odam yashashi imkonsiz bo‘lgan omborxonaga qamab qo‘yishadi.

Vohid Do‘syarov bir oy davomida uydagi “qamoqxona”da o‘tiradi. Uni ba’zida omborxonadan hovliga ham olib chiqishar, lekin it kabi oyoqlaridan zanjir bilan daraxtga bog‘lab qo‘yishardi. Suv yoki hojatga chiqishni so‘rasa, urib, jarohat yetkazishgan, xullas, unga tutqunlikdagi qul kabi munosabatda bo‘lishgan. Ammo shuncha ish, baqir-chaqir bo‘layotgan hovliga birov bosh suqib ko‘rmagan. 

Chegarasidan chiqqan vahshiylik

Tutqunlik kunlarining birida daraxtga bog‘langan Vohid Do‘syarov suv berishni so‘rab baqiradi hamda Zarina va Shaxobiddinni haqorat qiladi. Shaxobiddin esa uning yoniga borib, temir bo‘lagi bilan uradi. Og‘riqdan ingrab yuborgan Vohid Do‘syarov yana haqoratli so‘zlar bilan “siylaydi”. Uning kun sayin ortib borayotgan botirligidan hayratlangan Zarina ham uni ura boshlaydi.

Zarina ketma-ket zarbalardan yerga qulagan Vohid Do‘syarovning bo‘ynidan oyog‘i bilan bosadi, Shaxobiddin esa qarshilik ko‘rsatmaslik uchun uning qo‘llarini ushlab turadi. Buning oqibatida Vohid Do‘syarov og‘ir tan jrohatlari olib hamda bo‘g‘ilib, voqea joyida vafot etadi.

Bo‘lar ish bo‘lgan, g‘isht qolipdan ko‘chgandi. Zarina va Shaxobiddin murdani yo‘q qilish haqida bosh qotira boshlashadi. Ularga variantlar ichidan murdani daryoga oqizib yuborish fikri durustroq tuyuladi.

Shu tariqa ikkovi tilanchining o‘ligini katta qopga solib, eshak aravaga ortishadi va yarim tunda daryo tomonga ketishadi. Ishni bitirib qaytib kelgach esa jinoyat izi “tozalanadi”: qon dog‘lari bo‘lgan kiyimlar yoqib yuboriladi, olovdan qolgan kul qoldiqlari va Vohid Do‘syarov bog‘lab qo‘yilgan zanjir ko‘mib tashlanadi.  

Jinoyat jazosiz qolmadi

Vohid Do‘syarovning murdasi suvda oqib, ikki kundan so‘ng “Navoiy IES”ning Zarafshon daryosidagi suv to‘g‘oniga borib qoladi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining tajribasi va tezkor surishtiruv-tergov ishlari natijasida mazkur jinoyat ochiladi. Guvohlarning so‘zlari, sud tibbiy ekspertizasining xulosalari va rad qilib bo‘lmas dalillar bilan qotillarning qilmishi o‘z tasdig‘ini topadi.

Sud hukmi bilan Shaxobiddin Davronovga 17 yil, Zarina Jamolovaga esa 13 yil ozodlikdan mahrum qilish, Farog‘at Jamolovaga esa 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Sud materiallari asosida Ruslan Saburov tayyorladi.

Mavzuga oid